05 Apr, 2025

Jahon banki «O‘zbekistonda barqaror landshaftlarni tiklash» loyihasini amalga oshirish uchun $153 млн. ajratadi

SAMARQAND, 2025-yil 5-aprel

Samarqand Iqlim Forumi doirasida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi Jahon banki bilan hamkorlikda «O‘zbekistonda barqaror landshaftlarni tiklash» (RESILAND) loyihasi boshlanganini e’lon qildi.

Loyihani amalga oshirish uchun Jahon banki tomonidan 153 million dollar miqdorida imtiyozli kredit va grantlar ajratiladi. Ushbu loyiha Markaziy Osiyoning beshta davlatida o‘rmonlar va degradatsiyaga uchragan yerlarni tiklashga ko‘maklashish bo‘yicha mintaqaviy dasturning bir qismi hisoblanadi.

Loyiha mamlakatning turli hududlarida landshaftlar barqarorligini oshirish va o‘rmonlarni qayta tiklash, shuningdek, O‘zbekistonning Markaziy Osiyodagi boshqa davlatlar bilan transchegaraviy tabiiy hududlarni qayta tiklash boʻyicha hamkorligini mustahkamlashga qaratilgan. Tegishli loyiha tadbirlari mamlakatning oltita hududida, jumladan, Jizzax, Qashqadaryo, Namangan, Samarqand, Surxondaryo va Sirdaryo viloyatlarida amalga oshiriladi.

«Bugun Jahon banki bilan birgalikda boshlagan loyihamiz hukumatga O‘zbekiston o‘rmon xo‘jaligi tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi maqsadlariga erishishda yordam beradi. Ular orasida o‘rmonlar maydonini o‘n yillik oxirigacha 6,1 million gektarga yetkazish ham bor,» – dedi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov. «Yerlari degradatsiyaga uchragan hududlarga daraxtlar ekish orqali loyiha mahalliy landshaftlarning barqarorligini va oziq-ovqat tizimlarining mahsuldorligini oshiradi, aholining turmush sharoitini yaxshilash, infratuzilmani rivojlantirish va shu sohada ish o‘rinlarini yaratishga xizmat qiladi. Bundan tashqari, loyiha tabiiy resurslardan yanada samarali foydalanish orqali kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlaydi va tabiatni muhofaza qilish zonalarida ekoturizmni rivojlantirishga yordam beradi».

O‘zbekiston hududi past o‘rmonlilik darajasi bilan tavsiflanadi. Maʼlumotlarga koʻra, Oʻrmon xo’jaligi agentligidagi o’rmon bilan qoplangan yer maydoni 4,4 million gektarni tashkil qiladi. Bu umumiy yer maydonining 10,6 foizini tashkil qiladi. Oxirgi 10 yil ichida mamlakatda o‘rmonzorlar maydonini ko‘paytirishga jiddiy e’tibor qaratildi. Bunga misol qilib, Orol dengizining qurigan tubida o‘rmon barpo etish hajmi keskin ko‘paytirildi. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 27-martdagi “Xalqaro taraqqiyot uyushmasi ishtirokida (Jahon Banki) «O‘zbekistonda barqaror o‘rmon landshaftlarini tiklash» loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” PQ-140-son qaroriga muvofiq: respublikaning 176 ming gektar yer maydonida o‘rmonzorlarning tabiiy tiklanishiga ko‘maklashish; 38,5 ming gektar yer maydonlarida yaylovlarni qayta tiklash, 15 ming gektar yer maydonida suvni tejash va tog‘ o‘rmonlarida tuproq eroziyasiga qarshi kurashish, 14,2 ming gektar yer maydonlarida agroo‘rmonchilik tadbirlarini amalga oshirish, 5 ming gektar yer maydonda sanoatbop o‘rmonzorlar tashkil qilish hamda 5 ming gektar yer maydonida dorivor o‘simliklar plantatsiyalarini tashkil qilish ishlari amalga oshirilmoqda.

«Jahon banki O‘zbekiston hukumatining degradatsiyaga uchragan yerlarni tiklash borasidagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlash imkoniyatini qadrlaydi,» – dedi Jahon bankining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Tatyana Proskuryakova. «Yangi loyiha orqali mamlakat Jahon banki tomonidan moliyalashtiriladigan «Markaziy Osiyoda barqaror landshaftlarni tiklash» (RESILAND CA+) dasturiga qo‘shiladi. Dastur Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekistonning shahar-qishloqlarida iqlim o‘zgarishiga chidamlilikni oshirishga qaratilgan. RESILAND loyihasi doirasidagi mintaqaviy hamkorlik O‘zbekistonga transchegaraviy hududlarda o‘rmon va degradatsiyaga uchragan yerlarni qayta tiklashga yordam beradi.»

Loyihani, shu jumladan quyidagi tadbirlarni amalga oshirish uchun Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi O‘rmon xo‘jaligi agentligi mas’ul hisoblanadi:

  • Mamlakatning oltita mintaqasida daraxtlardan foydalangan holda degradatsiyaga uchragan yerlarni tiklash ishlarini olib borish (agroo‘rmonchilik, o‘rmon plantatsiyalari, mevali bog‘lar, o‘rmon-yaylov tizimlari). Ushbu faoliyat, shuningdek, o‘rmonlarni tiklash va ko‘kalamzorlashtirish kabi landshaftlarni tiklash tadbirlariga jalb qilingan mahalliy aholi uchun qisqa muddatli ish o‘rinlarini yaratadi.
  • Tabiiy resurslardan yanada samarali foydalanishga asoslangan kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish uchun fermerlarga moliyaviy yordam va tadbirkorlik treninglarini taqdim etiladi.
  • Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar va o‘rmon qo‘riqxonalarini boshqarishni yaxshilash, shuningdek, oltita hududda barqaror ekoturizmni rivojlantirish. Loyiha doirasida qo‘riqlanadigan tabiiy hududlar va o‘rmon qo‘riqxonalarida turizm markazlari, ma’muriy obyektlar, kempinglar, piknik zonalari, turistik marshrutlar va boshqa ko‘ngilochar maskanlarni o‘z ichiga olgan zarur infratuzilmani yaratilishini moliyalashtiriladi.
  • O‘zbekistonning o‘rmonzorlar bo‘yicha ilk ma’lumotlar bazasini ishlab chiqish va O‘rmon xo‘jaligi agentligi uchun axborot-kommunikatsiya platformasini yaratadi. Bu agentlikni modernizatsiya qilish va uning samaradorligini oshirish imkonini beradi.

Loyiha taqdimoti davomida Toshkent yaqinida joylashgan Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish Oliygohi (Green University) va O‘rmon xo‘jaligi agentligi huzuridagi loyihani amalga oshirish guruhi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi. Bitim doirasida Oliygohda o‘rmon xo‘jaligining ekologik, iqtisodiy va ijtimoiy jihatlarini qamrab olgan ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish uchun loyiha mablag‘lari hisobidan grant ajratish ko‘zda tutilgan.

Manba: Jahon banki

Bizga yozing

Iltimos, ariza shaklini to’ldiring va biz tez orada siz bilan bog’lanamiz.