TOSHKENT, 2024-yil 1-oktabr – Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo bo’yicha mintaqaviy vitse-Prezidenti Antonella Bassani 2024-yilning 26-30-sentabr kunlari Samarqand va Toshkent shaharlariga tashrif buyurdi.
Toshkentda O’zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va hukumatning boshqa yuqori lavozimli shaxslar bilan uchrashdi.
Samarqandda Bassani xonim Osiyo infratuzilma investitsiyalari bankining (AIIB) yillik yig‘ilishlarida ishtirok etdi va hamkor ko’p tomonlama rivojlanish banklari (MDBs) bilan ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan muzokaralar o’tkazdi.
Toshkentda Bassani xonim Prezident Mirziyoyev bilan samarali uchrashuv o’tkazdi. U hukumatning fuqarolarning o’sishi va farovonligini oshirishga hissa qo’shadigan tarkibiy islohotlarni amalga oshirishdagi yutuqlarini olqishladi.
Bassani xonim Jahon bankining O’zbekistonda islohotlar kun tartibini amalga oshirishni qo’llab-quvvatlashni davom ettirish majburiyatini yana bir bor ta’kidladi.
Uchrashuv davomida tomonlar Jahon banki guruhi va O’zbekiston o’rtasidagi hamkorlikni kengaytirish, jumladan, mamlakatning qashshoqlikka qarshi kurashish, iqtisodiy o’sish va ish o’rinlarini rag’batlantirish, shahar, qishloq, energetika va irrigatsiya infratuzilmasini rivojlantirish, energetika, suv va transport sohasidagi mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish, Markaziy Osiyoda ulanish borasidagi sa’y-harakatlarini yanada qo’llab-quvvatlash imkoniyatlarini muhokama qildilar.
Bassani xonim, shuningdek, Bosh vazir o’rinbosari va Iqtisodiyot va Moliya vaziri Jamshid Qo’chqorov bilan uchrashib, Jahon banki tomonidan amalga oshirilayotgan va rejalashtirilayotgan loyihalar, iqtisodiy islohotlarni qo’llab-quvvatlash, jumladan, iqtisodiy samaradorlikni oshirish, davlat korxonalarini o’zgartirish va O’zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga (JST) a’zo bo’lishini qo’llab-quvvatlash masalalarini muhokama qildi.
Muzokaralar chog’ida tomonlar ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini ijtimoiy muhofaza qilish innovatsion tizimini joriy etishni moliyalashtirish bo’yicha shartnoma imzoladilar.
Jahon banki rasmiylarga O’zbekistondagi ijtimoiy himoyaga muhtoj guruhlar uchun ijtimoiy xizmatlardan foydalanish va sifatini yaxshilashga yordam berish uchun 100 million dollar mablag ‘ ajratadi.
Samarqand shahrida Bassani xonim 2024-yil 24-27-sentabr kunlari O’zbekistonga tashrif buyurgan Jahon banki guruhining boshqaruvchi direktori va Bosh ma’muriy xodimi Ventsay Chjanga AIIB yillik yig’ilishlarida ishtirok etish uchun qo’shildi. Janob Chjan va Bassani xonim AIIB va Osiyo taraqqiyot bankining (OTB) yuqori lavozimli mulozimlari bilan, shu jumladan AIIB Prezidenti Jin Liqun va OTB vitse-Prezidenti Yingming Yang bilan muzokaralar o’tkazdilar. Ular O’zbekiston va Markaziy Osiyo va undan tashqaridagi boshqa mamlakatlarning rivojlanish ehtiyojlarini qondirish uchun Jahon bankining ushbu MDBlar bilan hamkorligini kengaytirishga alohida e’tibor qaratdilar.
Janob Chjan va Bassani xonim, shuningdek, Bosh vazir o’rinbosari Jamshid Xodjaev va investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o’tkazdilar.
Jahon bankining O’zbekistonga turli sohalardagi loyihalarni amalga oshirishda moliyaviy ko’magi, shuningdek, O’zbekistonning JSTga a’zo bo’lishini jadallashtirish bo’yicha bankning texnik ko’magi ko’rib chiqildi.
AIIB yillik yig‘ilishlari doirasida Bassani xonim rivojlanayotgan mamlakatlarda iqlim o‘zgarishini moliyalashtirish bo‘yicha panel muhokamasida ishtirok etdi va u Jahon bankining o‘z mijozlariga past uglerodli iqtisodiyotni qurish va iqlim o‘zgarishiga yaxshiroq moslashishga yordam berish borasidagi sa’y-harakatlari haqida gapirdi.
Jahon bankining O’zbekistondagi faoliyati haqida ma’lumot oling.