Mazkur sharh Markaziy bankning moliyaviy barqarorlik bo‘yicha chop etilayotgan ilk sharhi hisoblanadi.
2022 yilning I yarim yilligi uchun moliyaviy barqarorlik sharhida makromoliyaviy sharoitlar, jumladan, ichki va tashqi sharoitlar, bank tizimining moliyaviy barqarorlik tahlili, makropudensial siyosat vositalari, dastlabki makro stress-test natijalari aks ettirilgan.
Shuningdek, ushbu sharhda O‘zbekistonda moliyaviy barqarorlik uchun asosiy ichki va tashqi xatarlar baholangan. Tashqi geosiyosiy vaziyatning yomonlashishi hisobiga yuzaga kelgan shoklar, jahonda inflyatsion jarayonlarning kuchayishi, ichki qarz yuki hamda muammoli kreditlar hajmining yuqori bo‘lishiga qaramasdan, hozirgi paytda O‘zbekiston bank tizimida moliyaviy barqarorlik saqlanib turibdi.
2022 yilning I yarim yilligida bank tizimining moliyaviy barqarorlik ko‘rsatkichlari o‘rnatilgan minimal talablaridan yuqori shakllangan.
So‘nggi 3-4 yillarda O‘zbekistonda jami kreditlarning yalpi ichki mahsulotga nisbati sezilarli darajada oshgan.
Pandemiya sababli banklar muammoli kreditlarining (NPL) jami kreditlardagi ulushi 2020–2021 yillarda o‘zining yuqori cho‘qqisiga ya’ni 5-6 foizgacha ko‘tarilgan. Biroq, iqtisodiy faollikning oshishi hamda biznes sub’ektlar va aholining to‘lovga qobiliyatliligining yaxshilanishi hisobiga muammoli kreditlarining jami kreditlardagi ulushi pasayib, 2022 yil
1 oktabr holatiga 4,7 foizni tashkil etdi. Tarmoqlar qirqimida muammoli kreditlar sanoat va qishloq xo‘jaligida sezilarli oshgan.
2018–2021 yillarda jami ipoteka kreditlarining 60–70 foizini kredit to‘lovining daromadga nisbati (PTI) 51 foizdan yuqori bo‘lgan ipoteka kreditlari tashkil etgan.
Makro stress-test natijalari asosiy va mo‘’tadil ssenariylarda banklarning kapital yetarlilik darajasi qisqa va o‘rta muddatli istiqbolda minimal regulyativ kapital me’yoridan yuqori bo‘lishini hamda turli xil shoklarga yaxshi bardosh bera olishini ko‘rsatgan. Xatarli ssenariyda, ya’ni iqtisodiyotning keskin yomonlashuvi va valyuta kursining sezilarli darajada qadrsizlanishi holatida esa, bank tizimi regulyativ kapitalning o‘rnatilgan minimal me’yordan tushib ketish ehtimollari mavjudligi aniqlangan.
Shuningdek, ushbu sharhda O‘zbekistonda makroprudensial siyosat asoslarini rivojlantirish yuzasidan bank tizimining konsentratsiyalashuv darajasi, tizimli ahamiyatga molik banklar uchun qo‘shimcha bufer qo‘llash zarurati hamda uning eng maqbul darajasini aniqlash bo‘yicha tahlillar ham qamrab olingan.
To‘liq sharh bilan quyidagi havola orqali tanishish mumkin: https://cbu.uz/oz/press_center/news/717747/