07 Fev, 2023

2022 yil uchun to‘lov balansi joriy operatsiyalar hisobining dastlabki ko‘rsatkichlari

O’zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan 2022 yil uchun to‘lov balansi joriy operatsiyalari hisobining dastlabki ko‘rsatkichlari tayyorlandi.[1]

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, to‘lov balansining joriy operatsiyalar hisobi saldosi manfiy bo‘lib, 511 mln. dollarni tashkil etdi.

Bunda, savdo balansining (tovarlar va xizmatlar) manfiy saldosi (15,7 mlrd. dollar), birlamchi va ikkilamchi daromadlarning ijobiy saldosi (15,2 mlrd. dollar) hisobiga qisman qoplandi.

 

Tovarlar va xizmatlar eksporti

Jami tovarlar va xizmatlar eksporti (oltinsiz) o‘tgan yilga nisbatan 23 foizga yoki 2,8 mlrd. dollarga oshib, 2022 yilda 15,1 mlrd. dollarga yetdi.

Xususan, tovarlar eksporti (oltinsiz) o‘tgan yilga nisbatan 18 foizga yoki 1,8 mlrd. dollarga oshib, 11,8 mlrd. dollarni (2021 yilda 10 mlrd. dollar) tashkil etdi.

Tovarlar eksportining asosiy qismini “to‘qimachilik va to‘qimachilik buyumlari” – 3,3 mlrd. dollar (2021 yilda 3,2 mlrd. dollar), “qimmatbaho bo‘lmagan metallar va ulardan buyumlar” – 1,7 mlrd. dollar (2021 yilda 1,6 mlrd. dollar), “mineral mahsulotlar” – 1,3 mlrd. dollar (2021 yilda 962 mln. dollar) hamda “kelib chiqishi o‘simlikka mansub mahsulotlar” – 1,3 mlrd. dollar (2021 yilda 1,2 mlrd. dollar) tovar guruhlari tashkil etdi.

Xizmatlar eksporti o‘tgan yilga nisbatan 46 foizga yoki 1 mlrd. dollarga oshib, 3,3 mlrd. dollarni (2021 yilda 2,3 mlrd. dollar) tashkil etdi.

Xizmatlar eksporti tarkibida asosiy o‘sish transport va safarlar bilan bog‘liq xizmatlar komponentiga to‘g‘ri kelib, 2,6 mlrd. dollarga yetdi. Bunda, mazkur ko‘rsatkichning o‘tgan yilga nisbatan 43 foizga yoki 781 mln. dollarga oshishi yo‘lovchi tashish bilan bog‘liq bo‘lgan xalqaro xizmatlar hajmining yuqori sur’atlarda o‘sishi hamda yaqin xorijiy mamlakatlar fuqarolari O‘zbekistonga qisqa va o‘rta muddatga kelib ketishi bilan izohlanadi.

 

Tovarlar va xizmatlar importi

Jami tovarlar va xizmatlar importi o‘tgan yilga nisbatan 26 foizga yoki 7,2 mlrd. dollarga oshib, 2022 yilda 35 mlrd. dollarga yetdi.

Jumladan, tovarlar importi 28,6 mlrd. dollarni tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 24 foiz yoki 5,5 mlrd. dollarga ko‘paydi.

Tovarlar importining asosiy qismi “mashinalar, uskunalar, mexanizmlar” – 7,9 mlrd. dollar (2021 yilda 6,2 mlrd. dollar), “qimmatbaho bo‘lmagan metallar va ulardan buyumlar” – 3,7 mlrd. dollar (2021 yilda 3,2 mlrd. dollar), “transport vositalari va ularning ehtiyot qismlari” – 3,6 mlrd. dollar (2021 yilda 2,8 mlrd. dollar) va “kimyo sanoati mahsulotlari” – 3,3 mlrd. dollar (2021 yilda 2,9 mlrd. dollar) tovar guruhlariga to‘g‘ri keldi.

Xizmatlar importi o‘tgan yilga nisbatan 34 foiz yoki 1,6 mlrd. dollarga oshib, 6,3 mlrd. dollarni (2021 yilda 4,7 mlrd. dollar) tashkil etdi. Bunda, xizmatlar importi tarkibida 2021 yilga nisbatan transport xizmatlari 440 mln. dollarga oshgan bo‘lsa, safarlar bilan bog‘liq xizmatlarda esa 1 mlrd. dollarga o‘sish kuzatildi.

 

Birlamchi va ikkilamchi daromadlar

Birlamchi daromadlar[2] saldosi 321 mln. dollar (2021 yilda 195 mln. dollar) miqdorida ijobiy bo‘lib shakllandi. Bu asosan chet elga ishlash maqsadida ketgan qisqa muddatli mehnat muhojirlarining soni o‘tgan yilga nisbatan o‘sishi bilan izohlanadi.

Ikkilamchi daromadlarning[3] ijobiy saldosi shaxsiy transfert (o‘tkazma)lar o‘tgan yilga nisbatan 2,3 barobarga yoki 8,6 mlrd. dollarga oshishi hisobiga, 14,9 mlrd. dollarni tashkil etdi (2021 yilda 6,4 mlrd. dollar).

Ikkilamchi daromadlarning 2022 yilda noodatiy sur’atlarda o‘sishi, geosiyosiy vaziyat natijasida pul o‘tkazmalarini asosiy jo‘natuvchi mamlakatlarga nisbatan cheklovlar joriy qilinishi, shu bilan birga mablag‘larning norasmiy sektordan rasmiy sektorga o‘tishi hamda kichik (mavsumiy) eksportyorlar tomonidan eksport tushumlarini pul o‘tkazmalari tizimlari orqali jo‘natilishi bilan izohlanishi mumkin.

Dastlabki ko‘rsatkichlar bo‘yicha qo‘shimcha o‘rganishlar va tahlillar o‘tkazilib, 2022 yil to‘lov balansi va xalqaro investitsion pozitsiyasi ko‘rsatkichlari bo‘yicha yakuniy hisobot foydalanuvchilarga 2023 yilning mart oyida taqdim qilinadi.

 

[1] Dastlabki ko‘rsatkichlar tezkor ma’lumotlar va ekspertlik baholashlar asosida tuzilganligi sababli ular yakuniy ma’lumotlar bilan farq qilishi mumkin.

[2] Xorijda ishlovchi O‘zbekiston fuqarolariga norezidentlar tomonidan to‘langan ish haqi hamda investitsion daromadlar

[3] Rezident va norezidentlar o‘rtasidagi hech qanday majburiyatlarsiz o‘tkazilgan joriy transfertlar

Bizga yozing

Iltimos, ariza shaklini to’ldiring va biz tez orada siz bilan bog’lanamiz.