O’zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi statistika agentligi ma’lumotlariga ko’ra 2023-yilning yanvar-dekabr oylarida jami 352,1 trln. so‘m asosiy kapitalga investitsiyalar o‘zlashtirilib, 2022-yilning mos davriga nisbatan 122,1%ni tashkil etdi.
Asosiy kapitalga investitsiyalarning tarkibida 66,4% yoki 233,8 trln. so‘m investitsiyalar jalb etilgan mablag‘lar hisobidan moliyalashtirilgan bo‘lsa, korxona, tashkilot va aholining o‘z mablag‘lari hisobidan 33,6% yoki 118,3 trln. so‘m moliyalashtirildi.
Shuningdek, markazlashgan moliyalashtirish manbalari hisobidan asosiy kapitalga investitsiyalar hajmi 44,8 trln. so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, markazlashmagan moliyalashtirish manbalari hisobidan 307,3 trln. so‘m investitsiyalar o‘zlashtirildi.
2023-yilning yanvar-dekabr oylarida korxona va tashkilotlarning o‘z mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilgan asosiy kapitalga investitsiyalar 84,9 trln. so‘m yoki jami asosiy kapitalga investitsiyalarning 24,1%ini tashkil etdi. Aholi mablag‘lari hisobidan jami asosiy kapitalga investitsiyalarning 9,5%i yoki 33,3 trln. so‘mi o‘zlashtirildi.
To‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hisobidan o‘zlashtirilgan investitsiyalar hajmi 84,3 trln. so‘mni tashkil etdi va jami investitsiyalardagi ulushi 2022-yilning mos davriga nisbatan 9,1 punktga ko‘payib 24,0%ni tashkil etdi.