29 Apr, 2022

Samarqand shahri transport tizimi vs infratuzilmasuni rivojlantirish

Prezident Shavkat Mirziyoyev 29-aprel kuni Samarqand shahrida transport tizimini rivojlantirish bo‘yicha rejalar taqdimoti bilan tanishdi.

Mamlakatimizning Taraqqiyot strategiyasida Samarqand shahrini istiqbolda “millionlik shaharlar”ga aylantirish maqsadi belgilangan. Buning uchun joriy yilda shahar hududi 28 ming gektar qilib kengaytiriladi. Kelgusi besh yilda Qorasuv mavzesi, Shirin mahallasi va vokzal ortidagi hududda 300 ming aholiga mo‘ljallangan yangi uy-joylar barpo etiladi. Shuningdek, turistlar soni 5 million nafarga yetishi kutilmoqda.

Bularning barchasi shaharning transport tizimi, yo‘llari va yo‘l infratuzilmasini yangidan ko‘rib chiqishni taqozo etmoqda.

Hozirda doimiy aholi va tumanlardan keluvchilarni qo‘shib hisoblaganda, Samarqand shahrida kuniga 925 ming kishi harakatlanadi. Ularning katta qismi – 592 ming nafari shaxsiy avtomobillarda yuribdi. Jamoat transportidan bor-yo‘g‘i 330 mingdan ziyod aholi foydalanayapti.

Taqdimotda xorijiy ekspertlar ishtirokida ishlab chiqilgan takliflar muhokama qilindi.

Unga ko‘ra, jamoat transporti tarmog‘i magistral, yetkazib beruvchi va ichki yo‘nalishlarga ajratiladi. Hozirgiga qo‘shimcha 40 ta yangi yo‘nalish, xususan, aeroport, vokzal va tarixiy markazlarni bog‘laydigan 5 ta ekspress yo‘nalish tashkil etiladi. Avtobuslar katta sig‘imlisiga almashtirilib, markaziy ko‘chalarda ularning harakati uchun alohida yo‘lak ajratiladi. 2022-yilda 80 ta, 2023-yilda 100 ta elektrobus olib kelinadi. Bekatlar soni ko‘paytiriladi. Samarqand shahar hokimligi tarkibida Transport bo‘limi tashkil etiladi. 1 iyuldan boshlab, Samarqand viloyati budjetidan shahar transportiga subsidiya ajratish yo‘lga qo‘yiladi.

Davlatimiz rahbari bu ishlarda ilg‘or texnologiyalarni qo‘llash, yo‘l harakatini boshqarishni raqamlashtirish masalasiga alohida e’tibor qaratdi.

– Hayot tezlashdi, odamlarning faolligi oshdi. Lekin jamoat transporti avvalgiday turibdi. Yo‘lni kengaytirish bilan tirbandlik muammosini hal etib bo‘lmaydi. Jamoat transportiga ustunlik berish kerak. Dunyo tajribasiga qaranglar. “Aqlli svetofor”lar o‘rnatib, yo‘l harakatini onlayn boshqarib, ko‘chalarning o‘tkazuvchanligini oshirish zarur. Kelgusida hamma shaharlarimizda shunday qilamiz. Samarqand bunda andoza bo‘lishi kerak, – dedi Prezident.

Pastdarg‘om va Bulung‘ur tumanlarini Samarqand shahri bilan bog‘laydigan elektropoyezd qatnovini yo‘lga qo‘yish taklifi bildirildi.

Yo‘l-transport infratuzilmasini yaxshilash rejalari bo‘yicha ham axborot berildi. Bu yil Samarqand shahrida 160 kilometr yo‘l ta’mirlanadi, 5 ta yo‘l o‘tkazgich qurilishi boshlanadi. 102 ta yangi bekat tashkil qilinib, mavjudlari tartibga keltiriladi.

Taqdimotda Samarqand viloyati maxsus ekspluatatsiya-montaj bo‘linmasi tomonidan amalga oshiriladigan ishlar ham ko‘rib chiqildi. Samarqand shahridagi 49 ta chorrahada “transport oqimini raqamli boshqarish” tizimi joriy etilishi, 140 ta chorrahaga zamonaviy svetoforlar o‘rnatilishi, markaziy ko‘chalar zamonaviy yo‘l belgilari bilan jihozlanishi qayd etildi. Natijada svetoforda turish vaqti 31 foizga, harakat vaqti 36 foizga, harakat tezligi 17 foizga yaxshilanadi.

Yo‘l quruvchi tashkilotlar va Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimlarini o‘qitish, malakasi va dunyoqarashini oshirish, tanlov asosida ishga olish muhimligi ko‘rsatib o‘tildi.

Qayd etish joizki, “INVEXI” Kompaniyasi Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining “Yashil shaharlar” dasturi doirasida Samarqand shahri uchun elektroavtobuslar yetkazib berish, avtomobil transportini rivojlantirish va tegishli infratuzilmani barpo etish loyihasi bo‘yicha Samarqand viloyati Hokimligi va Samarqand viloyati transport boshqarmasiga maslahatchi vazifasini bajarmoqda.

Bizga yozing

Iltimos, ariza shaklini to’ldiring va biz tez orada siz bilan bog’lanamiz.