21 Sen, 2023

OTB va FTA O‘zbekistonda elektr energiyani taqsimlashni raqamlashtirish uchun 275 million dollar ajratdi

Osiyo taraqqiyot banki (OTB) O‘zbekistondagi 26 ta elektr taqsimlash podstansiyasini raqamlashtirish uchun 200 million dollar, Fransiya taraqqiyot agentligi (FTA) esa 70 million yevro ajratdi.

Osiyo taraqqiyot banki (OTB) O‘zbekistonga energiya samaradorligi va elektr energiyasi xizmatlari ishonchliligini oshirish uchun energiya taqsimlash tizimini modernizatsiya qilish va raqamlashtirishga yordam berishga qaratilgan  200 million AQSh dollari miqdoridagi qarzni  ma’qulladi.

“Taqsimlash tarmog‘ini raqamli transformatsiya qilish va barqarorligini oshirish” loyihasi doirasida respublika hududlaridagi 26 ta taqsimlovchi podstansiyalar raqamli podstansiyalarga, jumladan, dispetcher nazorati va ma’lumotlarni yig‘ish (SCADA) tizimiga modernizatsiya qilinadi. Raqamli himoya relesi va iqlimga chidamli loyiha podstansiyalarning tabiiy ofatlar va ekstremal ob-havo hodisalar paytida ishlash ishonchliligi va chidamliligini oshiradi, shiningdek, mintaqaviy elektr ta’minotidagi uzilishlarning oldini oladi.

“O‘zbekistonning eskirib qolgan taqsimlash tarmog‘ini modernizatsiya qilish mamlakatning uzoq muddatli yashil va kam uglerodli strategiyasi uchun muhim ahamiyatga ega”, – dedi OTBning Markaziy va G‘arbiy Osiyo bo‘yicha Bosh direktori Yevgeniy Jukov. «Biz nafaqat energiya xizmatlari sifatini yaxshilash, balki issiqxona gazlari chiqindilarining ko’payishiga olib keladigan elektr energiya yo’qotishlarini kamaytirish orqali toza energiyaga o’tishni osonlashtiradigan ushbu loyihani qo’llab-quvvatlashdan mamnunmiz.»

O‘zbekistonning taqsimlash tizimi 7,6 million maishiy va sanoat iste’molchilariga xizmat ko‘rsatadi. Xonadonlarni 100% elektrlashtirishga erishilganiga qaramay, mamlakat asosan 1960-yillarda qurilgan eskirayotgan va haddan tashqari yuklangan infratuzilma tufayli ishonchsiz elektr taʼminotidan aziyat chekmoqda. Elektr ta’minotidagi uzilishlar hozir ham davom etmoqda va ular ayniqsa qishda, past haroratlarda isitish uchun elektr energiyasiga bo’lgan ehtiyoj yuqori bo’lgan vaqtda yuqori darajada bo’ladi, bu esa o’z navbatida maktab va poliklinikalar kabi muhim ijtimoiy xizmatlarining faoliyat yuritishi murakkablashtirishiga olib kelmoqda.

O‘zbekistonda energiyaga bo‘lgan talab 2019-yildagi 67 teravatt-soatdan 2030-yilda 120,8 teravatt-soatgacha oshishi kutilmoqda. Hukumat 2030 yilga qadar mavjud 12,9 GVt quvvatga qo’shimcha ravishda 17 gigavatt (GVt) moqdorda elektr energiyasi ishlab chiqarish salohiyatini qurishni, jumladan, 8 GVt quvvatga ega qayta tiklanadigan energiya loyihalarini amalga oshirishni rejalashtirmoqda.

“Ushbu loyiha O‘zbekistonga mamlakatning ortib borayotgan talabini qondirish uchun zarur bo‘lgan qo‘shimcha energiyani ishonchli yetkazib berish imkonini beradi”, – dedi OTB ning Energetika bo‘yicha bosh mutaxassisi Sun Dak Kim. «Shuningdek yetkazish va taqsimlash tizimlarini modernizatsiya qilish, aqlli va moslashuvchan tizimlar quyosh va shamol kabi qayta tiklanadigan energiya manbalarining o’zgaruvchanligini yaxshiroq boshqarish imkonini berishini hisobga olsak, mamlakatga qayta tiklanadigan energiyani tarmoqqa ko’proq integratsiya qilish imkonini beradi.»

OTB loyihasi, shuningdek, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ (HET) davlat taqsimlash kompaniyasining moliyaviy boshqaruv salohiyatini mustahkamlashga yordam beradi. Bundan tashqari, HET da gender tamoyillarini joriy etishni institutsiyalashtirishni qoʻllab-quvvatlash, shu jumladan, HET va Toshkent davlat texnika universiteti oʻrtasida taʼlim sohasidagi hamkorlik doirasida talaba qizlarni oʻqitish orqali ayollar va qizlarning energetika sohasida ishtirokini ragʻbatlantirish maqsadida, 250.000 AQSH dollari miqdoridagi texnik yordam granti taqdim etiladi.

Fransiya taraqqiyot agentligi (FTA) qisman OTB tomonidan boshqariladigan 70 million yevro (taxminan 75 million AQSH dollari) miqdorida qoʻshma moliyalashtirishni taqdim etadi.

O‘zbekiston OTBga 1995 yilda a’zo bo‘lgan. Bugungi kunga qadar bank tomonidan mamlakatga 10,8 milliard AQSh dollari miqdorida qarzlar, grantlar va texnik ko’mak taqdim etilgan.

OTB o’ta qashshoqlikka barham berish bo’yicha say-harakatlarini davom ettirib, rivojlangan, keng qamrovli va barqaror Osiyo va Tinch okeani mintaqasiga intiladi. OTB 1966 yilda tashkil etilgan va uning a’zosi 68 ta davlat bo’lib, ulardan 49 tasi Osiyo-Tinch okeani mintaqasida joylashgan.

 

Manba: Osiyo taraqqiyot banki

 

Bizga yozing

Iltimos, ariza shaklini to’ldiring va biz tez orada siz bilan bog’lanamiz.