MANILA, FILIPPIN (2024-yil 31-iyul) — Osiyo taraqqiyot banki (OTB) O‘zbekiston Hukumatining mamlakat moliya bozorlarini mustahkamlash va barqaror bozorga yo‘naltirilgan energetika sektorini rivojlantirish bo‘yicha tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash uchun umumiy qiymati 400 million AQSH dollari bo‘lgan ikkita qarzni ma’qulladi.
«Xususiy sektorning faol ishtiroki O‘zbekistonning iqtisodiy o‘sishi va transformatsiyasi uchun juda muhim ahamiyatga ega», – dedi OTBning Markaziy va G‘arbiy Osiyo bo‘yicha Bosh direktori Yevgeniy Jukov. «Ushbu dasturlar qo‘llab-quvvatlaydigan islohotlar tartibga soluvchi organlar va kompaniyalar uchun barqaror ichki moliyaviy bozorlarni yaratish va iqlim o‘zgarishi masalalarini hal qilgan holda energiyaga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirish orqali rivojlanishni rag‘batlantirishda o‘z rolini o‘ynashi uchun qulay muhit yaratishga yordam beradi.»
«Energetika sektorini isloh qilish dasturi»ning 2-kichik dasturi uchun ajratiladigan 300 million AQSH dollari miqdoridagi karz xususiy sektor investitsiyalarini rag‘batlantirish va moliyaviy barqarorlikni oshirish maqsadida energetika sektorining tuzilishi, huquqiy-me’yoriy bazasi va boshqaruvini takomillashtirishga qaratilgan siyosat choralarini amalga oshirish uchun budjet yordamini taqdim etadi.
Dastur uglerod chiqindilarini kamaytirish va energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha islohotlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan. Ushbu islohotlar sirasiga elektr energiyasi bozorini rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi, raqobatni rivojlantirish va shaffoflikni ta’minlash uchun mustaqil energetika regulyatorini yaratish, markaziy xarid va chakana savdo funksiyalarini ajratish va yangi tashkil etilgan mustaqil tashkilotlarga o‘tkazish hamda qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanishni oshirish, issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirish va mamlakatning elektr uzatish va tarqatish tarmog‘ini modernizatsiya qilish bo‘yicha energetika sektori bosh rejasi kiradi.
«Moliya bozorlarini rivojlantirish dasturi»ning 2-kichik dasturi uchun ajratiladigan 100 million AQSH dollarli miqdoridagi qarz moliyaviy operatsiyalar va xizmatlarni optimallashtirish uchun bozor sharoitlarini yaxshilashga, shuningdek, O‘zbekistonning kapital va pul bozorlari o‘sishi uchun talab va taklifni tartibga solishga qaratilgan regulyator va institutsional islohotlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.
Ushbu kichik dastur doirasida qo‘llab-quvvatlanadigan asosiy tashabbuslar sirasiga kapital bozorini tartibga solish bo‘yicha barcha vakolatlarni ixtisoslashtirilgan tartibga soluvchi organga berish, kapital bozori bilan bog‘liq barcha me’yoriy hujjatlarni birlashtiruvchi taklif etilayotgan qonun, shaffoflikni ta’minlash va o‘rganish imkonini berish uchun Internetda kompleks bozor ma’lumotlarini nashr etish va yashil va ijtimoiy loyihalarni moliyalashtirish uchun obligatsiyalarni chiqarishni va kapital bozoriga kirishni osonlashtirish uchun fintex uchun «tartibga solish qumdoni» rejimini qo‘llab-quvvatlovchi davlat qarzi to‘g‘risidagi qonun.
O‘zbekiston OTBga 1995 yilda a’zo bo‘lgan va o‘shandan beri bank mamlakatga 12.5 mlrd. AQSH dollari miqdorida qarz, grant va texnik ko‘mak taqdim etgan.
OTB o‘ta qashshoqlikka barham berish bo‘yicha sa’y-harakatlarini davom ettirib, rivojlangan, keng qamrovli va barqaror Osiyo va Tinch okeani mintaqasiga erishishga intiladi. OTB 1966 yilda tashkil etilgan bo‘lib, unga 68 mamlakat a’zo bo‘lgan. Ularning 49 tasi mintaqada joylashgan.
Manba: OTB press-relizi