25 Avg, 2025

O‘zbekistonda zamonaviy axborot texnologiyalari yordamida investitsiya faoliyati tartibga solinadi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 2025 yil 21 avgustda PQ-255 sonli “Zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalangan holda amalga oshiriladigan investitsiya faoliyatini tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarorni imzoladi. Hujjat investitsiya faoliyatini amalga oshirishning huquqiy asoslarini shakllantirish, sohada samarali nazorat mexanizmlarini yaratish, investorlar huquqlari himoyasini ta’minlash hamda biznesni moliyalashtirishda qo‘shimcha imkoniyatlar yaratishga qaratilgan.

Asosiy maqsad va vazifalar

Qarorning asosiy maqsadi aholidan investitsiya loyihalariga mablag‘larni jalb qilish bo‘yicha ommalashib borayotgan amaliyotni huquqiy jihatdan tartibga solishdan iborat. Fuqarolar huquq va manfaatlari ishonchli himoya qilinishini ta’minlash, shuningdek, investitsiya faoliyatini zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalangan holda amalga oshirishning shaffof va ishonchli mexanizmlarini joriy etish asosiy vazifalar sifatida belgilangan.

Maxsus huquqiy rejim — “Tartibga solish qumdoni”

2025-yil 1-oktabrdan 2026-yil 1-oktabrga qadar “Tartibga solish qumdoni” maxsus huquqiy rejimi joriy etiladi. Ushbu rejim doirasida investitsiya platformalaridan quyidagi yo‘nalishlarda foydalanishga ruxsat beriladi:

  • qimmatli qog‘ozlarni joylashtirish va sotib olishda;

  • venchur va pay fondlarini moliyalashtirishda;

  • kommandit shirkatlarga hissa kiritishda.

Investitsiya platformalarining ishlash mexanizmi

Maxsus huquqiy rejim doirasida quyidagi tartib o‘rnatiladi:

  • Investitsiya jalb etuvchilar uchun: Yuridik shaxs bo‘lgan tadbirkorlik subyektlari investitsiya talab etadigan loyihalarini hamda ulushga ega bo‘lish orqali tadbirkorlik faoliyatida ishtirok etishga oid takliflarini investitsiya platformalarida joylashtirishga haqli.

  • Investorlar uchun: Investorlar platformalarda e’lon qilingan loyihalarni tanlash va ularga mablag‘ kiritish orqali investitsiya faoliyatini amalga oshirish hamda foyda olish huquqiga ega bo‘ladi.

  • Loyihalarni boshqarish: Investitsiya platformalari orqali amalga oshiriladigan loyihalar investitsiya va boshqaruv kompaniyalari orqali ham boshqarilishi mumkin.

Platforma orqali kiritilgan investitsiyalar raqamli elektron guvohnomalar bilan tasdiqlanadi va investitsiyalarni jalb etuvchi shaxs nomidan taqdim etiladi.

Operatorlar va investitsiya jalb etuvchilarga qo‘yiladigan talablar

Investitsiya platformasi operatori uchun quyidagi talablar belgilangan:

  • rezident yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lishi;

  • vakolatli davlat organi tomonidan yuritiladigan maxsus elektron reestrga kiritilgan bo‘lishi;

  • o‘z faoliyatini vakolatli davlat organi tomonidan belgilanadigan qoidalarga muvofiq amalga oshirishi;

  • investitsiya platformasi orqali rasmiylashtirilgan shartnomalar reestrini yuritishi.

Investitsiya jalb etuvchi shaxslar o‘z loyiha yoki takliflari bilan birga quyidagilarni platformaga joylashtirishi shart:

  • to‘lovga qobiliyatsizlik alomatlari mavjud emasligi hamda o‘tgan moliya yili davomida soliq va buxgalteriya qonunchiligiga rioya etilgani to‘g‘risidagi auditorlik tashkilotining xulosasi;

  • investitsiya loyihasini amalga oshirish, uni boshqarishda ishtirok etish hamda investitsiyani qaytarib olish tartibi, kiritilgan investitsiya qayerga yo‘naltirilishi, investorning huquq va majburiyatlari hamda xavf-xatarlar yuzasidan axborot.

Investorlarni himoya qilish va huquqiy kafolatlar

Qaror bilan investorlar huquqlarini himoya qilish uchun qator choralar ko‘zda tutilgan:

  • Mablag‘lar himoyasi: Investorlar tomonidan kiritilgan mablag‘lar garov obyekti hisoblanmaydi, boshqa maqsadlarda foydalanilmaydi va platforma operatorlari yoki uchinchi shaxslar tomonidan (sud qarori asosidagi holatlar bundan mustasno) undirilmaydi.

  • Mas’uliyat: Kiritilgan investitsiyalarning qaytarilishi va rentabelligi uchun to‘liq javobgarlik investitsiyalarni jalb etuvchi shaxs zimmasiga yuklanadi.

  • Barcha uchun ochiqlik: Jismoniy va yuridik shaxslarga, shu jumladan, norezidentlarga investitsiya platformalari orqali investitsiya kiritishga ruxsat beriladi.

  • Hududiy cheklov: Jalb etiladigan mablag‘lar faqat O‘zbekiston Respublikasi hududida amalga oshiriladigan investitsiya loyihalariga yo‘naltiriladi.

  • Investorlarning huquqiy maqomi: Ulush yoki hissaga ega bo‘lgan investorlar “Aktsiyadorlik jamiyatlari va aktsiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi, “Xo‘jalik shirkatlari to‘g‘risida”gi qonunlarda belgilangan huquq va majburiyatlarga ega bo‘ladilar.

  • “Aqlli shartnomalar”: Ishtirokchilarning huquq hamda majburiyatlarini belgilash, o‘zgartirish va to‘xtatish “aqlli shartnomalar” (smart contract) yordamida amalga oshirilishi mumkin.

Davlat tomonidan tartibga solish va nazorat

Platforma operatorlari faoliyatini tartibga solish va ruxsat berish bo‘yicha vakolatli davlat organi etib

Istiqbolli loyihalar milliy agentligi belgilandi. Uning vazifalariga quyidagilar kiradi:

  • platforma operatorlarining faoliyatiga ruxsat berish va ularning faoliyatini amalga oshirish tartib-taomillarini belgilash;

  • investitsiya platformalari va platforma operatorlarining elektron reestrlarini yuritish;

  • ularning faoliyati ustidan nazoratni amalga oshirish.

Integratsiya va ijro

Investitsiya kiritishga oid bitimlar elektron shaklda tuziladi va platformalardan olingan ma’lumotlar asosida Tadbirkorlik subyektlari yagona davlat reestriga qo‘shimcha hujjatlarsiz real vaqt rejimida tegishli yozuv kiritiladi.

Istiqbolli loyihalar milliy agentligiga 2025-yil 1-oktabrga qadar zarur tartib-taomillarni tasdiqlash hamda 2027-yil 1-yanvarga qadar maxsus rejim natijalarini tahlil qilgan holda Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritish topshirildi.

Bizga yozing

Iltimos, ariza shaklini to’ldiring va biz tez orada siz bilan bog’lanamiz.