O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha Davlat dasturi hamda Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili doirasidagi ustuvor islohotlar dasturlariga oid Farmon loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilindi.
Mazkur hujjatda 2026 yil uchun mo‘ljallangan islohotlarning asosiy yo‘nalishlari belgilangan bo‘lib, ular mahallani rivojlantirish va aholi farovonligini oshirish, iqtisodiyotni texnologik o‘sish modeliga o‘tkazish, mehnat bozorining zamonaviy arxitekturasini shakllantirish, atrof-muhitni muhofaza qilish va suv resurslaridan oqilona foydalanish, shuningdek davlat boshqaruvi hamda sud-huquq tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan.
Davlat dasturida “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan maqsadli ko‘rsatkichlarga erishish uchun aniq amaliy chora-tadbirlar, shuningdek har bir soha kesimida ishlab chiqiladigan normativ-huquqiy va qonunchilik hujjatlari loyihalari nazarda tutilgan.
Loyiha bilan www.uzbekistan2030.uz va regulation.gov.uz saytlarida tanishish hamda o‘z taklif va mulohazalaringizni bildirish mumkin.
Muhokama 2026-yil 1-fevralga qadar davom etadi.
Jamoatchilik va ekspertlarni muhokamada faol ishtirok etishga chaqiramiz.