06 Okt, 2023

O‘zbekiston Respublikasi ilk marta milliy valyutada “yashil” maqomiga ega suveren xalqaro obligatsiyalarni joylashtirdi

O‘zbekiston Respublikasi ilk bor 4,25 trln so‘m miqdoridagi yashil suveren xalqaro obligatsiyalar hamda 660 mln. AQSh dollari miqdoridagi xalqaro obligatsiyalarni London fond birjasida joylashtirdi.

Ma’lumot uchun: joriy yilning 2-4 oktyabr kunlari Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Markaziy bank vakillaridan iborat O‘zbekiston Respublikasining delegatsiyasi Nyu-York, Boston va London shaharlarida 50 dan ortiq investorlar bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.

Uchrashuvlarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti rahbarligida amalga oshirilayotgan islohotlar, jumladan, yashil iqtisodiyotga o‘tish, tabiiy gaz va elektr energiyasi narxlari bozorini liberallashtirish, davlat korxonalarini xususiylashtirish hamda Xalqaro savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish orqali savdoni erkinlashtirish siyosati hamda “O‘zbekiston-2030” strategiyasida belgilangan maqsadlar va chora-tadbirlar investorlar tomonidan yuqori baholandi.

Shuni ta’kidlash joizki, so‘mda chiqarilgan suveren xalqaro obligatsiyalar MDH davlatlari ichida ilk “yashil” suveren obligatsiyalar hisoblanadi.

Ma’lumot uchun: yashil obligatsiyalar bo‘yicha kelib tushadigan mablag‘lar suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish, temir yo‘l transporti va metro transportini rivojlantirish, sanitar tozalash ishlarini tashkil etish va aholi punktlarida tozalikni ta’minlash, shamol eroziyasiga va suv xo‘jaligi obyektlarining qum bosishiga qarshi ihota daraxtzorlari barpo etish kabi yashil loyihalarni moliyalashtirish uchun yo‘naltiriladi.

Bunda loyihalarni tanlab olish jarayoniga Birlashgan millatlar tashkilotining rivojlanish dasturi (UNDP) jalb qilingan. Yashil obligatsiyalar dasturi bo‘yicha “Sustainalytics” tomonidan ikkinchi taraf ijobiy xulosasi olingan.

O‘zbekiston Respublikasining milliy valyutadagi “yashil” obligatsiyalariga bo‘lgan yuqori talabni inobatga olib, 3 yillik so‘mdagi xalqaro obligatsiyalarning foiz stavkalarini (kupon to‘lovi) kutilgan 18 foizdan 16,25 foizga tushirishga muvaffaq bo‘lindi. Mazkur tranzaksiya bilan so‘ndirish muddati joriy yilning 23 noyabr kuni bo‘lgan 1,9 trln. so‘m miqdoridagi xalqaro obligatsiyalar muddatidan oldin so‘ndirildi.

Ma’lumot uchun: ichki moliya bozorlarida so‘nggi o‘tkazilgan auksionda (26 sentyabr) 2 yillik davlat qimmatli qog‘ozlari bo‘yicha foiz stavkalari 17,57 foizni tashkil qilgan.

Ikkilamchi bozor kotirovkalari hamda investorlar takliflaridan kelib chiqib, AQSH dollaridagi O‘zbekiston Respublikasining 5 yillik suveren xalqaro obligatsiyalari uchun dastlabki foiz stavkasi 8,50 – 8,625 foiz oralig‘ida e’lon qilindi.

Ikkilamchi bozorda O‘zbekiston Respublikasining 2029 yilda so‘ndiriladigan xalqaro obligatsiyalari foiz stavkasi 8,1 foizga yetgan. Xususan, so‘nggi bir haftada (27 sentyabr – 7,67 foiz) foiz stavkalari 0,43 foizga oshgan.

Buyurtmalar kitobi 1,7 mlrd. dollarga yetganda, foiz stavkalarni 8,25-8,375 foizga tushirishga erishildi.

Yakuniy talab 2 mlrd. dollarga yetgach, 660 mln. dollar miqdoridagi obligatsiyalar 8,125 foiz stavkada hamda 7,85 foiz kuponda chiqarildi. Mazkur kupon stavkasi moliyaviy maslahatchilar tomonidan tavsiya etilib, xalqaro obligatsiyalarni investorlarga 98,888% narxda sotilishini anglatadi (ya’ni mazkur tranzaksiyadan 652,6 mln. dollar mablag‘ kelib tushadi).

Bugungi kunda jahon moliya bozorlarida foiz stavkalarining oshishi kuzatilmoqda. Xususan, 5 yillik AQSH G‘aznachilik obligatsiyalari foiz stavkalari 2021 yil iyul (so‘nggi marta suveren obligatsiyalar chiqarilgan davr) oyiga nisbatan qariyb 4 foizga oshib,  2021 yil iyul oyidagi 0,8 foizdan 4,7 foizga yetdi.

Jahon moliya bozorlaridan foiz stavkalarining oshishi, mos ravishda, xalqaro moliya institutlarining imtiyozli foiz stavkalarining ham keskin oshishiga sabab bo‘lmoqda.

Xalqaro kredit bozorlarida ishlatiladigan SOFR (oldin LIBOR) stavkasi 2021 yil iyul oyidan beri 0,17 foizdan qariyb  5,3 foizga oshib, bugungi kunda 5,5 foizga yetdi.

Shuning uchun, xalqaro moliya institutlari tomonidan jalb qilinayotgan imtiyozli kreditlar bo‘yicha foiz stavkalar ham ikki yil ichida 1-2 foizdan bugungi kunga kelib 6,3-7,0 foizga yetdi.

Joriy bozor sharoitlari sababli boshqa mamlakatlar ham oldingiga nisbatan yuqori foiz stavkalarida davlat qarzini jalb qilmoqda. Misol uchun:

Turkiya joriy yil yanvar oyida 2,75 mlrd dollarga teng 10 yillik suveren xalqaro obligatsiyalarini 9,75 foizdan;

Vengriya joriy yilning yanvar oyida 1,25 mlrd dollarga teng  30 yillik obligatsiyalarni 7,1 foizdan;

Ruminiya joriy yil yanvar oyida 1,25 mlrd dollarga teng  30 yillik obligatsiyalarni 7,67 foizdan;

Mo‘g‘uliston joriy yilning yanvar oyida 445 mln dollarga teng  5 yillik xalqaro obligatsiyalarni 8,65 foizdan;

Misr joriy yilning fevral oyida 1,5 mlrd dollarga teng 3 yillik suveren xalqaro obligatsiyalarni 11 foizdan;

Bahrayn joriy yilning aprel oyida 1 mlrd dollarga teng  12 yillik 7,75 foizdan joylashtirgan.

Yashil obligatsiyalarni joylashtirishdan kelib tushgan mablag‘larning sarflanishi yuzasidan hisobot xalqaro standartlarga muvofiq shakllantiriladi va e’lon qilib boriladi.

 

Manba: EconomyMoliyaPress 

Bizga yozing

Iltimos, ariza shaklini to’ldiring va biz tez orada siz bilan bog’lanamiz.