19 Dek, 2022

O‘zbekiston Respublikasining 2022-yil 11 oyida tashqi savdo aylanmasi

O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo’mitasining ma’lumotlariga ko’ra 2022- yilning yanvar-noyabr oylari yakuni bilan respublikaning tashqi savdo aylanmasi (matnda TSA) 44.947,6 mln. AQSH dollarini tashkil etib, 2021- yilga nisbatan 6.840,7 mln. AQSH dollariga yoki 18,0% ga koʻpaydi.

TSAda eksport hajmi 17.365,3 mln. AQSH dollariga (12,0% ga ko‘paydi) va import hajmi 27.582,3 mln. AQSH dollariga (22,1% ga koʻpaydi) yetdi.

Hisobot davrida – 10.217,0 mln. AQSH dollari qiymatida passiv tashqi savdo balansi qayd etildi.

2022- yilning yanvar-noyabr oylarida Oʻzbekistonning tashqi savdo aylanmasi 44.947,6 mln. AQSH dollarini tashkil etib, 2019- yilning mos ko‘rsatkichiga nisbatan 43,8 foizga ko‘paydi.

Tashqi iqtisodiy faoliyat boʻyicha 20 ta yirik hamkor-davlatlar orasidan uchta davlatda faol tashqi savdo balansi kuzatilgan, xususan, Afgʻoniston, Qirgʻiz Respublikasi va Tojikiston shular jumlasidandir. Qolgan 17 ta davlatlar bilan passiv tashqi savdo balansi saqlanib qolmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi jahonning 200 mamlakati bilan savdo aloqalarini amalga oshirib kelmoqda. TSAning nisbatan salmoqli hissasi Rossiya Federatsiyasida (18,6%), XXRda (18,2%), Qozogʻistonda (9,3%), Turkiyada (6,5%), Koreya Respublikasida (4,8%), Qirgʻiz Respublikasi (2,5%) va Germaniyada (2,1%) qayd etilgan.

2022- yilning yanvar-noyabr oylarida, Oʻzbekiston Respublikasi tashqi savdo aylanmasining uchdan bir qismi yoki 40,0% i MDH davlatlariga toʻgʻri kelib, tashqi savdo aylanmasidagi 2021- yilning mos davriga nisbatan ulushi 3,2% ga ko‘paygan.

Boshqa xorijiy davlatlarning TSA 2022- yilning yanvar-noyabr oylarida 2021- yilning mos davriga nisbatan 3,2% ga kamaydi va jami TSAdagi ulushi 60,0% ni tashkil etdi.

Oʻzbekiston Respublikasining MDH mamlakatlari bilan tashqi savdo aylanmasi 2022- yil yanvar-noyabr holatiga koʻra 17.999,5 mln. AQSH dollarini tashkil etdi. Shundan eksport 7.140,5 mln. AQSH dollariga yetgan boʻlsa, import 10.859,0 mln. AQSH dollari qiymatida qayd etildi.

Oʻzbekiston Respublikasining MDH mamlakatlari bilan tashqi savdo aylanmasining eng yuqori hajmlari Rossiya Federatsiyasi (46,3%), Qozogʻiston (23,3%) hamda Qirgʻiz Respublikasi (6,2%) davlatlari bilan qayd etildi.

 

OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI EKSPORTI

(2022- yil yanvar-sentabr)

Joriy yilning yanvar-noyabr oylarida mamlakatning eksportyorlari soni 6.893 tani tashkil etib, ular tomonidan 13.837,7 mln. AQSH dollari (oltindan tashqari) qiymatidagi (2021- yilning mos davriga nisbatan 121,4% ga koʻpaydi) tovar va xizmatlar eksport qilinishi taʼminlandi.

Eksport tarkibida tovarlar ulushi 79,2% ni tashkil etib, ular sanoat tovarlari (23,1%), oziq-ovqat mahsulotlari va tirik hayvonlar (8,4%) va kimyoviy vositalar va shunga o‘xshash mahsulotlar (7,0%) hissasiga toʻgʻri kelmoqda.

