MANILA, FILIPPIN (2025-yil 19-fevral) — Osiyo taraqqiyot banki (OTB) O‘zbekiston Hukumatining suv resurslarini boshqarish sektorini modernizatsiya qilish, suv xavfsizligini yaxshilash va mamlakatda xavfsiz va ishonchli suv ta’minotidan foydalanish imkoniyatini oshirish borasida qo‘llab-quvvatlash uchun 125 million AQSH dollari miqdorida qarz ajratilishini ma’qulladi.
Iqlim o‘zgarishini hisobga olgan holda suv resurslarini aqlli boshqarishni yaxshilash loyihasi aktivlarni boshqarishni va xizmatlarni ko‘rsatish barqarorligini yaxshilash, shuningdek, milliy suv ta’minoti korxonasi xodimlarining institutsional salohiyatini oshirish imkonini beradi. Bu qarorlarni qabul qilishda yordam beradi va suv resurslarini boshqarish va energiyadan foydalanish samaradorligini yaxshilashga olib keladi va shu tarzda iqlim o‘zgarishining salbiy oqibatlarini yumshatishga yordam beradi.
«O‘zbekistondagi suv resurslari iqlim o‘zgarishi va samarasiz foydalanish tufayli jiddiy tahdid ostida», – dedi OTBning O‘zbekistondagi doimiy vakolatxonasi Direktori Kanokpan Lao-Araya. «OTB loyihasi O‘zbekistonda uglerod izini kamaytirish uchun suvdan foydalanishni yaxshilash, energiya sarfini kamaytirish va operatsion samaradorlikni oshirish uchun suvni boshqarishning aqlli tizimlarini joriy etadi».
Loyiha «O‘zsuvta’minot» aksiyadorlik jamiyati (milliy suv ta’minoti korxonasi) va uning hududiy filiallariga mamlakat bo‘ylab asosiy suv iste’moli obyektlarida suv sarfini hisobga olish va telemetriya tizimini o‘rnatishni yakunlashda yordam beradi. Loyiha doirasida butun suv ta’minoti va oqava suv infratuzilmasi, shu jumladan taxminan 4 million mijoz ulanishlari uchun aktivlar inventarizatsiya qilinadi va joylarda geografik xaritalash ishlari amalga oshiriladi.
Kommunal xizmatlarni IT asosida iqlimga moslashgan boshqarish tizimlarining integratsiyalangan paketi ishga tushiriladi va bu o‘z ichiga milliy suv ta’minoti korxonasi xodimlariga tegishli o‘quv kurslarini oladi. Loyiha, shuningdek, mijozlar markazlari faoliyatini yangi moliya boshqaruvi dasturiy ta’minotini taqdim etish orqali yaxshilash imkonini beradi, bu esa xalqaro standartlarga asoslangan shaffof moliyaviy hisobotlarni yaratish imkonini beradi.
Loyiha ekspluatatsion xarajatlarni qisqartirish, ishchi kuchi samaradorligini oshirish, shuningdek, mijozlar bilan o‘zaro aloqalar va qoniqishni yaxshilash uchun o‘zgartiruvchi raqamli yechimlar va texnologiyalarni joriy etishga yordam beradi.
Bu yil OTB va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida hamkorlik boshlanganiga 30 yil to‘ldi. O‘zbekiston Respublikasi OTB ga 1995 yilda a’zo bo‘lgandan beri bank mamlakatga jami 14,3 mlrd. AQSH dollari miqdorida qarz, grant va davlat sektoriga texnik ko‘mak taqdim etgan.
OTB o‘ta qashshoqlikka barham berish bo‘yicha sa’y-harakatlarini davom ettirib, rivojlangan, keng qamrovli va barqaror Osiyo va Tinch okeani mintaqasiga erishishga intiladi. OTB 1966 yilda tashkil etilgan bo‘lib, unga 69 mamlakat a’zo bo‘lgan. Ularning 49 tasi mintaqada joylashgan.
Manba: Osiyo taraqqiyot banki