03 Noy, 2023

O‘zbekiston Respublikasining “2024-yil uchun Davlat budjeti to‘g‘risida”gi Qonuni loyihasi va Budjetnoma bo‘yicha ma’lumot

Joriy yilning 31-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi qo‘mitalariga O‘zbekiston Respublikasining “2024-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida”gi Qonuni loyihasi hamda Budjetnoma kiritildi.

O‘zbekiston Respublikasining “2024-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida”gi Qonuni loyihasi 17 modda va 11 ilovadan iborat bo‘lib, kelgusi yilda Respublikamiz Davlat budjetining asosiy parametrlari belgilangan.

2024–2026-yillar uchun soliq-budjet siyosatining asosiy yo‘nalishlari sifatida quyidagilar belgilab olindi:

  • konsolidatsiyalashgan budjet taqchilligi 2024-yilda yalpi ichki mahsulotga nisbatan 4 foiz etib belgilanib, 2025-2026-yillarda esa yalpi ichki mahsulotga nisbatan 3 foizdan oshirmaslik;
  • budjet taqchilligi qisqartirilishi iqtisodiyotda yalpi talabning o‘sishini tartibga solish, o‘z navbatida, tashqi savdo balansi manfiy taqchilligini va inflatsion bosimni kamaytirishga xizmat qiladi.
  • o‘rta muddatda asosiy soliq stavkalarini o‘zgartirmasdan saqlab qolish;
  • budjet daromadlar bazasini kengaytirish, berilgan soliq, bojxona imtiyozlarini samarasi va bergan natijasiga qarab qayta ko‘rib chiqish va bosqichma-bosqich bekor qilish;
  • soliq va budjet siyosatini bosqichma-bosqich Jahon savdo tashkilotining talablariga uyg‘unlashtirish;
  • davlat qarzining yalpi ichki mahsulotga nisbatan 60 foizlik makroiqtisodiy xavfsiz darajadan oshib ketmasligi uchun barcha choralarni ko‘rish, bunda o‘rta muddatda yalpi ichki mahsulotga nisbatan 50 foizdan oshirmaslik;
  • yillik budjetni shakllantirishda “Natijaga yo‘naltirilgan budjet” tizimini bosqichma-bosqich to‘laqonli joriy etish;
  • inson kapitali rivojlanishiga doir xarajatlar ustuvorligini ta’minlash va ijtimoiy himoyaning manzilliligini kuchaytirish;
  • ish haqi va pensiya miqdorlarini inflatsiyadan kam bo‘lmagan miqdorda oshirib borish;
  • budjet ochiqligini ta’minlash hamda budjetni shakllantirishda fuqarolar ishtirokini yanada oshirish;
  • davlat sektorida ichki nazorat va ichki auditni takomillashtirish va kuchaytirish;
  • Davlat budjeti loyihasini tayyorlash hamda ko‘rib chiqishda Milliy barqaror rivojlanish maqsadlarini aks ettirish;
  • “Yashil budjetlashtirish” tamoyillarini bosqichma-bosqich joriy etish;
  • Davlat investitsiyalarini boshqarishni baholash mezonlariga (PIMA) muvofiqligini ta’minlash;
  • atrof-muhit va tabiat muhofazasi, iqlim o‘zgarishiga moslashish tadbirlarining, suv sarfini kamaytirish va iqtisod qilib ishlatilishini rag‘batlantiruvchi tadbirlarning ustuvorligini ta’minlash;
  • barcha sohalarda budjet xarajatlarini optimallashtirish, iqtisod qilinadigan mablag‘larini yuqori samara beradigan ijtimoiy-iqtisodiy tadbirlarga yo‘naltirish.

Qonun loyihasiga muvofiq quyidagi asosiy ko‘rsatkichlar belgilanmoqda:

2024-yilda O‘zbekiston Respublikasi yalpi ichki mahsulotining o‘sish sur’ati 5,6-5,8 foiz, unda sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmi 6 foizga, qurilish ishlari – 6,3 foiz, qishloq xo‘jaligi – 4 foizga va bozor xizmatlari – 14,9 foizga o‘sishi prognoz qilinmoqda.

