02 Noy, 2022

Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki O‘zbekistonning davlat qimmatli qog‘ozlariga sarmoya kiritishni boshladi

O‘zbekiston respublika valyuta birjasi (O‘zRVB) ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zRVB birlamchi savdolarida ilk bor xorijiy investor tomonidan davlat qimmatli qog‘ozlarini sotib olish bo‘yicha bitimlar tuzildi.

2022 yil 1 noyabr kuni ilk bor O‘zbekiston respublika valyuta birjasi auksion savdolarida xorijiy investor bo‘lmish Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) tomonidan “Asaka bank” AJ dilerligida davlat qimmatli qog‘ozlarini (DQQ) sotib olish bo‘yicha bitimlar tuzildi.

Bugungi kunda, DQQ bozori faol savdo fazasida bo‘lib, unda chiqarishlar hajmlari o‘sishi hamda ikkilamchi bozor faollashishi kuzatilmoqda va bu holat, o‘z navbatida, mahalliy va xorijiy investorlarda qiziqish uyg‘otib, ularning e’tiborini o‘ziga jalb etmoqda.

Ta’kidlash joizki, O‘zRVB ushbu bozorda barcha xizmatlar majmuasini, jumladan qimmatli qog‘ozlarni joylashtirish va muomalaga chiqarish bo‘yicha savdolarni tashkil etish, hisob-kitob, kliring va depozitariy xizmatlarini taqdim etadi, bozor ishtirokchilariga REPO operatsiyalari ko‘rinishidagi qo‘shimcha savdo strategiyalarini ham yaratadi.

2021 yil yakunlariga ko‘ra DQQ bozoridagi savdolar umumiy hajmi 30,85 trln.so‘mni, 2022 yilning 9 oyi yakunlari bo‘yicha esa 67,10 trln. so‘mni tashkil etdi.

Bundan avval, O‘zRVB savdo platformasida ilk bor inflyatsiya darajasiga bog‘langan DQQ joylashtirilganligi to‘g‘risida xabar berilgan edi.

 

O‘zRVB –  O‘zbekiston Respublikasining eng yirik va ko‘p funksiyali birja platformasi,  savdo maydonlari, hisob-kitob va kliring tizimi hamda depozitariyni o‘z ichiga olgan noyob integratsiyalashgan tizim bo‘lib, valyuta, pul va muddatli bozorlarda, shuningdek, davlat qimmatli qog‘ozlari bozorida birja savdolari tashkilotchisi hisoblanadi.

Bizga yozing

Iltimos, ariza shaklini to’ldiring va biz tez orada siz bilan bog’lanamiz.