O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yil dekabr oyida umumiy iste’mol narxlari indeksi (INI) 101,04%ni tashkil etdi. Yillik ko‘rsatkichda (2023-yil dekabriga nisbatan) ushbu raqam 109,8% darajasida qayd etildi.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, 2024-yil yanvar-dekabr oylari uchun INI o‘rtacha oylik o‘sishi 0,8%ni tashkil etdi.
2024-yil dekabr oyida tovarlar bo‘yicha INI bir oy ichida 101,2%ni tashkil etdi (bir oy oldin bu raqam 101,0% edi). Ushbu ko‘rsatkich 2023-yil dekabr oyidagi darajaga mos keladi va 2020-2022-yillar dekabridagi ko‘rsatkichlardan past.
Xizmatlar bo‘yicha 2024-yil dekabr oyidagi qisqa muddatli INI 100,7%ni tashkil etdi, bu esa 2023-yilgi ko‘rsatkichdan 0,8 punktga past.
2024-yil dekabr oyi uchun yillik INI tovarlar bo‘yicha 104,7%, xizmatlar bo‘yicha esa 126,7% darajasida qayd etildi.
Ma’lumot uchun:
INI iste’mol sektoridagi inflyatsiyaning muhim ko‘rsatkichi bo‘lib, mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy holatini baholashning asosiy elementlaridan biridir.
INI 420 ta tovar va 90 ta xizmatni o‘z ichiga olgan sobit to‘plamning narxi o‘zgarishini aks ettiradi. Har oyda 10 mingdan ortiq savdo shoxobchalari va pullik xizmat ko‘rsatish ob’yektlari o‘rganiladi, 120 mingdan ziyod narx kotirovkalari qayd etiladi.