27 Sen, 2022

“Butunjahon turizm kuni”: munosiblarga “Turizm fidoyisi” ko‘krak nishonlari topshirildi

2022-yilning 27-sentabr kuni “Silk Road Samarkand” xalqaro sayyohlik markazidagi Kongress-xollda “Butunjahon turizm kuni”ga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda davlat tashkilotlari, diplomatik korpus, sayyohlik tashkilotlari vakillari, tadbirkorlar, san’at namoyandalari, “Ipak yo‘li” xalqaro turizm va madaniy meros universiteti talabalari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Tadbirni Bosh vazir o‘rinbosari – Turizm va madaniy meros vaziri, “Ipak yo‘li” xalqaro turizm va madaniy meros universiteti rektori Aziz Abduhakimov o‘z nutqi bilan ochib berdi va Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida O‘zbekiston Hukumati tomonidan turizm sohasini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayotganini hamda “Butunjahon turizm kuni” mamlakatimiz uchun ahamiyatli ekanini ta’kidlab o‘tdi. 

“Ishonchim komilki, ushbu tadbir turizm sohasida yangi yutuqlarni boshlanishi uchun kuchli turtki bo‘ladi,  shuningdek, O‘zbekistonning xalqaro miqyosdagi eng yaxshi va xavfsiz sayyohlik yo‘nalishlaridan biri sifatidagi nufuzini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi”, – dedi u.

Shuningdek, vazir “Ipak yo‘li” xalqaro turizm va madaniy meros universiteti haqida to‘xtaldi.

“Ayni damda xalqaro talablarga mos, zamonaviy o’quv laboratoriyalariga ega, zamonaviy sport inshootlari bilan ta’minlangan, xalqaro toifadagi professor-o’qituvchilar tomonidan mashg’ulotlar olib borilayotgan, katta kutubxona fondiga ega bo’lgan, talabalarning sifatli ta’lim olishlari uchun barcha sharoitlarni o’zida mujassam etgan “aqlli” universitet yaratildi”, – dedi vazir. 

Ta’kidlash kerakki, O’zbekiston Hukumuti tomonidan “Ipak yo’li” xalqaro turizm va madaniy meros universitetining magistratura yo’nalishida tahsil olish uchun xorijiy talabalarga har yili 85 ta kvota ajratib borilmoqda. 2022/2023-o’quv yilida ham  bir nechta xorijlik talabalar grant sohibiga aylanib, universitetda tahsil olish imkonini qo‘lga kiritishdi.

Tadbirda Aziz Abduhakimov ana shu talabalarga ham omad tiladi: 

“Fursatdan foydalanib O’zbekiston Hukumati tomonidan taqdim qilingan grant sohiblarini “Ipak yo’li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetining rektori sifatida tabriklayman! O’qishlaringizga ulkan zafarlar tilayman!”.

Qayd etish joizki, turizm sohasidagi yutuqlarni ragʻbatlantirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 10-iyuldagi 433-son qarori bilan turizm sohasi vakillarini “Turizm fidoyisi” mukofoti bilan taqdirlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlangan edi. Tadbirda an’anaviy tarzda, O‘zbekistonda turizmni rivojlantirishga o‘z hissalarini qo‘shgan san’at va madaniyat arboblari, turizm sohasi, davlat va xalqaro tashkilotlar vakillari, tadbirkorlar va ommaviy axborot vositalari xodimlaridan iborat 47 nafar laureat “Turizm fidoyisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. Ko‘krak nishonini Aziz Abduhakimov o‘z egalariga tantanali tarzda topshirdi. 

Shuni alohida ta’kidlash joizki «INVEXI» MChJ Rahbari Batirjon Utkirovich Nurullaev ham “Turizm fidoyisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.

Bizga yozing

Iltimos, ariza shaklini to’ldiring va biz tez orada siz bilan bog’lanamiz.