Toshkentda 2026-yilda o‘tkazilgan aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirining dastlabki natijalarini e’lon qilishga bag‘ishlangan taqdimot bo‘lib o‘tdi.
2026-yilgi aholini ro‘yxatga olishning dastlabki natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston aholisi soni 39.047ю321 kishini tashkil etdi. Ushbu ma’lumotlar aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olishning ilk natijalari taqdimotida ma’lum qilindi.
Mamlakat aholisining 19 766 166 nafari (50,6%) — erkaklar, 19 281 155 nafari (49,4%) esa — ayollardir. Shu tariqa, O‘zbekistonda har 100 nafar ayolga taxminan 103 nafar erkak to‘g‘ri keladi.
21 276 729 kishi yoki O‘zbekiston aholisining 54,5 foizi shaharlarda istiqomat qiladi. Yana 17 770 592 kishi (45,5%) esa qishloq joylarida yashovchilar hisoblanadi.
Eng ko‘p sonli yosh guruhi 0–4 yoshli bolalardan iborat bo‘ldi: mamlakatda ushbu yoshdagi 2 382 052 nafar o‘g‘il bola va 2 225 097 nafar qiz bola yashaydi. Maktab yoshidagi bolalar soni ham yuqoriligicha qolmoqda. 5–9 yosh guruhida 2 002 741 nafar o‘g‘il bola va 1 856 865 nafar qiz bola, 10–14 yoshli o‘smirlar o‘rtasida esa 1 765 100 nafar o‘g‘il bola va 1 641 415 nafar qiz bola mavjud.
Yosh o‘tishi bilan aholi soni asta-sekin kamayib boradi. Xususan, 85 va undan katta yoshdagilar guruhida 82 168 nafar erkak va 86 805 nafar ayol yashaydi, bunda umr ko‘rish davomiyligi yuqoriroq bo‘lganligi sababli, katta yoshdagilar orasida ayollar erkaklardan ko‘pchilikni tashkil etadi.
Mehnatga layoqatli yoshdagi aholi soni 21 739 409 kishiga yetdi, bu umumiy aholi sonining 55,7 foiziga teng. Yana 4 792 772 kishi (12,3%) esa mehnatga layoqatli yoshdan kattalardir.
Taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, o‘zbeklar 34 901 261 kishini yoki mamlakat aholisining 89,4 foizini tashkil qiladi. Aholi soni bo‘yicha ikkinchi o‘rindagi millat tojiklar bo‘ldi — 1 276 941 kishi (3,27%). Undan keyingi o‘rinlarda qoraqalpoqlar — 841 397 kishi (2,15%), qozoqlar — 707 329 (1,81%), ruslar — 606 526 (1,55%), qirg‘izlar — 219 091 (0,56%) va turkmanlar — 194 757 kishi (0,50%) bormoqda.
Ro‘yxatga olish qanday o‘tkazildi
Aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish 2026-yilning 15-yanvaridan 28-fevraligacha bo‘lib o‘tdi va 45 kun davom etdi. Hisob-kitob nuqtasi sifatida 15-yanvar soat 00:00 qabul qilindi — barcha ma’lumotlar aynan shu sanadagi holatga ko‘ra yig‘ildi.
Ro‘yxatga olish vaqtida mamlakatning doimiy va vaqtinchalik aholisi hisobga olindi, shuningdek, qishloq xo‘jaligi bo‘yicha ma’lumotlar yig‘ildi. Bunda, ro‘yxatga olish boshlanganidan keyin yuz bergan o‘zgarishlar statistikaga kiritilmadi.
Bir yildan ortiq vaqt davomida xorijda bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolari, xorijiy diplomatik vakolatxonalar, xalqaro tashkilotlar xodimlari va diplomatik immunitetga ega bo‘lgan shaxslar ro‘yxatga olishda hisobga olinmadi.
Aholi doimiy yoki vaqtinchalik yashash joyi — uyda, kvartirada yoki inson vaqtining ko‘p qismini o‘tkazadigan boshqa joyda ro‘yxatga olindi.
Manba: Kursiv