Joriy yilning 13-iyun kuni «Moody’s» xalqaro reyting agentligi O‘zbekistonning suveren kredit reytingi bo‘yicha so‘nggi hisobotini e’lon qildi. Hisobotga ko‘ra, respublikaning kredit reytingi «Ba3» («BB-«) darajasida tasdiqlandi, reyting prognozi esa «barqaror»dan «ijobiy»ga oshirildi.
Joriy yilning 23-may kuni S&P reyting agentligi ham O‘zbekistonning suveren kredit reytingi prognozini «barqaror»dan «ijobiy»ga oshirgandi.
Joriy yil boshidan buyon «Moody’s» xalqaro reyting agentligi 11 mamlakatning suveren kredit reytingi yoki prognozini pasaytirgan va 12 mamlakatniki oshirgan.
Moody’s hisobotida O‘zbekistonning suveren kredit reytingi prognozining «ijobiy» darajaga ko‘tarilishi davom etayotgan institutsional islohotlar orqali iqtisodiy siyosat samaradorligi va institutlar sifatining yaxshilanishi bilan bog‘liqligi ta’kidlanadi.
Xususan, energetika sohasidagi davom etayotgan islohotlar O‘zbekiston rahbariyatining kelajakda murakkab islohotlarni amalga oshirish salohiyati va qat’iyatini namoyish etishi qayd etildi.
Jumladan, 2027-2028-yillarda elektr energiyasi va gaz uchun xarajatlarni qoplash darajasiga erishish maqsadida tariflar oshirilgani, aholini inflyatsiya ta’siridan himoya qilish uchun ish haqi va pensiyalar bir necha bor oshirilgani, davlat korxonalariga ajratiladigan subsidiyalar qisqartirilganiga alohida e’tibor qaratildi.
Agentlik korporativ boshqaruvni yaxshilash borasidagi sa’y-harakatlarni tan oldi, jumladan, davlat korxonalari kuzatuv kengashlarida mustaqil kengash a’zolarining ulushini 25% gacha, davlat banklarida 40% gacha oshirish va 2027-yilgacha davlat banklarida bu ulushni 50% dan oshirish maqsadini belgilash kabilar.
Korrupsiyani jilovlash va boshqaruv sifatini yaxshilash maqsadida «Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida»gi qonunning qabul qilinishi ijobiy baholandi. Shuningdek, «Davlat xizmatchilarining daromad va mol-mulkini deklaratsiya qilish to‘g‘risida» va «Korrupsiyaviy huquqbuzarliklar haqida xabar beruvchi shaxslarni himoya qilish to‘g‘risida»gi qonun loyihalarining ishlab chiqilishi, shuningdek, ma’lumotlar ochiqligi va shaffofligining doimiy ravishda yaxshilanib borishi ijobiy qabul qilindi.
Hisobotda Milliy investitsiya fondi 2024-yilda 18 ta yirik davlat korxonasi va banklarining ulushlari o‘tkazilishi asosida tashkil etilgani va Franklin Templeton tomonidan boshqarilishi ta’kidlanadi. Shuningdek, 29 ta yirik davlat korxonalari uchun aksiyalarning ommaviy joylashtirilishi rejalashtirilgani qayd etildi.
Hisobotda O‘zbekistonning 2024-yildagi iqtisodiy o‘sishi 6,5% ni tashkil etgani va o‘rta muddatli istiqbolda iqtisodiy o‘sish sur’atlari barqaror bo‘lib qolishi qayd etilgan. Agentlik 2025-yilda iqtisodiy o‘sishni 5,8%, 2026-yilda esa 5,7% deb prognoz qilmoqda.
«O‘zbekiston – 2030» strategiyasiga muvofiq infratuzilmaga, xususan, energetika va transport sektorlariga investitsiyalarni ko‘paytirish iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirishi ta’kidlandi.
Moody’s hisobotiga ko‘ra, energetika sektoridagi subsidiyalarning qisqarishi, ijtimoiy xarajatlarning yanada maqsadli taqsimlanishi va eksport tovarlari uchun qulay narx sharoitlarining shakllanishi natijasida byudjet defitsiti 2023-yildagi YaIMning 4,9% dan 2024-yilda 3,3% ga kamaydi.
Agentlik 2025-2027-yillarda byudjet defitsiti YaIMning 3% dan oshmasligini, davlat qarzi hajmi esa YaIMning 40% dan oshmasligini prognoz qilmoqda.
Moody’s ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonning suveren kredit reytingi quyidagi hollarda oshiriladi:
- agar boshqaruv va institutsional tizimlarni takomillashtirishga qaratilgan islohotlar mamlakatning uzoq muddatli iqtisodiy o‘sish salohiyatini mustahkamlasa;
- agar yirik davlat korxonalari va banklarini xususiylashtirishni davom ettirgan holda, ijtimoiy xarajatlarni keskin oshirmasdan moliyaviy barqarorlik saqlansa va iqtisodiy raqobatbardoshlik oshirilsa.
Manba: O’zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi Axborot xizmati