07 Noy, 2022

Samarqand 2023-yilda Jahon turizm poytaxtiga aylanadi

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Jahon Turistik Tashkiloti (UNWTO) 25-Bosh Assambleyasi 2023-yilda Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov ma’lum qildi.

UNWTO Bosh kotibi Zurab Pololikashvili tayyorgarlik ishlari bilan tanishish maqsadida Samarqandga tashrif buyurdi.

Hurmatli mehmon Bosh vazir oʻrinbosari – Turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov hamrohligida Samarqandning tarixiy diqqatga sazovor joylari, hunarmandlar ustaxonalari, Kongress-xoll, mehmonxonalar, restoranlar va boshqa turistik infratuzilma ob’ektlarini o’z ichiga qamrab olgan,  212 gektar maydonda yangi barpo etilgan “Samarqand turistik markazi”ni borib koʻrdi.

– O‘zbekistonning turistik salohiyati yildan-yilga yuksalib bormoqda, – deydi Zurab Pololikashvili. Jahon turistik tashkilotining navbatdagi sessiyasini o‘tkazish tashabbusi bilan chiqqan shaharlar orasidan Samarqand tanlanishi bejiz emas. Qadim zamonlardan beri madaniyatlar chorrahasi hisoblanmish bu qadimiy shahar xalqaro munosabatlarni mustahkamlashga munosib hissa qo‘shmoqda. Samarqand bilan tanishar ekanmiz, uni tanlashda adashmaganimizga ishonch hosil qildik. Ishonchim komilki, UNWTOning kelasi yili Samarqandda boʻlib oʻtadigan sessiyasi har tomonlama muvaffaqiyatli va voqealarga boy boʻladi”.

Eslatib o‘tamiz, Madridda bo‘lib o‘tgan UNWTOning 24-sessiyasida ovoz berish natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston (Samarqand) 2023-yilda Jahon turistik poytaxti bo‘lish sharafini yana bir da’vogar – Portugaliyadan qo‘lga kiritgan edi.

Ta’kidlash joizki, UNWTO Bosh Assambleyasi ikki yilda bir marta o‘tkaziladigan eng muhim turizm forumidir. BMT tashkilotlari oilasining bunday yuksak saviyada tashkil etilgan tadbirining O‘zbekistonda o‘tkazilishi ilk tarixiy voqea bo‘ladi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Bizga yozing

Iltimos, ariza shaklini to’ldiring va biz tez orada siz bilan bog’lanamiz.