Bunda, asosan “O‘zbekiston–2030” strategiyasi va barqaror rivojlanish milliy maqsadlarida nazarda tutilgan ustuvor yo‘nalishlar va vazifalarga erishish inobatga olingan, xususan:

– 2030-yilga qadar iqtisodiyot hajmini 2 barobar oshirish va “daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar” qatoriga kirish uchun yalpi ichki mahsulot hajmini 160 milliard dollarga yoki uni aholi jon boshiga 4 ming dollarga yetkazish;

– asosiy kapitalga kiritiladigan investitsiyalar hajmining yillik o‘rtacha 7 foiz atrofida o‘sishini ta’minlash orqali kelgusi 7 yilda asosiy kapitalga 250 mlrd dollardan ortiq investitsiyalarni o‘zlashtirish va unda 110 mlrd dollardan ortiq xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, 2030-yilga borib esa yillik eksport hajmini 45 mlrd dollarga yetkazish va shu kabi boshqa asosiy vazifalardan kelib chiqib prognoz qilindi.

2024-yilda konsolidatsiyalashgan budjet daromadlari 375,0 trln so‘m miqdorida, xarajatlari esa 427,5 trln so‘m miqdorida rejalashtirilgan holda konsolidatsiyalashgan budjet 52,5 trln so‘m yoki yalpi ichki mahsulotga nisbatan 4 foiz miqdoridagi taqchillik bilan shakllantirildi.

Bundan, Davlat budjeti daromadlari 270,6 trln so‘m, xarajatlari esa Davlat maqsadli jamg‘armalariga transfertlarni inobatga olgan holda 312,8 trln so‘m.

Davlat maqsadli jamg‘armalari daromadlari va xarajatlari (budjetlararo transfertlar hisobga olinmagan holda) tegishincha 55,4 trln so‘m va 86,8 trln so‘m miqdorida rejalashtirilmoqda.

Keyingi yilda ham budjet xarajatlarining ijtimoiy yo‘naltirilgani saqlab qolinib, ta’lim, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy himoya, fan, madaniyat va sportni rivojlantirish, muhtoj aholini uy-joy bilan ta’minlash hamda  boshqa ijtimoiy tadbirlar uchun jami Davlat budjeti xarajatlarining 48 foizi yoki 151,4 trln so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi. Bunda:

Inson kapitalini rivojlantirish xarajatlariga 102,5 trln so‘m yoki 2023-yil kutilayotgan ijroga nisbatan 13,5 trln so‘mga ko‘p rejalashtirilayotgan bo‘lib, shundan maktabgacha va maktab ta’limi sohasiga 56,4 trln so‘m, kadrlar tayyorlash tizimini rivojlantirish xarajatlariga 12,7 trln so‘m, sog‘liqni saqlashga 33,4 trln so‘m ko‘zda tutilmoqda.

Aholini ijtimoiy himoya qilish jami xarajatlari uchun 18,6 trln so‘m, shundan kam ta’minlangan oilalarga bolalar nafaqalari va moddiy yordamlar to‘lash xarajatlariga 10,3 trln so‘m mablag‘ rejalashtirilmoqda.

 

Shuningdek, 2024-yilgi budjet loyihasida umumta’lim maktablari uchun markazlashgan investitsiyalar hajmini 2 barobarga oshirish orqali 170 mingga yaqin yangi o‘quvchi o‘rinlarini tashkil etish va navbatlilik koeffitsiyentini tushirish uchun 4,1 trln so‘m mablag‘ rejalashtirilgan.

2024-yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumati qarorlariga muvofiq qabul qilingan Davlat dasturlari va tadbirlarni amalga oshirish uchun Davlat budjetidan jami 53,1 trln so‘m mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilgan.

2024-yil uchun Davlat budjeti qonuni va Budjetnomaning to‘liq matni bilan Iqtisodiyot va moliya vazirligining rasmiy veb-sahifalarida tanishishingiz mumkin.

 

Manba: O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi 

Bizga yozing

Iltimos, ariza shaklini to’ldiring va biz tez orada siz bilan bog’lanamiz.