O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining 2022-yilning 1-choragidagi pul-kredit siyosati bo‘yicha sharhida qayd etilishicha, bugungi kunda O‘zbekistonning asosiy savdo hamkorlari bo‘lgan mamlakatlardagi iqtisodiy vaziyat, jumladan valyuta kurslari ma’lum darajada barqarorlashganiga qaramay, o’rta muddatli istiqbolda noaniqlik darajasi va xatarlar barcha makroiqtisodiy ko’rsatkichlar bo’yicha yuqoriligicha qolmoqda.
Jahon bozorida xom-ashyo va energiya resurslariga narxlarning oshishi, xalqaro logistika bilan bog‘liq muammolar dunyoning barcha mamlakatlarida inflyatsion jarayonlarning tezlashishiga va deyarli barcha yirik markaziy banklar tomonidan bazaviy (hisob) foiz stavkalarining oshishiga olib keladi.
Bu omillar, o‘z navbatida, xalqaro moliya bozorlarida moliyaviy sharoitning keskinlashishi, import inflyatsiyasi va tashqi savdo oqimlarining o‘zgarishi orqali mamlakatimizga birlamchi va ikkilamchi ta’sir ko‘rsatmoqda.
Tashqi sharoitlarning o‘zgarishiga javoban milliy valyuta kursi mart oyidagi tebranishlardan so‘ng barqarorlasha boshladi (mart oyida u 5 foizga qadrsizlandi), yil boshidan buyon devalvatsiya darajasi 4,1 foizni tashkil etdi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko’ra, devalvatsiyaning bu sur’atlari deyarli barcha qisqa muddatli o’zgarishlarni qoplashi taxmin qilinmoqda.
Davlat statistika qoʻmitasi maʼlumotlariga koʻra, 2022-yilning birinchi choragida yalpi ichki mahsulotning real oʻsishi 5,8 foizni tashkil etdi.
Mart oyida inflyatsiya darajasi 1,5 foizni tashkil etib, yiliga 10,5 foizni tashkil qilmoqda. Bazaviy inflyatsiya ko’rsatkichi yiliga 9,1 foiz darajasida shakllandi va uning umumiy inflyatsiyaga qo’shgan hissasi 6,9 foiz bandgacha oshdi.
Narxlarning o‘sish dinamikasi asosan import inflyatsiyasi, tashqi bozorlarda oziq-ovqat mahsulotlari narxining oshishi kutilmalari va an’anaviy mavsumiy omillar bilan bog‘liq.
Aprel oyida narxlarning ma’lum darajada barqarorlashuvi kuzatildi, Markaziy bankning haftalik kuzatuvlariga ko’ra, aprel oyining dastlabki 20 kunida ayrim asosiy iste’mol tovarlari narxlarining pasayishi va muvozanatlashuvi qayd etildi.
Ikkinchi chorakda meva-sabzavot mahsulotlari guruhining narxlar dinamikasiga mavsumiy omillar va tashqi omillar ta’siri va tarkibiy o‘zgarishlar ta’sirida nooziq-ovqat mahsulotlari guruhi hissasining o‘sish sur’atining oshishi hisobiga pasayishi kutilmoqda.
2022-yil mart oyida oʻtkazilgan soʻrov natijalariga koʻra, aholining inflyatsion kutilmalari 15 foizni, tadbirkorlar esa 15,4 foizni tashkil qilgan. Kelajakda valyuta kursining nisbiy muvozanatlashuvi va tarkibiy islohotlar tufayli kutilmalar yumshashi kutilmoqda.
Yil yakuni bo‘yicha taklif omillarining (ishlab chiqarish, transport-logistika, import, yoqilg‘i va energiya narxlarining oshishi) inflyatsiya dinamikasiga ta’siri talab omillaridan yuqori bo‘lishi kutilmoqda.
Oʻzbekiston Markaziy bankining bazaviy stsenariysiga koʻra, inflyatsiya darajasi import inflyatsiya, ishlab chiqarish, logistika va taʼminot bilan bogʻliq taklif omillari taʼsirida yil oxirida 12-14% darajasida kutilmoqda (yil boshidagi prognoz 8-9%).
Asosiy savdo hamkorlari oʻrtasida iqtisodiy faollikning pasayishi, milliy valyuta kursining oʻzgarishi va migratsiya oqimlari bazaviy stsenariy boʻyicha joriy yilda transchegaraviy pul oʻtkazmalari hajmi oʻtgan yilga nisbatan 18-25 foizga qisqarishini koʻrsatmoqda.
Yalpi tashqi va ichki talab dinamikasining o‘zgarishi, nisbatan yuqori deflyator va fiskal sharoitlarning ta’siri tufayli 2022-yilda mamlakat yalpi ichki mahsulotining o‘sishi 3,5-4,5 foiz oralig‘ida kutilmoqda (yil boshidagi prognoz 5,5-6,5%).