IFC (Xalqaro Moliya Korporatsiyasi – XMK) va Oʻzbekiston hukumati oʻrtasidagi yangi hamkorlik toʻgʻrisidagi bitim toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni koʻproq jalb qilish va iqtisodiy oʻsishni ragʻbatlantirish uchun mamlakatning huquqiy va meʼyoriy bazasini takomillashtirishga qaratilgan.
Uning maqsadi O‘zbekistondagi amaldagi investitsiyalar to’g’risidagi qonunchiligini ilg‘or jahon tajribasiga moslashtirish va shu orqali xorijiy investitsiyalar oqimini rag‘batlantirishdan iborat. Shu munosabat bilan XMK Yaponiya hukumati bilan hamkorlikda O‘zbekiston hukumatiga bozorga kirish qoidalarini aniq belgilab beruvchi, xorijiy investorlar va ularning investitsiyalariga teng munosabatda bo‘lishni ta’minlaydigan, investorlarga nizolarni hal qilishning xalqaro mexanizmlaridan foydalanish imkoniyatini beradigan va faqat to’g’ridan-to’g’ri investitsiyalar va xususiy investitsiyalarga yo’naltirilgan yangi investitsiyalar to’g’risidagi qonunchiligini ishlab chiqishda yordam beradi.
Bundan tashqari, XMK hukumatga maxsus iqtisodiy zonalarni yaratish va ulardan foydalanishda xususiy sektor ishtirokini taʼminlaydigan meʼyoriy hujjatlarni amalga oshirishga yordam beradi hamda tegishli texnik-iqtisodiy asoslar hamda atrof-muhit va barqarorlik tahlili asosida joy tanlashni taʼminlaydi. Amaldagi qoidalar hududlarni davlat tomonidan boshqarishni nazarda tutadi, bu esa xususiy sektor ishtirokini cheklaydi va to’g’ridan-to’g’ri xorijiy investitsiyalarining kirib kelishiga to’sqinlik qiladi.
– Yangi texnologiyalarni joriy etish va yuqori malakali yangi ish o‘rinlari yaratish uchun salohiyatli strategik xususiy investorlarni jalb etish bugungi kunda hukumatning ustuvor vazifalaridan biridir, – deydi O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Oybek Hamrayev.
«Oʻzbekiston toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish boʻyicha ulkan salohiyatga ega. Bu islohotlar mamlakat salohiyatini roʻyobga chiqarish va hukumatning iqtisodiy oʻzgarishlar va barqaror iqtisodiy oʻsish boʻyicha maqsadlarini qoʻllab-quvvatlash uchun investitsiya kapitali, ilgʻor yechimlar va texnologiyalarni taklif etishga tayyor boʻlgan xalqaro investorlarni jalb etishning asosidir», deb Yaqin Sharq, Markaziy Osiyo, Turkiya, Pokiston va Afg’onistonda bozor yaratish bo’yicha maslahatchi menejeri Vim Dou ta’kidladi.
Markaziy Osiyoning eng ko‘p aholisi bo‘lgan O‘zbekistonda hozirda sezilarli iqtisodiy o‘zgarishlar ro‘y bermoqda. 2023-yil 1-avgust holatiga ko‘ra, XMKning mamlakatdagi investitsiya majburiyatlari portfeli 500 million AQSh dollarini tashkil etdi.
Manba: XMK