Yil davomida biznes muhit ijobiy ko‘rsatkichlar oralig‘ida saqlanib qoldi va o‘rtacha yillik qiymati 57 bandni tashkil etdi, bu esa O‘zbekistondagi ishbilarmonlik muhitining holati ijobiy ekanini anglatadi.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi respublika bo‘ylab tadbirkorlar o‘rtasida har oy o‘tkazilgan so‘rovnomalar asosida 2025 yil uchun biznes muhiti indeksi tahlili natijalarini taqdim etdi. Olingan ma’lumotlar asosida biznes muhitning joriy holati hamda yaqin uch oyga bo‘lgan kutilmalarni ifodalovchi umumlashtirilgan biznes muhiti indikatori shakllantirildi.
O‘zbekistonda umumlashtirilgan biznes muhiti indeksi dinamikasi
2025 yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonda umumlashtirilgan biznes muhiti indeksi o‘rtacha 57 bandni tashkil etdi (−100 dan +100 gacha bo‘lgan shkalada), bu 2024 yil ko‘rsatkichidan 7%ga yuqori. O‘sish asosan joriy holat bo‘yicha baholarning yaxshilanishi hisobiga ta’minlandi. Jumladan, biznesning joriy holat indeksi o‘rtacha yillik qiymati 22%ga o‘sib, 47 bandga yetdi.

Shu bilan birga, biznesning istiqboldagi kutilmalari indeksi 68 banddan 66 bandgacha biroz pasaygan bo‘lsa-da, yetarlicha yuqori darajada saqlanib qoldi. Bu esa joriy sharoitlarning umumiy yaxshilanishi fonida korxonalar tomonidan kelajak istiqbollariga nisbatan ma’lum darajada ehtiyotkorlik mavjud ekanini aks ettiradi.
Yil davomida biznes muhiti jamlanma indeksining dinamikasi turlicha ko‘rinishga ega bo‘ldi. Eng yuqori ko‘rsatkich iyun oyida qayd etilib, 63 bandni tashkil etgan bo‘lsa, eng quyi ko‘rsatkich yanvarda kuzatildi va 52 bandga teng bo‘ldi.
Indikatorning yil davomidagi tebranishlari ham mavsumiy omillarni, ham biznesning tez o‘zgaruvchan iqtisodiy sharoitlarga moslashishini aks ettirdi.
Shu bilan birga, yil yakuniga kelib korxonalar o‘rtasida yuqori darajadagi optimizm saqlanib qoldi. Dekabr oyida biznes muhiti indeksi 58 bandni tashkil etib, 2024 yilning mos davriga nisbatan 2 bandga o‘sish qayd etildi.
Biznes-iqlim indeksining tarmoqlar va hududlar bo‘yicha dinamikasi

2025 yilda iqtisodiyotning aksariyat tarmoqlarida biznes muhitining yaxshilanishi kuzatildi. Xizmat ko‘rsatish sohasida indeks 58 bandni tashkil etib, 14,7% ga o‘sdi; qurilishda – 57 band (+14,2%), sanoatda esa – 54 band (+6,8%) qayd etildi.
Qishloq xo‘jaligida indeks ko‘rsatkichi deyarli o‘zgarishsiz qoldi va 56 bandni tashkil etdi. Bu ushbu sektorda biznes yuritish sharoitlari bo‘yicha avvalgi baholashlar saqlanib qolayotganidan dalolat beradi.
Hududlar kesimida o‘rtacha yillik Biznes muhiti indeksi o‘tgan yilga nisbatan respublikaning 11 ta hududida o‘sgan. Shu bilan birga, 7 ta hududda indeksning o‘rtacha yillik qiymati 57 bandni tashkil etdi.
Yil yakunlariga ko‘ra, biznes muhitining eng sezilarli darajada yaxshilanishi quyidagi hududlarda kuzatildi:
Qashqadaryo viloyatida — ko‘rsatkich 27% ga oshdi;
Jizzax viloyatida — 23% ga;
Xorazm viloyatida — 17% ga.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida o‘sish 19% ni tashkil etdi.