Eksportning eng katta hajmi 2022- yil fevral oyida qayd etilib, 2.697,0 mln. AQSH dollarini tashkil etdi. 2021- yilning shu oyiga nisbatan 1.892,6 mln. AQSH dollariga koʻpaydi. 2022- yil noyabr oyida eksport hajmi 1.882,2 mln. AQSH dollarini tashkil etdi va 2021- yilning shu davriga nisbatan 37,3 foizga kamaydi.

2022- yilning yanvar-noyabr oylarida MDH mamlakatlariga 7.140,5 mln. AQSH dollari qiymatidagi tovar va xizmatlar eksport qilinib, jami eksportning 41,1% ini tashkil etdi.

2020-2021- yillar bilan taqqoslaganda, 2022- yil yanvar-noyabr oylarida tashqi savdo aylanmasida tovarlar va xizmatlar eksporti bo‘yicha asosiy hamkorlarimiz XXR, Rossiya Federatsiyasi, Turkiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Afg‘oniston va Tojikiston kabi davlatlar bo‘lgan. Ularning umumiy eksportdagi ulushi 56,6% ni tashkil etdi.

Oziq-ovqat mahsulotlarining asosiy qismi boʻlgan 1.031,4 mln. AQSH dollari qiymatidagi 1.599,8 ming tonnadan ziyod meva-sabzavot eksport qilindi. Bunda 2021- yilning mos davriga nisbatan 19,5% ga ko‘paydi.

2022- yil yanvar-noyabr oylarida meva-sabzavot mahsulotlari jami eksportning 5,9% ini tashkil etdi.

Meva-sabzavot mahsu-lotlarining asosiy eksport bozorlari Rossiya Federatsiyasi, Qozogʻiston, XXR hamda Pokiston davlatlari hissasiga toʻgʻri kelgan.

2022- yil yanvar-noyabr oylarida meva va sabzavotlar eksportining qiymat jihatidan eng katta hajmi Rossiya Federatsiyasiga to‘g‘ri keldi (meva va sabzavotlar eksporti umumiy hajmining 44,3% i), bu Qozog‘istonga eksport hajmidan 2,3 baravar ko‘p.

Joriy yil yanvar-noyabr oyi yakuni bo‘yicha 2.899,5 mln. AQSH dollarilik toʻqimachilik mahsulotlari eksporti amalga oshirilib, umumiy eksportning 16,7% ini tashkil etdi va oʻtgan yilga nisbatan 9,5% ga oʻsdi.

Yil boshidan 532 turdagi toʻqimachilik mahsulotlari dunyoning 69 tа davlatiga eksport qilindi. Eksport qilingan toʻqimachilik mahsulotlari tarkibida paxtadan yigirilgan ip (45,2%), tayyor trikotaj va tikuvchilik kiyimlari (28,5%) asosiy ulushni egallagan.

Toʻqimachilik mahsulotlarining eng katta ulushi Rossiya Federatsiyasi (1.156,0 mln. AQSH dollari – 41,0%) va Turkiya (481,9 mln. AQSH dollari – 21,8%) davlatlari hissasiga toʻgʻri keldi.

Xizmatlar eksporti hajmi 3.619,5 mln. AQSH dollarini yoki jami eksport hajmining 20,8% ini tashkil etib, 2021- yilning mos davriga nisbatan 55,2% ga koʻpaydi. Xizmatlar eksporti tarkibining asosiy ulushi transport (44,4%), safarlar (turizm) (40,6%), telekommunikatsiya, kompyuter va axborot (6,8%) va boshqa tadbirkorlik bilan bog‘liq xizmatlar (4,0%) hissasiga toʻgʻri kelgan.

Shu bilan birga, boshqa xizmatlar (4,2%)ni tashkil etib, tarkibida eng yuqori ulushlar moliyaviy xizmatlar (1,8%), sugʻurta va pensiya taʼminoti xizmatlari (1,4%) hamda texnik xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash xizmatlari (0,3%) hissasiga toʻgʻri keldi.

