2022-yil 24-26-mart kunlari Birinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi (TXIF) boʻlib oʻtdi. Poytaxtimizda 1-Toshkent xalqaro investitsiya forumi (TXIF) o‘z ishini yakunladi. Tadbir 2 mingdan ortiq ishtirokchilarni – jahonning 56 mamlakatidan yirik investorlar va yuqori martabali mehmonlarni birlashtirgan biznes dunyosidagi muhim voqeaga aylandi.
Forum muhiti va uning sermazmun biznes dasturi ishonchli muloqotni, konstruktiv fikr almashishni hamda yangi aloqalar va sheriklik munosabatlarini o‘rnatishga chorlar edi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Forum va yalpi majlisning ochilishida ishtirok etdi. Sessiyada, shuningdek, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil Reno-Basso, Osiyo taraqqiyot banki prezidenti Masatsugu Asakava, Saudiya Arabistoni podshohligi investitsiyalar vaziri Xolid al-Falih, Jahon savdo tashkiloti vitse-prezidenti Syanchen Chjan, Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki vitse-prezidenti Konstantin Limitovskiy, Xalqaro moliya korporatsiyasi vitse-prezidenti Stefani fon Friderburg qatnashadilar.
Tadbirda BBC World News xalqaro telekanalida yangiliklar boshlovchisi sifatida tanilgan, hozirda esa Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining kommunikatsiya masalalari bo‘yicha direktori lavozimida faoliyat yuritayotgan Jonatan Charlz moderatorlik qildi. Davlatimiz rahbari forum ishtirokchilarini qutlab, keyingi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilgan islohot va yangilanishlar to‘g‘risida so‘zlab berdi hamda yurtimizni yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berdi. Iqtisodiyotni isloh qilishda, jumladan, soliq yukini yengillashtirish, bojxona bojlarini kamaytirish, soliq ma’muriyatchiligini takomillashtirish, tadbirkorlikni rivojlantirish va investitsion muhitni yaxshilashdagi natijalar ham sanab o‘tildi.
Natijada iqtisodiyotimizga jalb qilingan yillik xorijiy investitsiyalar hajmi uch yarim barobarga oshib, oxirgi 5 yilda ularning umumiy qiymati 25 milliard dollarni tashkil etdi. Buning hisobiga 59 mingta investitsiya loyihalarining amalga oshirilishi 2,5 milliondan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratilishiga munosib hissa qo‘shdi. Davlatimiz rahbari o‘z nutqida 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekiston Taraqqiyot strategiyasining asosiy yo‘nalishlariga batafsil to‘xtaldi. Bular – mamlakatda iqtisodiy va siyosiy barqarorlikni ta’minlash choralarini izchil davom ettirish, ixcham va yuqori natijador, biznesni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan davlat boshqari tizimini yaratish, davlatning iqtisodiyotdagi roli va ulushini keskin qisqartirish, tadbirkorlik faoliyatini yanada rag‘batlantirish, investorlar huquqlarining himoyasini ta’minlash, infratuzilmani jadal rivojlantirish va modernizatsiya qilish, mahalliy xomashyo negizida yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulot ishlab chiqarishni rag‘batlantirish, inson kapitaliga sarmoya kiritish, tashqi savdoni liberallashtirish va gender tenglikni ta’minlash.
Umuman olganda, amalga oshiriladigan islohotlar natijasida keyingi 5 yil ichida yalpi ichki mahsulotni 100 milliard dollarga, yillik eksport hajmlarini esa 30 milliard dollarga, xususiy sektorning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 80 foizga yetkazish ko‘zda tutilgani ta’kidlandi. O‘zbekistonning 2030-yilga borib aholisi o‘rtadan yuqori daromad oladigan davlatlar qatoridan joy olishiga erishish maqsad qilib qo‘yilgan. Davlatimiz rahbari investorlar uchun eng qulay va jozibador sharoitlarni yaratish, xorijiy hamkor va xalqaro tashkilotlar bilan o‘zaro manfaatli sheriklikni har tomonlama mustahkamlash borasidagi ishlar qat’iy davom ettirilishini ta’kidladi. So‘zining yakunida Prezidentimiz ishtirokchilarga forum ishi muvaffaqiyatli, hamkorlik esa samarali bo‘lishini, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha o‘zaro manfaatli kelishuvlarga erishishni tiladi.
