29 Avg, 2022

JICA: O’zbekistonning investitsiyaviy jozibadorligi oshirish yulidagi hamkorlik

O’zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o’rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA)ning katta vitse-prezidenti Keyitiro Nakazava boshchiligidagi delegatsiyasini qabul qildi.

Uchrashuvning asosiy maqsadi strategik jihatdan muhim va ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalarni amalga oshirish bo’yicha ikki tomonlama hamkorlik istiqbollarini muhokama qilishdan iborat bo’ldi.

Yaponiya tomoniga so’nggi yillarda JICA O’zbekiston bilan investitsiyaviy hamkorlikni izchil rivojlantirayotgani va mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotiga qo’shgan hissasi uchun minnatdorlik bildirildi. O’zaro ishonch va mustahkam aloqalar tufayli hozirgi kunda JICA ko’magida mamlakatimizda 4,7 milliard dollarlik 13 ta loyiha amalga oshirilayotgani qayd etildi.

Suhbat davomida tomonlar O’zbekiston uchun qishloq xo’jaligi sohasidagi ustuvor tashabbuslarga alohida e’tibor qaratib, loyihalarni amalga oshirish jarayonini muhokama qildilar. Xususan, ular «Meva-sabzavotchilik tarmog’ida qo’shilgan qiymat zanjiri yaratishni rivojlantirish (2-bosqich)» (200 million dollar) kredit liniyasi birinchi bosqichi doirasida, O’zbekistonda 300 dan ortiq loyihalar hayotga tatbiq etilgani va 5 mingdan ortiq yangi ish o’rinlari yaratilganligini ta’kidladilar.

Muzokaralar yakunida «Meva-sabzavotchilik tarmog’ida qo’shilgan qiymat zanjiri yaratishni rivojlantirish (2-bosqich)» kredit liniyasining ikkinchi bosqichi doirasida qo’shimcha 200 million dollar ajratish bo’yicha Ayirboshlash notalarini va Qarz bitimini imzolash marosimi bo’lib o’tdi. Ushbu loyiha fermer xo’jaliklari va tegishli tashkilotlar, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik vakillarining moliyaviy barqarorligini oshirish maqsadida mahalliy tijorat banklariga kredit liniyasini ajratishni nazarda tutadi. Bu esa, o’z navbatida, O’zbekistonda raqobatbardosh meva-sabzavot mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini oshirishga imkon beradi.

Bizga yozing

Iltimos, ariza shaklini to’ldiring va biz tez orada siz bilan bog’lanamiz.