02 Fev, 2026

O‘zbekiston ketma-ket oltinchi yil YTTB moliyalashtiruvi bo‘yicha yetakchilik qilmoqda

2025-yilda O‘zbekiston yana bir bor YTTBning eng yirik moliyaviy mablag‘ oluvchisiga aylandi va ketma-ket oltinchi yil 1 milliard AQSH dollaridan ortiq investitsiyalarni jalb qildi.

  • YTTB Markaziy Osiyo va Mo‘g‘ulistonga qariyb 2 milliard AQSH dollari miqdorida qarz berdi.

  • Barqaror infratuzilma, KOBni qo‘llab-quvvatlash va «yashil» kreditlash — asosiy investitsiya yo‘nalishlari.

  • O‘zbekiston oltinchi yil ketma-ket YTTB mablag‘larini olishda yetakchi bo‘lib qolmoqda.

2025-yilda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YTTB) Markaziy Osiyo va Mo‘g‘ulistondagi 120 ta loyiha orqali qariyb 2 milliard AQSH dollari (1,72 milliard yevro) sarmoya kiritdi. Bu Bankning so‘nggi o‘n yillikdagi mintaqadagi eng kuchli operatsion natijalaridan biridir.

O‘zbekiston 2025-yilda ketma-ket oltinchi yil YTTB moliyalashtirish bo‘yicha yetakchi qabul qiluvchi bo‘ldi (1 milliard AQSH dollaridan ortiq yoki 880 million yevro). YTTB, shuningdek, Qozog‘istondagi loyihalar uchun qariyb 440 million AQSH dollari (378 million yevro), Mo‘g‘ulistonda 218 million AQSH dollari (188 million yevro), Qirg‘iz Respublikasida 212 million AQSH dollari (183 million yevro) va Tojikistonda 100 million AQSH dollari (88 million yevro) ajratdi.

YTTB mablag‘larining qariyb uchdan bir qismi barqaror infratuzilma loyihalarini qo‘llab-quvvatladi, yana bir qismi esa kichik va o‘rta biznes (KOB), ayollar va yosh tadbirkorlarga, shuningdek, iqlimga chidamlilik va resurs samaradorligini oshirishga yo‘naltirish uchun mahalliy banklarga berildi. Kreditlarning yana 15 foizi Markaziy Osiyo bo‘ylab ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish bilan shug‘ullanuvchi xususiy kompaniyalarni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirildi. Kreditlarning qariyb 68 foizi xususiy tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatladi, YTTB investitsiyalarining 53 foizi esa «yashil» iqtisodiyot loyihalarini ilgari surishga sarflandi.

Qayta tiklanuvchi energiya

O‘zbekistonda YTTBning 142 million AQSH dollari (121 million yevro) miqdoridagi moliyaviy paketi Markaziy Osiyodagi eng yirik kombinatsiyalangan quyosh fotoelektr stansiyasi (1 GVt) va energiyani saqlash tizimini (BESS, 1 336 MVt/soat) rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlaydi. ACWA Power bilan birgalikda amalga oshirilayotgan ushbu loyiha, shuningdek, yaponiyalik hamkorlarning O‘zbekistonning qayta tiklanuvchi energiya sektoriga kiritgan ilk sarmoyasidir.

YTTB, shuningdek, O‘zbekistonning Qashqadaryo viloyatida 300 MVt quvvatga ega quyosh stansiyasi va 75 MVt/soat quvvatli BESS inshooti uchun 195,5 million AQSH dollarigacha (168,5 million yevro) moliyalashtirish paketini tashkil qildi. Loyiha Masdar kompaniyasiga tegishli.

Tojikistonda Qayroqqum GESning barcha oltita gidroagregatining ishga tushirilishi qayta tiklanuvchi energiyani modernizatsiya qilish bo‘yicha yirik loyiha yakunlanganini anglatadi. Stansiyaning o‘rnatilgan quvvati 126 MVtdan 174 MVtga oshdi.

Barqaror infratuzilma

O‘zbekistonda YTTBning 250 million AQSH dollarigacha (240 million yevro) bo‘lgan suveren krediti 10 ta viloyatdagi 110 ta irrigatsiya nasos stansiyalarini modernizatsiya qilishni moliyalashtiradi. Yangi energiya tejovchi nasoslar elektr energiyasi iste’molini yiliga 251 000 MVt/soatga kamaytirishi kutilmoqda.

YTTB va Yevropa Ittifoqi (YI) tomonidan taqdim etilgan 45 million yevrogacha bo‘lgan moliyaviy paket Kaspiy dengizidagi Qozog‘istonning asosiy dengiz darvozasi bo‘lgan Aqtau portida yuk tashish salohiyatini oshirishni moliyalashtiradi.

Tojikistonda YTTBning 38 million yevrogacha bo‘lgan suveren krediti va Osiyo taraqqiyot bankining (OTB) 86,7 million AQSH dollari (83,5 million yevro) miqdoridagi granti Dang‘ara — Guliston yo‘lini yaxshilashga yordam beradi.

Qirg‘iz Respublikasida YTTB Kemin va Baliqchi shaharlari o‘rtasida yangi 53 km uzunlikdagi 500 kV kuchlanishli elektr uzatish liniyasini qurish uchun 62 million yevro miqdorida suveren kredit ajratdi.

Moliyaviy sektor va kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash

O‘zbekistonda hamkor banklar bilan amalga oshirilgan loyihalar Bankning mamlakatdagi yillik biznesining qariyb 39 foizini tashkil etdi. Bunga KOB va «yashil» investitsiyalarni qo‘llab-quvvatlash uchun Hamkorbank, Ipak Yo‘li Banki va Universalbank bilan jami 125 million AQSH dollari (108 million yevro) miqdoridagi bitimlar kirdi.

2025-yilda YTTB Markaziy Osiyo va Mo‘g‘ulistonda 4600 dan ortiq KOBni biznes bo‘yicha maslahatlar va treninglar bilan qo‘llab-quvvatladi. Bank Markaziy Osiyoda o‘zining birinchi mintaqaviy Star Venture dasturini ishga tushirdi.

O‘tgan yili YTTB Markaziy Osiyo va Mo‘g‘ulistonda «Biznesda ayollar» dasturining 10 yilligini nishonladi. O‘tgan o‘n yil davomida mintaqadagi 100 000 dan ortiq tadbirkor ayollar qariyb 365 million AQSH dollari (305 million yevro) miqdorida moliyaviy yordam oldilar.

YTTB Markaziy Osiyodagi eng yirik institutsional investordir. Bugungi kunga qadar u 21 milliard yevrodan ortiq summaga ega 1250 ta loyihani moliyalashtirdi.


Manba: Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YTTB)

Bizga yozing

Iltimos, ariza shaklini to’ldiring va biz tez orada siz bilan bog’lanamiz.