2022-yilning 25-27-aprel kunlari Toshkentdagi “O‘zekspomarkaz” kongress-ko‘rgazmalar majmuasida “INNOPROM. CENTRAL ASIA” Xalqaro sanoat ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi.
Ko‘rgazmaning maqsadlari:
- Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan sanoat kooperatsiyasini kengaytirish
- sanoat rivojlanishining yangi nuqtalarini aniqlash
- Ishbilarmonlik aloqalarini o’rnatish va mustahkamlash
- qo’shma korxonalar tashkil etish
Formatlar:
- Xalqaro miqyosdagi keng ko’lamli ekspozitsiya doirasida mahsulotlarni taqdim etish
- Biznes dasturining tematik sessiyalarida ishtirok etish
- Ko’rgazmaning kommunikatsion platformasida biznes loyihalar taqdimoti
- B2B uchrashuvlarini tashkil etish
Ko’rgazma bo’limlari:
- Muhandislik
- Metallurgiya
- Energiya
- Kimyo
- Farmatsevtika va tibbiy mahsulotlar
- Sanoatni avtomatlashtirish
Ko‘rgazma doirasida O‘zbekiston, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Rossiya, Belarus, Armaniston, Ozarbayjon, Fransiya, Turkiya, Germaniyadan 700 dan ortiq eksponentlar – yirik kompaniyalar, shuningdek, o‘rta va kichik biznes vakillari o‘z mahsulotlarini namoyish etdilar.
Ko‘rgazmaning muhim tadbirlaridan biri “Markaziy Osiyo: texnologik yutuq maydoni” shiori ostida o‘tkazilgan asosiy yalpi majlis bo‘ldi. Unda ishtirokchi-davlatlar delegatsiyalari rahbarlari: Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazir o‘rinbosari – Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzoqov, Rossiya Federatsiyasi sanoat va savdo vaziri D.Manturov, Belarus Respublikasi sanoat vaziri P.Parxomchik, Qirgʻiziston Respublikasi Iqtisodiyot va savdo vaziri D.Amangeldiyev, Armaniston Respublikasi iqtisodiyot vaziri V.Kerobyan, Tojikiston Respublikasi sanoat va yangi texnologiyalar vaziri Sh.Kabirov va boshqa rasmiy shaxslar ishtirok etishdi.
Yalpi majlisda so‘zga chiqqan O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari S.Umurzoqov O‘zbekiston tomonidan keng ko‘lamli ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish, davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish, shaffof bozor iqtisodiyotini barpo etish va xususiy sektorning rolini oshirish borasida erishilgan muvaffaqiyatlarni sanab o‘tdi. Unda investitsiya muhitini yaxshilash va savdo to’siqlarini bartaraf etish, shuningdek, mamlakatimizning iqtisodiy va sarmoyaviy salohiyatini yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari, jumladan, samarali ma’muriy islohotlarni amalga oshirish, iqtisodiyotda davlat ulushini kamaytirish, sanoatni raqamlashtirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, infratuzilmani rivojlantirish, yuqori qiymatli mahsulotlarni rag‘batlantirish, xom ashyoni chuqur qayta ishlash va tayyor tovar zanjirlarini yaratish, inson kapitalini rivojlantirish va tashqi savdoni erkinlashtirish orqali qo‘shimcha ishlab chiqarishni oshirish kabi ustuvor vazifalar belgilab berildi.
“Markaziy Osiyo mamlakatlari savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish uchun katta imkoniyatlarga ega. Bugungi kun voqeligi bizdan Markaziy Osiyoda iqtisodiy hamkorlikning yangi modelini shakllantirish yo‘lida qat’iy qadamlar tashlashni talab qilmoqda. Iqtisodiy sherikligimiz yanada kengayib, bir-birini to‘ldirish va samarali hamkorlik asosida rivojlanishi mumkin. Biz O‘zbekistonda iqtisodiyotimiz imkoniyatlarini bog‘lash va sanoat kooperatsiyasida yutuqlarga erishish uchun bir necha yillardan buyon Markaziy Osiyodagi qo‘shni davlatlar va bir qator boshqa davlatlar bilan doimiy asosda ishlayapmiz”, dedi u oʻz nutqida.S.Umurzoqov.
Ko’rgazmada 15 dan ortiq mamlakatdan davlat hokimiyati organlari vakillari, professional tashrif buyuruvchilar va xaridorlar ham ishtirok etishdi. Umumiy tashrif buyuruvchilar soni 10 mingdan oshdi.