Forum orqali mamlakat hukumati xalqaro ishbilarmonlar hamjamiyatiga investorlar uchun eng qulay va jozibali sharoitlarni yaratish hamda xorijiy hamkorlar va xalqaro tashkilotlar bilan o‘zaro manfaatli munosabatlarni har tomonlama chuqurlashtirishga qaratilgan sa’y-harakatlarning yo‘nalishlarini belgilab berdi. Forumning panel munozaralari va tadbirlari doirasida mamlakatimizning turli tarmoqlari va hududlarining investitsiyaviy va iqtisodiy imkoniyatlari ochib berildi, O‘zbekistonni ijtimoiy-iqtisodiy isloh qilish borasida erishilgan natijalar ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, mamlakatimizni yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari, mintaqaviy va jahon savdo aloqalarini rivojlantirish istiqbollari, investitsiyalarni jalb qilish mexanizmlari, savdoni liberallashtirish va milliy iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirish, respublikani sanoatlashtirish va sanoatni yuqori qo‘shimcha qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishga yo‘naltirish bo‘yicha navbatdagi tadbirlar, mahalliy energetikani transformatsiyalash va muqobil energiya manbalariga o‘tish chora-tadbirlari, mintaqa mamlakatlarining transport jihatidan o‘zaro bog‘liqligini mustahkamlash va ularning tranzit salohiyatini oshirish masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi. Hukumat, ishbilarmon va ekspert doiralari vakillari koviddan keyingi davrda iqtisodiy faoliyatni jadal rivojlantirishni tiklash va rag‘batlantirish, kambag‘allikni qisqartirish, pul-kredit siyosatini tartibga solish, biznesni qo‘llab-quvvatlash, bank sektori va moliya bozorini rivojlantirish mexanizmlarini muhokama qildilar.
Forum doirasida Savdo, iqtisod, investitsiyalar, texnika, madaniyat, sport va yoshlar masalalari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi va Saudiya Arabistoni Podshohligi o‘rtasidagi Hukumatlararo komissiyasining 5-yig‘ilishi, “Sanoat kooperatsiyasi. Yangi imkoniyatlar” O‘zbekiston-Xitoy investitsiyaviy forumi, shuningdek, xalqaro moliya institutlari, xorijiy hukumat moliyaviy tashkilotlari rahbarlari va rivojlanish bo‘yicha hamkorlar ishtirok etgan O‘zbekiston uchun “mamlakat platformasi” bo‘lib o‘tdi. Forum ishtirokchilari ikki tomonlama uchrashuv va muzokaralar chog‘ida ham faol fikr almashdilar va hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar. Tadbirning amaliy ahamiyatini ham ta’kidlash joiz. Jumladan, Forum yakunlari bo‘yicha 7,8 mlrd dollarlik aniq shartnomalar va investitsiyaviy bitimlar paketi imzolandi. Shuningdek, qiymati 3,5 milliard dollarlik loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishildi. TXIF o‘zini mintaqalararo va xalqaro aloqalarni mustahkamlash va rivojlantirish uchun keng ko‘lamli muloqot platformasi sifatida namoyish etib, mamlakatlararo va mintaqalararo investitsiyaviy va tashqi iqtisodiy hamkorlikning kuchli katalizatoriga aylandi.
Ushbu Forum O‘zbekiston va butun Markaziy Osiyo mintaqasi iqtisodiyotiga xorijiy investitsiyalar va zamonaviy texnologiyalarni jalb qilish, shuningdek, mintaqa tadbirkorlari va xorijiy ishbilarmon doiralar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni o‘rnatish maqsadida ularni qiziqtirgan yo‘nalishlarni kashf etish uchun doimiy maydonchaga aylanishi kutilmoqda.