O’zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika Agentligi ma’lumotlariga ko’ra 2024 yilning 1-yarim yilligida O’zbekiston Respublikasining tashqi savdo aylanmasi 31.828,2 million AQSh dollarini tashkil etdi va 2023 yilning shu davriga nisbatan 2.486,7 million AQSh dollariga yoki 8,5 foizga oshdi.
O’zbekistonning umumiy tashqi savdo aylanmasi hajmidan Eksport 12.992,7 million AQSh dollarini (2023 yil 1-yarim yilligiga nisbatan 5,5 foizga oshgan), Import esa 18.835,5 million AQSh dollarini tashkil etdi (10,6 foizga oshgan). Shunday qilib, O’zbekiston tashqi savdo aylanmasi tarkibida eksport 40,8 foizni, import esa 59,2 foizni tashkil etdi. Natijada, O’zbekistonning tashqi savdo aylanmasi saldosi -5.842,9 million AQSh dollarini tashkil etdi.
Bugungi kunda O’zbekiston Respublikasi dunyodagi 186 davlat bilan savdo aloqalarini amalga oshirmoqda. Eng katta tashqi savdo aylanmasi Xitoy (18,5%), Rossiya (18,1%), Qozog’iston (6,0%), Turkiya (4,5%) va Janubiy Koreya (3,4%) bilan qayd etilgan.
O’zbekiston Respublikasining 2024 yil 1-yarim yilligida tashqi savdo aylanmasi ko’rsatkichlari quyidagi infografikada keltirilgan: