19 Yan, 2024

2023-yilda O’zbekiston Yalpi ichki mahsuloti 90,8 milliard AQSh dollaridan oshdi.

O‘zbekiston Respublikasi Yalpi ichki mahsuloti 2023-yilda 90,8 milliard AQSH dollaridan oshdi. Iste’mol sektoridagi inflyatsiya darajasi 8,8 foizni tashkil etdi.

 

O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy-iqtisodiy holati

(2023-yil yanvar-dekabr)

 

1. Yalpi ichki mahsulot

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 2023- yilning yanvar-dekabr oylarida O‘zbekiston Respublikasi yalpi ichki mahsulot (YaIM) hajmi joriy narxlarda 1 066 569,0 mlrd. so‘mni tashkil etdi va 2022- yilning mos davriga nisbatan 6,0 % ga o‘sdi.

Sanoat tarmog‘ining o‘sishi 6,0 % ni tashkil etdi va YaIM o‘sishiga ijobiy hissasi 1,5 f.p.ni tashkil etdi.

Qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaligining o‘sishi 4,1 % ni tashkil etdi va YaIM o‘sishiga ijobiy hissasi 1,0 f.p.ni tashkil etdi.

Qurilish ishlari hajmining o‘sishi 6,4 % ni tashkil etdi. Qurilish tarmog‘ining YaIM o‘sishiga ijobiy hissasi 0,4 f.p.ni tashkil etdi.

Xizmatlar ko‘rsatish sohasida o‘sish sur’ati 6,8 % ni tashkil etdi. Shundan savdo, yashash va ovqatlanish bo‘yicha xizmatlar 10,2 % ga, tashish va saqlash, axborot va aloqa 12,3 % ga hamda boshqa xizmat sohalari 4,5 % ga o‘sdi. Xizmatlar ko‘rsatish sohasining YaIM o‘sishiga ijobiy hissasi 2,6 f.p.ni tashkil qildi.

Mahsulotlarga sof soliqlar hajmi 7,4 % ga o‘sdi va uning YaIM o‘sishiga ijobiy hissasi 0,5 f.p.ni tashkil etdi.

 

2. Sanoat mahsuloti

2023- yilning yanvar-dekabr oylarida respublika korxonalari tomonidan 655,8 trillion so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarildi va sanoat ishlab chiqarish indeksi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 106,0 foizni tashkil etdi.

Shu bilan birga, sanoat ishlab chiqarishining umumiy hajmida ishlab chiqaradigan sanoatning ulushi 84,4 foizni, tog‘-kon sanoati va ochiq konlarni ishlash sanoati 8,4 foizni, elektr, gaz, bug‘ bilan ta’minlash va havoni konditsiyalash 6,7 foizni, suv bilan ta’minlash, kanalizatsiya tizimi, chiqindilarni yig‘ish va utilizatsiya qilish 0,5 foizni tashkil etdi.

Sanoat ishlab chiqarishi o‘sishining asosiy omili bo‘lib tog‘-kon sanoati va ochiq konlarni ishlash sanoatida 1,0 %ga, qayta ishlash sanoati korxonalarida ishlab chiqarish o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 6,7 % ga, suv bilan ta’minlash, kanalizatsiya tizimi, chiqindilarni yig‘ish va utilizatsiya qilish sanoatida 1,0 %ga, hamda elektr, gaz, bug‘ bilan ta’minlash va havoni konditsiyalash sanoatida fizik hajm indeksi 9,7 % ga oshganligi kuzatildi.

Shu bilan birga, ishlab chiqaradigan sanoatida oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish (2022- yilning yanvar-dekabr oylariga nisbatan fizik hajm indeksi 106,2 %), shuningdek, to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish (2022- yilning yanvar-dekabr oylariga nisbatan fizik hajm indeksi 106,4 %) hajmi oshdi.

O‘tgan yilning shu davriga nisbatan kompyuterlar, elektron va optik mahsulotlar ishlab chiqarish (2022- yilning yanvar-dekabr oylariga nisbatan fizik hajm indeksi 72,7 %), kimyo mahsulotlari ishlab chiqarish (2022- yilning yanvar-dekabr oylariga nisbatan 98,0 %) hajmi pasayishi kuzatildi.

O‘tgan yilning mos davriga nisbatan iste’mol tovarlari ishlab chiqarishning o‘sish sur’ati 107,3 %ni tashkil etdi, shu bilan birga ularning sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishning umumiy hajmidagi ulushi 28,8 %ga yetdi.

Iste’mol tovarlari ishlab chiqarish tarkibida oziq-ovqat mahsulotlarining ulushi 37,4 %ni, nooziq-ovqat mahsulotlarining ulushi esa 62,6 % ni tashkil etdi.

Shu bilan birga, oziq-ovqat mahsulotlarining o‘sish sur’ati 2022- yilning mos davriga nisbatan 106,2 % ni, nooziq-ovqat tovarlari o‘sish sur’ati esa 107,8 % ni tashkil etdi.

 

3. Qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligi

2023- yilning yanvar-dekabr oylarida qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaligi mahsulot(xizmat)lari hajmi 426 264,0 mlrd. so‘mni yoki 2022- yilning mos davriga nisbatan 104,1% ni, shu jumladan, dehqonchilik va chorvachilikda, ovchilikda va ushbu sohalarda ko‘rsatilgan xizmatlar – 411 594,6 mlrd. so‘mni (104,1 %), o‘rmon xo‘jaligida – 10 399,5 mlrd. so‘mni (102,7 %), baliqchilik xo‘jaligida – 4 269,9 mlrd. so‘mni (107,4 %) tashkil qildi.

Qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaligi mahsulot(xizmat)lari hajmining oshishi, asosan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish hajmining ko‘payganligi (4,1 %) bilan bog‘liq. Barcha toifadagi xo‘jaliklarda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining oshishi ovlangan baliqlarning – 7,3 %, pilla xom ashyosining – 6,5 %, paxta xom ashyosining – 6,0 %, donning – 5,5 % ga, polizning – 5,5 % ga, meva va rezavorlarning – 4,1 % ga, tuxumning – 4,4 % ga, go‘shtning – 3,9 % ga, kartoshkaning – 3,8 % ga oshishi bilan izohlanadi.

Xo‘jalik toifalari bo‘yicha tahlillar qishloq xo‘jaligi mahsulotlari umumiy hajmining 63,1 % – dehqon va tomorqa xo‘jaliklari, 29,8 % – fermer xo‘jaliklari, 7,1 % – qishloq xo‘jaligi faoliyatini amalga oshiruvchi xo‘jaliklar hissasiga to‘g‘ri kelishini ko‘rsatmoqda.

 

4. Inflyatsiya darajasi

2023- yilda respublika iste’mol sektoridagi inflyatsiya darajasi 8,8 % ni tashkil etdi.

2023- yil davomida oziq-ovqat mahsulotlari narxlari o‘rtacha 9,7 % ga qimmatlashib, inflyatsiya darajasining umumiy o‘sish sur’atiga 4,10 foiz darajasida (keyingi o‘rinlarda f.d.) ta’sir etdi. Nooziq-ovqat mahsulotlar narxlari ushbu davrda 7,7 % ga qimmatlashib, umumiy ko‘rsatkichning 2,66 f.d. o‘sish sur’atini, xizmatlar esa 8,7 % ga qimmatlashib, umumiy ko‘rsatkichni qo‘shimcha 2,01 f.d. o‘sish sur’atini ta’minladi. Yig‘ma ko‘rsatkichning o‘sish sur’atiga ta’siri tuzilmasida oziq-ovqat mahsulotlari hissasiga umumiy o‘sish sur’atinig 46,8 % i, nooziq-ovqat mahsulotlari hissasiga 30,3 % i va xizmatlar hissasiga 22,9 % i to‘g‘ri keldi.

Yig‘ma INI o‘sish sur’ati tarkibida “Oziq-ovqat mahsulotlari va spirtsiz ichimliklar” bo‘limidagi narx o‘zgarishlarining hissasiga deyarli 42,2 % ulush to‘g‘ri keldi. Ushbu bo‘limda narxlarning 9,2 % ga oshishi hisobiga 2023- yilning yanvar-dekabridagi yig‘ma INI 3,70 f.d. yuqoriladi. Transport (15,1 %) sohasida, maishiy tovarlar va xizmatlar (10,5 %), sog‘liqni saqlash sohasida (9,7 %), uy-ro‘zg‘or buyumlari, maishiy texnika va uy-joylarga kundalik xizmat ko‘rsatish (7,6 %), turar joy xizmatlari, suv, elektr, gaz va boshqa yonilg‘i turlari (6,4 %) hamda kiyimlar va poyabzallar (6,2 %) narxlarining oshishi hisobiga yig‘ma INI 4,29 f.d. yuqoriladi.

Axborot va aloqa sohasidagi tovarlar va xizmatlar narxlari va tariflarining 0,2 % ga (-0,01 f.d.) arzonlashishi tutib turuvchi omil sifatida xizmat qildi.

 

5. Asosiy kapitalga investitsiyalar

2023- yilning yanvar-dekabr oylarida, barcha moliyalashtirish manbalari hisobidan asosiy kapitalga investitsiyalar hajmi 352 064,1 mlrd.so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan o‘sish sur’ati 122,1 foizni tashkil etdi.

Shu bilan birga, asosiy kapitalga yo‘naltirilgan investitsiyalar umumiy hajmida korxonalar mablag‘lari hisobidan o‘zlashtirilgan investitsiyalar ulushi 24,1 %ni, O‘zbekiston Respublikasi kafolati ostidagi xorijiy kreditlar – 6,0 %, tijorat banklari kreditlari va boshqa qarz mablag‘lar – 6,3 %, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va kreditlar – 47,4 %, shundan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar (TTXI) – 23,9 %, aholi mablag‘lari – 9,5 %, Respublika budjeti – 5,8 %, Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi – 0,4 %, Suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimini rivojlantirish jamg‘armasi 0,5 %.

Asosiy kapitalga investitsiyalarning 2022- yilning mos davriga nisbatan yuqori o‘sish sur’atlarini moliyalashtirishning asosiy manbalari: Tijorat banklari kreditlari va boshqa qarz mablag‘lar – 117,9%, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va kreditlar – 156,2%, ulardan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar (TTXI) – 196,4%, aholi mablag‘lari – 108,9%, O‘zbekiston Respublikasi kafolati ostidagi xorijiy kreditlar – 130,3%.

Moliyalashtirish manbalari bo‘yicha past o‘sish sur’atlari: korxonalar mablag‘lari – 97,3%, Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi – 58,0%, Suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari – 52,9%, Respublika budjeti – 88,6%.

 

6. Qurilish ishlari

2023- yilning yanvar-dekabr oylarida 149 864,1 mlrd. so‘mlik qurilish ishlari bajarilib, o‘sish sur’ati 106,4%ni tashkil etdi. Qurilish ishlarining umumiy hajmining 37950,1 mlrd. so‘m yoki 25,3% yirik korxona va tashkilotlar, kichik korxonalar va mikrofirmalar tomonidan 82655,3 mlrd. so‘m yoki 55,2 %, norasmiy sektor sub’ektlari tomonidan 29258,7 mlrd.so‘m yoki 19,5 % bajarildi.

 

7. Chakana savdo tovar aylanmasi

2023- yilning yanvar-dekabr oylarida chakana savdo tovar aylanmasi 326 160,1 mlrd. so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 9,1 % ga o‘sdi.

Yirik korxonalarning tovar aylanmasi hajmi 2022 yilning yanvar-dekabr oylariga nisbatan 15,0 % ga o‘sdi, bu esa umumiy savdo hajmining 16,2 % ulushiga to‘g‘ri keladi. Kichik biznes sub’ektlarining chakana tovar aylanmasi 2022 yilning yanvar-dekabr oylariga nisbatan 7,9 % ga o‘sgan. Respublika miqyosida ushbu sektorning jami chakana savdo tovar aylanmasidagi ulushi 74,3 % ni, shundan uyushmagan savdo tovar aylanmasi 9,6 % ulush bilan 31 262,7 mlrd. so‘mni tashkil etdi.

 

8. Tashqi savdo aylanmasi

2023- yilning yanvar-dekabr oylari yakuni bilan respublikaning tashqi savdo aylanmasi 62 597,4 mln. AQSh dollarini tashkil etib, 2022 yilning mos davriga nisbatan 12 067,1 mln. AQSh dollariga yoki 23,9 % ga ko‘paydi. Eksport hajmi 24 426,2 mln. AQSh dollariga yetdi, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 23,8 % ga oshdi. Import 38 141,2 mln. AQSh dollariga yetdi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 24,0 % ga o‘sdi.

Eksport tarkibida quyidagi guruhlarda o‘sish kuzatildi, jumladan: oziq-ovqat maxsulotlari va tirik xayvonlar eksporti o‘tgan yilning mos davriga nisbatan +34,0 % (331,5 mln AQSh doll.)ga, mashina va transport asbob-uskunalari +9,0 % (146,1 mln. AQSh doll.)ga, tamaki va ichimliklar – +8,1 % (89,5 mln AQSh doll) hamda turli xil tayyor buyumlar +16,0 % (12,4 mln. doll.)ga ko‘paydi.

Import tarkibida quyidagi guruhlarda ham o‘sish kuzatildi, jumladan: mashinalar va transport asbob-uskunalari – +54,0 % (5 239,5 mln. AQSh doll.)ga, mineral yoqilg‘i, yog‘lash moylari va shunga o‘xshash materiallar – +46,7 % (838,5 mln. AQSh doll.)ga hamda kimyoviy vositalar va boshqa toifalarga kiritilmagan shunga o‘xshash mahsulotlar – +11,3 % (492,3 mln. AQSh doll.)ga to‘g‘ri keladi.

 

9. Ko‘rsatilgan bozor xizmatlari

2023- yilning yanvar-dekabr oylarida ko‘rsatilgan bozor xizmatlari hajmi 470,3 trln. so‘mni tashkil etdi va o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 13,7 % ga o‘sdi.

Ko‘rsatilgan bozor xizmatlari umumiy hajmining o‘sishida moliyaviy xizmatlarning 20,6 % ga (ko‘rsatilgan umumiy bozor xizmatlari hajmining o‘sishidagi ta’siri 4,5 punkt), savdo xizmatlari 10,2 % ga (o‘sishdagi ta’siri 2,5 punkt), transport xizmatlari 8,0 %ga (o‘sishdagi ta’siri 1,8 punkt), aloqa va axborotlashtirish xizmatlari 24,6 %ga (o‘sishdagi ta’siri 1,6 punkt), ta’lim sohasidagi xizmatlarning 22,8 %ga (o‘sishdagi ta’siri 1,0 punkt) o‘sishi ijobiy ta’sir ko‘rsatdi.

Ko‘rsatilgan bozor xizmatlarning eng katta hajmi savdo xizmatlari (110,7 trln.so‘m, o‘tgan yilga nisbatan o‘sish sur’ati – 110,2 %), transport xizmatlari (108,5 trln.so‘m, 108,0 %) va moliyaviy xizmatlar (106,4 trln.so‘m, 120,6 %)ga to‘g‘ri keladi.

 

10. Korxona va tashkilotlar soni

2024- yil 1- yanvar holatiga respublikada faoliyat ko‘rsatayotgan korxonalar va tashkilotlarning soni 485,0 mingtani (fermer va dehqon xo‘jaliklaridan tashqari) tashkil etdi, ulardan kichik korxona va mikrofirmalar 417,1 mingta. Hududlar bo‘yicha joylashgan eng ko‘p soni esa Toshkent shahar (99 151 ta), Toshkent (45 295 ta), Samarqand (43 477 ta), Farg‘ona (42 574 ta), Qashqadaryo (33 064 ta), Buxoro (31 203 ta) va Andijon (29 717 ta) viloyatlari hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

Iqtisodiy faoliyat turlari kesimida faoliyat ko‘rsatayotgan korxona va tashkilotlarning eng ko‘p soni savdo sohasida – 158 065 ta, sanoat sohasida – 69 444 ta, qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligi sohasida – 37 772 ta, qurilish sohasida – 34 749 ta hamda yashash va ovqatlanish bo‘yicha xizmatlar sohasida – 28 364 tani tashkil etadi.

2023- yil yanvar-dekabr oyida respublikada 88,8 mingta korxonalar va tashkilotlar yangi tashkil etildi, shundan kichik korxona va mikrofirmalar soni 86,0 mingtani tashkil etdi.

2024- yil 1- yanvar holatiga ko‘ra respublikada xorijiy kapital ishtirokidagi faoliyat ko‘rsatayotgan korxonalar soni 14 053 tani tashkil etdi. Ulardan 4 657 tasi qo‘shma korxonalarni va 9 396 tasi xorijiy korxonalarni tashkil etgan.

 

 

Manba: O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika Agentligi 

Bizga yozing

Iltimos, ariza shaklini to’ldiring va biz tez orada siz bilan bog’lanamiz.