Samarqand viloyatida indeks biroz pasayganiga qaramay, biznes muhitining o‘rtacha yillik qiymati ijobiy saqlanib qoldi va 51 bandni tashkil etdi. Toshkent viloyatida esa ko‘rsatkich o‘zgarishsiz qolib, 44 band darajasida qayd etildi.
Biznesning narxlar dinamikasi va talab bo‘yicha kutilmalari
2025 yil yakunlariga ko‘ra, tadbirkorlar orasida kelgusida narxlar o‘sishini qayd etganlar ulushi yillik o‘rtacha 23% ni tashkil etgan, bu esa 2024 yildagi ko‘rsatkichdan 2% bandga past.
Yil davomida inflyasion kutilmalar 18–27% oralig‘ida tebranib turdi va eng yuqori ko‘rsatkich aprel oyida, eng past ko‘rsatkichlar esa sentyabr va dekabr oylarida qayd etildi. Eng yuqori narx kutilmalari qishloq xo‘jaligi va qurilish sektori vakillari orasida kuzatildi, bu xarajatlarning o‘ziga xosligi hamda mavsumiy va ob-havo omillari ta’siri bilan bog‘liqdir.
Shu bilan birga, bozor sharoitlari bo‘yicha baholashlar yetarlicha yuqori darajada saqlanib qoldi. O‘rtacha 66% tadbirkorlar tovar va xizmatlarga talab ortishini bildirgan bo‘lsa, 57% tadbirkorlar ishchilar sonini ko‘payishni bildirishgan. Umuman olganda, natijalar narxlar dinamikasini mo‘’tadil baholagan holda, ishbilarmonlik faolligi va bandlik bo‘yicha ijobiy kutilmalar saqlanib qolayotganini ko‘rsatmoqda.
Talab va bandlikni baholash
2025 yil uchun Bandlik indeksi 43 bandni tashkil etdi, bu esa 12%lik o‘sishga mos keladi. Ko‘rsatkichning eng sezilarli o‘sishi quyidagi sohalarda qayd etildi:
Xizmat ko‘rsatish sohasida — 14%;
Qurilishda — 17%;
Sanoatda — 7%;
Qishloq xo‘jaligida — 11%.
Talab indeksi ham yaxshilanishni ko‘rsatdi. O‘rtacha yillik qiymat 48 bandni tashkil etib, 13% ga o‘sdi. O‘sishga eng katta hissani xizmat ko‘rsatish sektori qo‘shdi (ko‘rsatkich 19%ga oshdi), qolgan tarmoqlarda — qurilish, sanoat va qishloq xo‘jaligida esa talab indeksi mos ravishda 6%dan oshdi.
Tadbirkorlik faoliyatidagi to‘siqlar
Yil davomida biznes yuritishdagi to‘siqlarning bosqichma-bosqich kamayishi kuzatildi. So‘rov natijalariga ko‘ra, 60% tadbirkorlar biznes yuritishda qiyinchiliklarga duch kelmaganliklarini bildirishgan, bu 2024 yilga nisbatan 6%ga yuqori.
Sanoat sohasida quyidagi muammolar kamaydi:
Elektr ta’minoti bilan bog‘liq muammolar — 4% ga;
Yuqori soliq stavkalari — 3% ga;
Moliyalashtirish — 3% ga.
Shu bilan birga, qishloq xo‘jaligi va qurilishda moliyalashtirish bilan bog‘liq to‘siqlar mos ravishda 7% va 5% ga sezilarli darajada qisqardi. Shikoyatlarning umumiy kamayishiga qaramay, qurilish va sanoatdagi tadbirkorlar asosiy to‘siq sifatida hali ham moliyalashtirishni (har bir tarmoqda 11%dan) ko‘rsatishmoqda.
Ma’lumot uchun: Biznes muhitining o‘zgarishi indekatori IFO instituti (Germaniya) metodologiyasiga asoslangan. So‘rovlar davomida korxona rahbarlari ishlab chiqarish dinamikasi, talab, narxlar va boshqa ko‘rsatkichlar asosida tadbirkorlik faoliyatidagi joriy va kutilayotgan o‘zgarishlarni baholaydilar.
Manba: Review.uz