03 Noy, 2022

Oʻzbekiston II Xalqaro iqtisodiy forumi ishtirokchilariga murojaat

Hurmatli forum ishtirokchilari!

Xonimlar va janoblar!

Siz, azizlarni Buyuk ipak yo‘lining muhim chorrahasi bo‘lgan qadimiy va betakror Samarqand shahrida II O‘zbekiston xalqaro iqtisodiy forumining ochilishi bilan chin qalbimdan samimiy qutlab, barchangizga o‘zimning chuqur hurmatim va ezgu tilaklarimni izhor etaman.

Bu yilgi anjumanning asosiy muloqot mavzusi “Inson manfaatlarini iqtisodiy islohotlarning bosh mazmuniga aylantirish” masalasiga bag‘ishlangani bejiz emas.

Dunyoda davom etayotgan murakkab pandemiya va global iqtisodiy inqiroz oqibatlari, turli notinchliklar va ziddiyatlar fonida yuzaga kelayotgan oziq-ovqat va energetika xavfsizligini ta’minlash, iqlim o‘zgarishi muammolari inson taqdiri haqida jiddiy bosh qotirishni kun tartibiga dolzarb masala qilib qo‘yayotganini albatta hammamiz ko‘rib turibmiz.

Bugungi forum nufuzli xalqaro tashkilotlar, yetakchi xorijiy kompaniyalar va taniqli ekspertlar ishtirokida bu boradagi ilg‘or tajribalarni muhokama qilish hamda birgalikda umumiy harakatlar rejasini ishlab chiqish uchun qulay imkoniyat bo‘lib xizmat qiladi, deb ishonaman.

Qadrli do‘stlar!

Biz xalqimiz bilan bamaslahat ishlab chiqilgan va hozirgi vaqtda jadal amalga oshirilayotgan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida “Inson qadri uchun” degan ezgu g‘oya asosida barcha sohalarda faol islohotlarni amalga oshirish bo‘yicha ustuvor vazifalarni belgilab oldik.

Xususan, mamlakatimizda 2022-2026-yillarda inklyuziv va barqaror iqtisodiy o‘sishga erishish, inson kapitalini rivojlantirish va kambag‘allikni kamida 2 barobarga qisqartirishni maqsad qilganmiz. Buning uchun, biz quyidagi ustuvor vazifalarni tizimli ravishda amalga oshirmoqdamiz.

Birinchidan, iqtisodiyotda xususiy sektor rolini tubdan oshirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, investitsiya va sog‘lom raqobat muhitini yaxshilashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Bu borada hududlarning sharoiti, o‘ziga xos xususiyati va imkoniyatidan kelib chiqqan holda, biznes uchun soliq yukini izchil kamaytirib borish va moliyaviy resurslar bilan ta’minlash katta ahamiyat kasb etmoqda.

Ikkinchidan, aholining turmush sifatini oshirish va yashash sharoitini yanada yaxshilash maqsadida har bir mahallaning infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli dasturlarni hayotga joriy etmoqdamiz.

Jumladan butun respublikamiz bo‘yicha “Obod qishloq”, “Obod mahalla” va “Tashabbusli budjet” dasturlari doirasida aholi uchun zarur bo‘lgan ichimlik suv, elektr energiyasi ta’minoti, ichki yo‘llar holati yaxshilanib, ta’lim, tibbiyot muassasalari va boshqa ijtimoiy ob’ektlar barpo etilmoqda.

Uchinchidan, aholining kambag‘al va ehtiyojmand qatlamlarini manzilli ijtimoiy himoya tizimi bilan to‘liq qamrab olish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash ko‘lamini kengaytirishga alohida ahamiyat qaratilmoqda.

Bunda professional ta’lim sifatini oshirish, mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan zamonaviy kasb-hunarlarga o‘qitish orqali aholini, birinchi navbatda yoshlarni va xotin-qizlarni tadbirkorlikka jalb qilish va kafolatli daromad manbai bilan ta’minlash masalasi strategiyamizda muhim o‘rin tutadi.

To‘rtinchidan, tashqi bozorlar va hamkor davlatlarda yuzaga kelgan tahlikali vaziyat sharoitida mamlakatimizda makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash hamda inflyatsiya sur’atlarini jilovlash choralari ko‘rilmoqda. Natijada, joriy yilda mamlakatimizda 5 foizdan yuqori iqtisodiy o‘sish kutilmoqda.

Beshinchidan, qishloq xo‘jaligiga suv va resurs tejovchi, “aqlli” texnologiyalarni joriy etgan holda, mahsulot ishlab chiqarishning barqaror tizimlarini yaratish hamda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash doimiy diqqat markazimizda bo‘ladi.

Oltinchidan, barcha hamkor davlatlar bilan savdo-iqtisodiy va investitsion hamkorlikni kengaytirish, raqobatbardosh mahsulotlar bilan tashqi bozorlarga chiqish, bu borada transport-logistika tizimlarini rivojlantirish orqali o‘zaro bog‘liqlikni ta’minlash islohotlarimizning asosiy yo‘nalishlaridan biridir.

Hurmatli forum ishtirokchilari!

Albatta, Yangi O‘zbekiston o‘z oldiga qo‘ygan yuksak marralarni amalga oshirishda xalqaro moliya tashkilotlari, xorijiy davlatlar va yetakchi kompaniyalar bilan yaqindan hamkorlik qilmoqda.

Shu o‘rinda, bizga xayrixoh bo‘lgan, birgalikdagi loyihalarni amalga oshirishda faol ishtirok etayotgan barcha hamkorlarimizga o‘z minnatdorligimni bildiraman.

Aminmanki, tadbirda Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki singari nufuzli tashkilotlar vakillari va salohiyatli investorlar qatnashayotgani mazkur forum ishini yanada samarali bo‘lishiga xizmat qiladi.

Bugungi anjuman ishtirokchilari yangi loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha o‘zaro manfaatli kelishuvlarga erishib, sheriklik aloqalarimizni yanada kengaytirishga munosib hissa qo‘shadilar, deb ishonaman.

Fursatdan foydalanib, barchangizga mustahkam sog‘liq, sharafli va mas’uliyatli faoliyatingizda ulkan kuch-g‘ayrat va omadlar, forum ishiga esa katta muvaffaqiyatlar tilayman.

 

Shavkat Mirziyoyev,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

 

Manba: https://president.uz/oz/lists/view/5662

Bizga yozing

Iltimos, ariza shaklini to’ldiring va biz tez orada siz bilan bog’lanamiz.