05 Fev, 2026

Raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yo‘lida qonunchilik takomillashtirilmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Senati tomonidan ma’qullangan “Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida”gi Qonunga kiritilgan o‘zgartishlar xalqaro onlayn to‘lovlar uchun huquqiy to‘siqlarni bartaraf etish hamda raqamli iqtisodiyot, elektron tijorat va frilansni rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan.

Senatning 13-yalpi majlisida “Shaxsga doir maʼlumotlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish haqida”gi Qonun ko‘rib chiqildi.

Qayd etilganidek, bugungi kunda O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan dasturchi-frilanserlar o‘zlari yaratgan dasturiy mahsulot va raqamli kontentni xorijiy mijozlarga sotishda xalqaro elektron platformalardan keng foydalanmoqda. Ayrim yirik platformalar yordamida to‘lovlar bank kartalari yoki bank o‘tkazmalari orqali amalga oshirilayotgan bo‘lsa-da, Upwork, Fiverr, Envato, Storyblocks kabi platformalarda to‘lovlar faqat PayPal orqali amalga oshirilishi mumkin.

Biroq hozirgi vaqtda PayPal to‘lov tizimi O‘zbekistonda chiqarilgan bank kartalari orqali to‘liq ishlamaydi. Bu cheklov mamlakatimiz qonunchiligi, xususan, “Shaxsga doir maʼlumotlar to‘g‘risida”gi Qonunda belgilangan maʼlumotlarni faqat O‘zbekiston hududida saqlash talabi bilan bog‘liq. Natijada xalqaro to‘lov tizimlarining O‘zbekiston bozoriga kirishi muayyan darajada cheklanib qolmoqda.

Qonunga kiritilayotgan o‘zgartirishlar bu boradagi muammolarni bartaraf etadi. Xalqaro onlayn to‘lov tizimlarining mamlakatimizda faoliyat yuritishini yengillashtirish, fintex, elektron tijorat va raqamli iqtisodiyot rivojini jadallashtirish, frilanserlar uchun qonuniy va shaffof to‘lov mexanizmlarini yaratish, chet ellik turistlar uchun kontaktsiz to‘lov imkoniyatlarini kengaytirish shular jumlasidandir.

Qonunda faqat ayrim turdagi shaxsga doir maʼlumotlar (biometrik, genetik hamda telekommunikatsiya xizmatlari bilan bog‘liq maʼlumotlar) O‘zbekiston hududida saqlanishi shartligi belgilanmoqda.

Boshqa maʼlumotlarni chet elga uzatish va saqlash uchun aniq xavfsizlik talablari joriy etilib, Vazirlar Mahkamasiga shaxsga doir maʼlumotlar xavfsizligi taʼminlangan davlatlar ro‘yxatini tasdiqlash vakolati berilmoqda.

Senatorlarning fikricha, mazkur Qonun elektron tijoratni rivojlantirish yo‘nalishida huquqiy va meʼyoriy-huquqiy bazani takomillashtirish hamda aholi va tadbirkorlik subyektlariga xalqaro Internet platformalaridan foydalanishda yanada qulay sharoitlarni yaratishga xizmat qiladi.

Muhokama yakunida senatorlar Qonunni maʼqulladi.


Manba: O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati

Bizga yozing

Iltimos, ariza shaklini to’ldiring va biz tez orada siz bilan bog’lanamiz.