O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki pul-kredit siyosatining 2026-2028-yillarga mo‘ljallangan asosiy yo’nalishlari e’lon qildi. Unda so‘nggi makroiqtisodiy va inflyatsion ko‘rsatkichlar hamda ular bo‘yicha 2026-2028-yillarga mo‘ljallangan asosiy prognozlar keltirilgan. Pul-kredit siyosati narxlar barqarorligini ta’minlash hamda inflyatsiyani o‘rta muddatli targetgacha – 5 foizgacha pasaytirish maqsadidan kelib chiqib amalga oshiriladi.
2025-yildagi makroiqtisodiy sharoitlar
2025-yilda O‘zbekiston iqtisodiyoti barqaror va nisbatan yuqori o‘sishni saqlab qolishi hamda real YaIM o’sishi 7-7,5 foiz atrofida bo‘lishi kutilmoqda. Yuqori investitsion faollik, uy xo’jaliklari daromadlarining oshishiga mos ravishda iste’mol talabining ortishi va eksportning jadal o’sishi iqtisodiy o’sishning asosiy omillaridan bo‘lmoqda. Investitsion faollikning oshishi xizmat ko‘rsatish, sanoat va qurilish sohalarida sezilarli o‘sishga hissa qo‘shmoqda. Budjet daromadlari xarajatlarga qaraganda tezroq o‘sdi, bu fiskal konsolidatsiya va muvozanatli fiskal pozitsiyani qo‘llab-quvvatladi.
Ayrim iste’mol tovarlari bo‘yicha import taklifi bilan bog‘liq xatarlar 2025-yilning I choragida inflyatsiyaning yuqori bo‘lishiga va inflyatsion kutilmalarning vaqtinchalik oshishiga olib keldi. Bunga javoban, mart oyida Markaziy bank asosiy stavkani 0,5 foiz bandga oshirib, yillik 14 foizga yetkazish orqali pul-kredit siyosatini qat’iylashtirdi. Pul-kredit siyosatining nisbatan qat’iyligi hamda valyuta kursining mustahkamlanishi III chorakda import inflyatsiyasi, inflyatsion bosim va inflyatsion kutilmalarning pasayishiga xizmat qildi. Umumiy inflyatsiya 2025-yil oxirigacha 8 foiz atrofida bo‘lishi kutilmoqda.
O‘rta muddatli istiqbol va xatarlar
2026-2028-yillarga mo‘ljallangan o‘rta muddatli prognozlar tashqi va ichki sharoitlar o‘zgarishi bo‘yicha kutilmalarni aks ettiruvchi asosiy makroiqtisodiy ssenariyga asoslanadi. Tashqi tomondan, global o‘sish davom etayotgan noaniqliklar sharoitida nisbatan past bo‘lib qolishi prognoz qilinmoqda. Ichki sharoitlar:
- yalpi talabning bosqichma-bosqich barqarorlashuvini;
- kreditlar o‘sishining me’yorlashuvini;
- mehnat unumdorligiga mos ravishda ish haqining oshishini;
- pul o‘tkazmalarining o‘sishi o‘rta muddatli trayektoriyaga qaytishini;
- investitsiyalarning barqaror oqimini va yalpi ichki mahsulotning 3 foizidan oshmaydigan fiskal taqchillikni nazarda tutadi.
Ushbu ssenariy bo‘yicha yalpi ichki mahsulotning real o‘sishi 2026-yilda 5,5-6,5 foizni, 2027-2028-yillarda 6-7 foizni tashkil etishi kutilmoqda.
Markaziy bank inflyatsiyaning 5 foizlik o‘rta muddatli targetiga qat’iy amal qiladi. Umumiy inflyatsiya 2026-yil oxirigacha 7 foizgacha pasayishi, 2027-yilda 5 foizlik targetga yetishi va 2028-yildan boshlab ushbu ko‘rsatkich atrofida shakllanishi kutilmoqda. Inflyatsiyaning past va barqaror bo‘lishini ta’minlash raqobatni kuchaytirish, savdo ochiqligi, energetika xavfsizligi, infratuzilma va moliya sektorini yaxshilash bo‘yicha tarkibiy islohotlarni ham talab qiladi.
Pul-kredit siyosatining 2025-2028-yillarga mo‘ljallangan prognozining to‘liq matni va qisqa tafsifi bilan tanishishing.