O‘zbekistonda investitsiyalarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri jalb qilish mumkin bo‘lgan onlayn-maydonchalar — investitsiya platformalari faoliyati qoidalari tasdiqlandi. Tegishli nizom Istiqbolli loyihalar milliy agentligi tomonidan qabul qilindi.
Gap yangi investitsiya mexanizmlarini sinovdan o‘tkazish imkonini beruvchi «Tartibga solish qumdoni» maxsus huquqiy rejimi haqida ketmoqda. U birinchi navbatda fond bozoriga chiqishi qiyin yoki hali erta bo‘lgan startaplar, kichik va o‘rta biznes uchun mo‘ljallangan.
Investitsiya platformalari onlayn tarzda pul kiritish — biznes ulushlariga, hamkorlik loyihalariga, venchur va boshqa loyiha formatlariga sarmoya kiritish imkoniyatini beradi. Birjadan farqli o‘laroq, bu yerda qimmatli qog‘ozlar chiqarilishi, listing va brokerlar ishtiroki talab etilmaydi.
Ushbu rejimda faqat investitsiya platformalari operatorlari sifatida ro‘yxatdan o‘tgan O‘zbekiston rezidentlari bo‘lgan yuridik shaxslar ishlay oladi. Ular uchun aniq talablar belgilangan: shartlar va xatarlarning shaffofligi, shartnomalarni elektron shaklda rasmiylashtirish, investorlar huquqlarini himoya qilish, hisob-kitoblarni eskrou-hisobvaraqlar orqali amalga oshirish hamda jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish qoidalariga rioya qilish.
Platformalardagi barcha operatsiyalar — shartnomalar tuzishdan tortib investorlar huquqlarini hisobga olish va to‘lovlarni o‘tkazishgacha raqamli shaklda bo‘lishi kerak. Bu investorlar va loyiha egalari o‘rtasidagi ishonchni oshirishi kutilmoqda.
Rasmiylar investitsiya platformalarining joriy etilishi biznes uchun moliyalashtirish manbalarini kengaytirishi, ko‘proq xususiy investorlarni, shu jumladan xorijdan jalb qilishi hamda mamlakatda raqamli investitsiyalar rivojlanishini tezlashtirishini kutmoqdalar.
Yangi qoidalar 2026-yil 13-yanvarda kuchga kirdi va 2026-yil 1-oktabrgacha amal qiladi.
Manba: Lex.uz