21 Fev, 2025

O‘zbekiston $1,5 milliardlik uchta suveren evroobligatsiya chiqaradi — Fitch

O‘zbekiston $1,5 milliardlik uchta suveren evroobligatsiya chiqaradi, deb xabar beradi Fitch Ratings saytidagi ma’lumotlarga ko‘ra. Evroobligatsiyalar uch xil valyutada teng taqsimlangan.

Obligatsiyalar uch valyutada teng taqsimlangan: $500 million (muddati 7 yil), €500 million (4 yil), va 6 trillion so‘m (3 yil).

Qarz qog‘ozlarining bir qismi ($500 million) AQSh dollarida chiqarilib, 7 yilga — 2032-yil 25-maygacha amal qiladi. Davlat qimmatli qog‘ozlarining taklif etilayotgan daromadliligi 6,947% ni tashkil qiladi. Boshqa bir qismi (€500 million) yevroda chiqarilib, 4 yilga — 2029-yil 25-fevralgacha amal qiladi va daromadlilik 5,1% bo‘ladi.

Bundan tashqari, 6 trillion so‘mlik evroobligatsiyalarni chiqarish rejalashtirilgan bo‘lib, 3 yilga — 2028-yil 25-fevralgacha amal qiladi. Milliy valyutada chiqariladigan davlat obligatsiyalarining taklif etilayotgan daromadliligi 15,5% ni tashkil qiladi.

Fevral oyi o‘rtalarida Iqtisodiyot va moliya vazirligi Davlat qarzi departamenti direktori o‘rinbosari Behruz Karimov, O‘zbekiston 2025-yilda suveren evroobligatsiyalar chiqarish imkoniyatlarini ko‘rib chiqayotganini ma’lum qildi. Biroq, emissiya hajmi va muddati hali noma’lum bo‘lib, xalqaro bozor sharoitiga qarab belgilanadi.

Evroobligatsiyalar bozori

Avesta Investment Group ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yilda O‘zbekiston rekordsmen miqdorda — $4 milliardlik evroobligatsiya chiqargan. Ushbu mablag‘ning $1,5 milliard qismi hukumatga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, qolgan $2,6 milliard NKMK va banklar: «O‘zpromstroybank», «Agrobank», «NBU» va «Ipoteka-bank» o‘rtasida taqsimlangan.

Yanvar oyidagi yig‘ilishda, prezident Olmaliq kon-metallurgiya kombinati (OKMK) birinchi bor $1 milliardlik evroobligatsiya chiqarishi kerakligini, NKMK esa qo‘shimcha $500 millionlik emissiya rejalashtirayotganini ta’kidladi. «Navoiyuran» va «O‘zmetkombinat» ham evroobligatsiyalar hisobidan har biri $300 million jalb qilishi lozim.

Bundan tashqari, Uzbekistan Airways, Uzbekistan Airports va Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi xalqaro kredit reytinglarini olishlari kutilmoqda.

Yaqinda o‘tkazilgan matbuot anjumanida Uzbekistan Airways raisi Shuxrat Xudayqulov aviakompaniyaga $100 million jalb qilish bo‘yicha topshiriq berilganini ma’lum qildi. U Deutsche Bank bilan qarz mablag‘larini jalb qilish bo‘yicha kelishuv «yaqin oylarda» imzolanishiga ishonch bildirdi.

Manba: Spot.uz 

Bizga yozing

Iltimos, ariza shaklini to’ldiring va biz tez orada siz bilan bog’lanamiz.