24 Apr, 2024

2024-yilning 1-choragida O’zbekistonda asosiy kapitalga investitsiyalar 107,1 trln so’mni tashkil etdi

2024- yilning yanvar-mart oylarida jami 107,1 trln. so‘m asosiy kapitalga investitsiyalar o‘zlashtirilib, 2023-yilning mos davriga nisbatan 174,5 % ni tashkil etdi.

Asosiy kapitalga investitsiyalarning tarkibida 75,9 % yoki 81,3 trln. so‘m investitsiyalar jalb etilgan mablag‘lar hisobidan moliyalashtirilgan bo‘lsa, korxona, tashkilot va aholining o‘z mablag‘lari hisobidan 24,1 % yoki 25,8 trln. so‘m moliyalashtirildi.

Shuningdek, markazlashgan moliyalashtirish manbalari hisobidan asosiy kapitalga investitsiyalar hajmi 7,6 trln. so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, markazlashmagan moliya-lashtirish manbalari hisobidan 99,5 trln. so‘m investitsiyalar o‘zlashtirildi.

So‘nggi besh yil ichida o‘sish sur’atlarini ko‘radigan bo‘lsak, 2020-yilda 104,6 % ga yetgan, 2021- yilda bir oz pasayib 97,8 % ni tashkil etgan, 2022- yilda ko‘payib – 115,2 % kuzatildi, hozirgi davrgacha yana o‘sish tendensiyasiga ega bo‘lib – 174,5 % ni tashkil etdi.

Asosiy kapitalga o‘zlashtirilgan investitsiyalarni moliyalashtirish manbalari bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkichlar va o‘sish sur’atlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hisobiga to‘g‘ri kelib, 2023-yilning mos davriga nisbatan 258,0 % ni tashkil etdi.

2024-yilning yanvar-mart oylarida korxona va tashkilotlarning o‘z mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilgan asosiy kapitalga investitsiyalar – 18,8 trln. so‘m yoki jami asosiy kapitalga investitsiyalarning 17,6 % ini tashkil etdi. Aholi mablag‘lari hisobidan jami asosiy kapitalga investitsiyalarning 6,5 % i yoki 6,9 trln. so‘mi o‘zlashtirildi.

To‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hisobidan o‘zlashtirilgan investitsiyalar hajmi 33,3 trln. so‘mni tashkil etdi va jami investitsiyalardagi ulushi 2023-yilning mos davriga nisbatan 10,1 % punktga ko‘payib, 31,1 % ni tashkil etdi.

Shuningdek, tijorat banklari kreditlari va boshqa qarz mablag‘lari hisobidan 5,2 trln. so‘m (jami asosiy kapitalga investitsiyalarning 4,8 % ini tashkil etdi), O‘zbekiston Respublikasi kafolati ostidagi xorijiy kreditlar 5,2 trln. so‘m (4,8 %), kafolatlanmagan va boshqa xorijiy investitsiya va kreditlar 35,3 trln. so‘m (33,0 %), Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi 0,4 trln. so‘m (0,4 %), Respublika budjeti 1,7 trln. so‘m (1,6 %), Suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimlarini rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan 0,2 trln. so‘m (0,2 %) miqdorida asosiy kapitalga inestitsiyalar o‘zlashtirildi.

O‘zbekiston Respublikasi bo‘yicha asosiy kapitalga investitsiyalarning texnologik tarkibida mashina, uskuna va inventarlarga 54,5 trln. so‘m investitsiyalar o‘zlashtirilgan bo‘lib, jami investitsiyalarning 50,9 % ini tashkil etdi, qurilish-montaj ishlari bo‘yicha 42,7 trln. so‘m (jami investitsiyalardagi ulushi 39,9 %) va boshqa xarajatlarga 9,8 trln. so‘m (9,2 %) o‘zlashtirildi.

Hududlar kesimida jami asosiy kapitalga investitsiyalar hajmida qurilish-montaj ishlarining ulushi bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich Xorazm viloyatida kuzatildi – 60,0 % yoki 1,5 trln. so‘m.

Qurilish-montaj ishlarining ulushi bo‘yicha eng quyi daraja Sirdaryo viloyatida kuzatilib, 60,9 % ni yoki 1,7 trln. so‘mni tashkil etdi.

Joriy hisobot davrida yangi qurilishga yo‘naltirilgan asosiy kapitalga investitsiyalar 66,5 trln. so‘mga yetdi hamda jami asosiy kapitalga investitsiyalarning 62,1 % ini tashkil etdi.

Iqtisodiyotda mavjud obyektlarni kengaytirish, rekonstruksiya qilish, modernizatsiyalash va texnik qayta qurollantirishga yo‘naltirilgan investitsiyalar 25,5 trln. so‘mni tashkil etdi va respublikadagi jami o‘zlashtirilgan investitsiyalarning 23,8 % ini tashkil etdi. Qolgan 14,1 %, ya’ni 15,1 trln. so‘m boshqa xarajatlarga yo‘naltirildi.

2024-yil yanvar-mart oylarida O‘zbekiston Respublikasida qayta ishlash sanoatida xorijiy investitsiya va kreditlar salmoqli o‘zlashtirilib, 27,5 trln. so‘mni yoki jami asosiy kapitalga o‘zlashtirilgan investitsiyalarning 37,3 % ini tashkil etdi.

Elektr va gaz bilan ta’minlash faoliyat turida bu ko‘rsatkich 14,1 trln. so‘mni yoki jami xorijiy investitsiya va kreditlarning 19,1 % ini qayd etdi.

Manba: O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika Agentligi 

Bizga yozing

Iltimos, ariza shaklini to’ldiring va biz tez orada siz bilan bog’lanamiz.