O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining sharhiga kura 2022 yilning I yarim yilligida joriy operatsiyalar hisobi defitsiti 830 mln. dollar (2021 yilning I yarmida 3,3 mlrd. dollar) bilan shakllandi.
Bunda, savdo balansining (tovarlar va xizmatlar) manfiy saldosi (6,5 mlrd. dollar) birlamchi va ikkilamchi daromadlarning ijobiy saldosi (5,7 mlrd. dollar) hisobiga qisman qoplandi.
2022 yilning I yarim yilligi yakunlari bo‘yicha moliyaviy hisobning manfiy saldosi 52,5 mln. dollarni (2021 yilning I yarmida 3,7 mlrd. dollar) tashkil etdi. Majburiyatlar bo‘yicha asosan to‘g‘ridan-to‘g‘ri va boshqa investitsiyalar mos ravishda 895 mln. dollar va 3,2 mlrd. dollarga o‘sish kuzatilgan bo‘lsa, aktivlarda esa valyuta va depozitlar hamda xalqaro rezerv aktivlar bilan bog‘liq operatsiyalar mos ravishda 3,4 mlrd. va 285,2 mln. dollarga ortdi.
O‘zbekiston Respublikasiga chet eldan to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarning sof o‘sishi 895,4 mln. dollarni tashkil qildi (2021 yilning I yarmida 1,3 mlrd. dollar).
Shu bilan birga, kapitalga sof investitsiyalar (mahsulot taqsimotiga oid bitimlar bo‘yicha operatsiyalar bundan mustasno) – 362,8 mln. dollarni, bosh ofisdan jalb qilingan qarzlar – 505,6 mln. dollarni, mahsulot taqsimotiga oid kelishuvlar asosida ishlayotgan korxonalar tomonidan investitsiyalarning sof so‘ndirilishi – 325,1 mln. dollarni tashkil qildi.
Portfel investitsiyalarning manfiy saldosi 2022 yilning I yarim yilligida 6,9 mln. dollarni tashkil qildi.
O‘zbekiston Respublikasining sof investitsion pozitsiyasi ko‘rsatkichi yil boshiga nisbatan 9 foizga yoki 1,6 mlrd. dollarga oshib joriy yilning 1 iyul holatiga 18,5 mlrd. dollarni tashkil etdi. Bunda, mamlakatning chet el valyutasidagi aktivlari 74,7 mlrd. dollar, tashqi majburiyatlarining hajmi esa 56,3 mlrd. dollarga teng bo‘ldi.