 

OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING IMPORTI

(2022- yil yanvar-noyabr)

2022- yilning yanvar-noyabr oylarida import hajmi 27.582,3 mln. AQSH dollarini va 2021- yilning mos davriga nisbatan 122,1% ni tashkil etdi. Import tarkibida eng katta ulush, mashinalar va transport asbob-uskunalari (31,0%), sanoat tovarlari (19,0%) hamda kimyoviy vositalar va shunga oʻxshash mahsulotlar (13,8%) hisobiga toʻgʻri keldi.

Tovarlar importi dinamikasi tahliliga koʻra, 2022- yilning yanvar-noyabr oylarida import qilingan tovarlar hajmi, oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 4.205,8 mln. AQSH dollariga koʻpaydi va 25.260,0 mln. AQSH dollarini tashkil etdi. Xizmatlar importi esa 2.322,3 mln. AQSH dollariga yetdi.

2022- yil yanvar-noyabr natijalariga koʻra MDH mamlakatlaridan import ulushi 24,2% ni tashkil etib, 2021- yilning mos davriga nisbatan 1,2% ga kamaydi.

2022- yil yanvar-noyabr oylarida O‘zbekiston Respublikasi 174 ta davlatdan tovar va xizmatlar importini amalga oshirdi. Yetti yirik hamkor davlatlar (XXR, Rossiya Federatsiyasi, Qozogʻiston, Koreya Respublikasi, Turkiya, Germaniya va Hindiston) jami importning 70,6% ulushini tashkil etdi.

2021- yilning yanvar-noyabr oylari yakuni bilan xizmatlar importi hajmi 2.322,3 mln. AQSH dollarini yoki jami import hajmining 8,4% ini tashkil etdi va oʻtgan yilga nisbatan 50,5% baravarga koʻpaydi. Xizmatlar importi tarkibining asosiy ulushi boshqa safarlar (turizm xizmatlari) (56,1%), transport xizmatlari (15,4%), telekommunikatsiya, kompyuter va axborot xizmatlari (9,4%) va boshqa tadbirkorlik bilan bogʻliq xizmatlar (6,6%)ga tegishli boʻldi.

Shuningdek, boshqa xizmatlar ulushi jami xizmatlar importining 12,4% ini tashkil etib, uning tarkibida yuqori ulushlarni intellektual mulkdan foydalanganlik uchun yig‘imlar (3,9%), qurilish xizmatlari (3,0%), texnik xizmat koʻrsatish va ta’mirlash boʻyicha xizmatlar (2,2%) va boshqalar tashkil etdi.

2022- yil yanvar-noyabr oylarida import tarkibida mashinalar va transport-asbob uskunalari hajmi 8.558,0 million AQSH dollarini tashkil etib, oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 16,2% ga koʻpaydi va importning umumiy hajmidagi ulushi 31,0% ga yetdi.

2022- yil yanvar-noyabr oylarida mashina va transport asbob-uskunalari oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 1.190,7 mln. AQSH dollariga oshdi. Ushbu tovarlarni Oʻzbekiston Respublikasiga yetkazib berishning asosiy qismi XXR — 3.252,4 mln. AQSH dollari (38,0%) va Koreya Respublikasi — 1.436,6 mln. AQSH dollari (16,8%), Turkiya 661,9 mln. AQSH dollari (7,7%) kabi davlatlarga toʻgʻri keladi.

2022- yil yanvar-noyabr oylarida import tarkibida sanoat tovarlari hajmi 5.253,8 million AQSH dollarini tashkil etib, oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 26,3% ga koʻpaydi va importning umumiy hajmidagi ulushi 19,0% ga yetdi.

Sanoat tovarlari importi asosan choʻyan yoki legirlanmagan poʻlat (2.272,1 mln. AQSH dollari), metallardan tayyorlangan buyumlar (670,2 mln. AQSH dollari), toʻqimachilik yigirilgan ipi, matolar, tayyor buyumlar va shunga oʻxshash mahsulotlar (497,7 mln. AQSH dollari), qog‘oz va karton (426,0 mln. AQSH dollari) va boshqalardan tashkil topgan.

Bizga yozing

Iltimos, ariza shaklini to’ldiring va biz tez orada siz bilan bog’lanamiz.