04 May, 2024

Toshkent xalqaro investitsiya forumining ikkinchi kuni yakunlari

Toshkent xalqaro investitsiya forumining ikkinchi kunida ham muhim muhim kelishuvlar imzolandi.

III Toshkent xalqaro investitsiya forumining ikkinchi kuni ham ishtirokchilarning diqqat markazida bo‘ldi. ACWA Power, Data Volt Information Technology Company, MUFG banki, Masdar, Al Bawani Capital Company va SWS kabi bir qancha xorijiy kompaniyalar bilan 10 dan ortiq investitsiya shartnomalari imzolandi.

Kelishuvga erishilgan asosiy bitimlardan biri Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda Energetika vazirligi va Data Volt Information Technology Company o‘rtasida yashil texnologiyalarga asoslangan ma’lumotlar markazini qurish bo‘ldi. Forum davomida ham O‘zbekiston uchun bunday markazlarning kerakligi bir qancha soha mutaxassislari tomonidan ta’kidlandi. Bitimni imzolash marosimida Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov va Data Volt kompaniyasi direktori Rajit Nanda qatnashdi.

Yana bir muhim kelishuv Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi va Al Bawani Capital Company o‘rtasida amalga oshirildi. Loyiha “Sirdaryo-Baxt” aylanma yo‘lini qurish va Toshkentdan Samarqandga olib boradigan yo‘lni rekonstruksiya qilishga mo‘ljallangan.

Yangi Toshkent shahrida Issiqlik tizimi qurilish va boshqarish loyihasining anglashuv memorandumini Yangi Toshkent shahrini barpo etish direksiyasining direktori o‘rinbosari Bahrom Rizayev va Saudiya Arabistonining Saudiya Tabrid kompaniyasidan Suleyman Axliliy imzolashdi.

127 km uzunlikdagi 500 kilovoltli “Sarimoy-Jonkeldi” yuqori kuchlanishli elektr uzatish tarmog‘ini qurish loyihasiga oid shartnoma “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ boshqaruv raisi o‘rinbosari Yunus Qurbonov va Turkiya davlatining Sara Energy Insaat Ticaret ve Sanayi and sara technology kompaniyasidan Omir Ajibash tomonidan imzolandi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasida quvvati 1000 megavatt bo‘lgan shamol elektr stansiyasini qurish uchun elektr energiyasini sotib olish bitimi “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ boshlig‘i o‘rinbosari Sobirjon Artikov va BAA AMEA Power kompaniyasining rivojlantirish bo‘yicha bosh direktori Basma Bentaher o‘rtasida tuzildi.

Angren issiqlik elektr stansiyasini rekonustrutsiya qilish va regeneratsiya texnologiyalarini joriy qilish bo‘yicha memorandum “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ boshqaruv raisi Bahodir Jo‘rayev va Sinan Akgul o‘rtasida imzolandi.

Bundan tashqari O‘zbekistonda sanoat, energetika, farmasevtika, avtomobilsozlik va boshqa sohalarni rivojlantirishga o‘z hissasini qo‘shishi kutilgan yana bir qancha shartmolar imzolandi.

Mahalliy va xorijiy hamkorlar imzolangan shartnomalar kelgusida sarmoyaviy aloqalarni rivojlantirishga xizmat qilishini bir ovozdan qayd etdi. Mutaxassislar bunday kelishuvlar nafaqat ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, balki xalqaro miqyosda ham yangi imkoniyatlar yaratishini ta’kidladi.

 

Manba: O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi 

Bizga yozing

Iltimos, ariza shaklini to’ldiring va biz tez orada siz bilan bog’lanamiz.