22 Fev, 2023

O‘zbekiston Respublikasining tashqi savdo aylanmasi 2023-yil yanvar oyida 5 milliard AQSH dollarini tashkil etdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika Agentligining dastlabki ma’lumotlariga ko’ra 2023-yil yanvar oyida O‘zbekiston Respublikasining tashqi savdo aylanmasi 5,0 milliard AQSH dollarini tashkil etdi va o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1,5 milliard AQSh dollariga yoki 42,0 foizga o‘sdi.

Tashqi savdo aylanmasida eksport hajmi 2 082,8 mln. AQSH dollariga (45,1% ga ko‘paydi) va import hajmi 2 959,7 mln. AQSH dollariga (39,8% ga ko‘paydi) yetdi. Hisobot davrida -876,9 mln. AQSH dollari qiymatida manfiy tashqi savdo balansi qayd etildi.

Oʻzbekiston Respublikasi jahonning 134 mamlakati bilan savdo aloqalarini amalga oshirib kelmoqda. TSAning nisbatan salmoqli hissasi Rossiyada (13,7%), XXRda (10,8%), Germaniyada (9,8%), Qozogʻistonda (6,6%), Turkiyada (5,2%), Koreya Respublikasida (2,8%) va Litvada (2,2%) qayd etilgan.

Shuningdek, qo‘shni davlatlar bilan o‘zaro aloqalarni mustahkamlash, mamlakatlarni iqtisodiy-ijtimoiy, savdo-sanoat hamda madaniy sohalardagi aloqalarini rivojlantirish borasida katta ishlar amalga oshirilayotganini ko‘rish mumkin.

Xususan, Tojikiston, Turkmaniston, Qirg‘iz Respublikasi va Qozog‘iston kabi qo‘shni davlatlar bilan TSAda so‘nggi yillarda katta o‘zgarishlar kuzatilyapti. Misol uchun, so‘nggi uch yilda TSA Tojikiston va Qozog‘iston bilan 1,2 barobarga oshdi.

Tashqi iqtisodiy faoliyat bo‘yicha 20 ta yirik hamkor-davlatlar orasidan uchta davlatda ijobiy tashqi savdo balansi kuzatilgan. Xususan, Afg‘oniston, Qirg‘iz Respublikasi va Tojikiston davlatlari shular jumlasidandir. Qolgan 17 ta davlatlar bilan manfiy tashqi savdo balansi saqlanib qolmoqda.

2023- yil yanvar oyida tashqi savdo aylanmasida MDH davlatlarining ulushi 27,0% ni tashkil etib, tashqi savdo aylanmasidagi ulushi 2022- yilning mos davriga nisbatan 5,9% ga ko‘payib, so‘ngi uch yilda eng past ko‘rsatkichni qayd etdi.

Oʻzbekistonning boshqa xorijiy davlatlar bilan TSA 2023- yilning yanvar oyida 2022-yilning mos davriga nisbatan 5,9% ga ko‘paydi va jami TSAdagi ulushi 73,0% ni tashkil etdi.

Oʻzbekiston Respublikasining MDH mamlakatlari bilan tashqi savdo aylanmasi 2023- yil yanvar holatiga koʻra, 1 361,7 mln. AQSH dollarini tashkil etdi. Shundan eksport 479,8 mln. AQSH dollariga yetgan boʻlsa, import 881,8 mln. AQSH dollari qiymatida qayd etildi.

Oʻzbekiston Respublikasining MDH mamlakatlari bilan tashqi savdo aylanmasining eng yuqori hajmlari Rossiya (50,6%), Qozogʻiston (24,5%) hamda Qirgʻiz Respublikasi (4,5%) davlatlari bilan qayd etildi.

Xalqaro iqtisodiy aloqalarning rivojlanishi eksportning barqaror o‘sishiga ko‘maklashadi va bu o‘z navbatida maʼlum natijalarga erishish uchun zamin yaratadi. Mamlakatning eksport salohiyatini oshirish, eksportyorlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, eksportbop mahsulotlar nomenklaturasini kengaytirish maqsadida amalga oshirilgan islohotlar natijasida eksportyorlar soni 2 359 taga yetdi va ular tomonidan 900,8 mln. AQSH dollari (nomonetar oltindan tashqari) qiymatidagi (2022- yilning mos davriga nisbatan 6,2% ga ko‘paydi) tovar va xizmatlar eksport qilinishi taʼminlandi.

Eksport tarkibida tovarlar ulushi 86,9% ni tashkil etib, ular sanoat tovarlari (13,1%), oziq-ovqat mahsulotlari va tirik hayvonlar (5,4%) va turli xil tayyor buyumlar (3,7%) hissasiga toʻgʻri kelmoqda.

2023- yilning yanvar oyida MDH mamlakatlariga 479,8 mln. AQSH dollari qiymatidagi tovar va xizmatlar eksport qilinib, jami eksportning 23,0% ini tashkil etdi.

2023- yil yanvar oyida tashqi savdo aylanmasida tovarlar va xizmatlar eksporti bo‘yicha asosiy hamkorlarimiz Rossiya, XXR, Qozog‘iston, Turkiya, Qirg‘iz Respublikasi, Afg‘oniston va Tojikiston kabi davlatlar bo‘lgan. Ularning umumiy Eksportdagi ulushi 28,6% ni tashkil etdi.

2023- yilning yanvar oyida import hajmi 2 959,7 mln. AQSH dollarini va 2022- yilning mos davriga nisbatan 139,8% ni tashkil etdi. Import tarkibida eng katta ulush, mashinalar va transport asbob-uskunalari (45,6%), sanoat tovarlari (13,4%) hamda kimyoviy vositalar va shunga oʻxshash mahsulotlar (12,1%) hisobiga toʻgʻri keldi.

Tovarlar importi dinamikasi tahliliga koʻra, 2023- yilning yanvar oyida import qilingan tovarlar hajmi, oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 840,5 mln. AQSH dollariga koʻpaydi va 2 810,1 mln. AQSH dollarini tashkil etdi. Xizmatlar importi esa 149,6 mln. AQSH dollariga yetdi.

2023- yil yanvar natijalariga koʻra MDH mamlakatlaridan import ulushi 29,8% ni tashkil etib, 2022- yilning mos davriga nisbatan 6,4% ga kamaydi.

2023- yil yanvar oyida O‘zbekiston Respublikasi 121 ta davlatdan tovar va xizmatlar importini amalga oshirdi. Yetti yirik hamkor davlatlar (Germaniya, Rossiya, XXR, Qozogʻiston, Turkiya, Koreya Respublikasi va Litva) jami importning 2/3 qismini tashkil etdi.

Bizga yozing

Iltimos, ariza shaklini to’ldiring va biz tez orada siz bilan bog’lanamiz.