O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika Agentligining dastlabki ma’lumotlariga ko’ra 2024-yilning yanvar-sentabr oylari yakunlariga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Yalpi ichki mahsuloti hajmi joriy narxlarda 1.015.331,8 mlrd. so‘mni tashkil etdi va 2023-yilning yanvar-sentabri bilan taqqoslaganda 6,6%ga o‘sdi. YAIM deflyator indeksi 2023-yilning yanvar-sentabridagi narxlarga nisbatan 113,1%ni tashkil etdi.
Joriy davrda o‘rtacha almashuv kursi bo‘yicha hisoblangan nominal Yalpi ichki mahsuloti hajmi 80.614,8 mln. AQSh dollarini tashkil etdi.
2024-yilning yanvar-sentabrida YAIM o‘sishiga qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaligi tarmog‘i 0,7 f.p., sanoat tarmog‘i – 1,6 f.p., qurilish tarmog‘i – 0,7 f.p. va хizmat ko‘rsatish tarmog‘i – 3,3 f.p. ijobiy hissa qo‘shdi. Mahsulotlarga sof soliqlarning o‘sishi hisobiga YAIM 0,3 f.p. ga ko‘paydi.
Iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida yaratilgan yalpi qo‘shilgan qiymat hajmi YAIM umumiy hajmining 95,4 % ini tashkil etdi va 6,6 % ga o‘sdi (YAIM mutlaq o‘sishiga ta’siri 6,3 foiz punktni tashkil etdi). Mahsulotlarga sof soliqlarning YAIM tarkibidagi ulushi 4,6 % ni tashkil etdi va 2023- yilning yanvar-sentabri bilan taqqoslaganda 6,6 % ga o‘sdi (YAIM mutlaq o‘sishiga ta’siri – 0,3 f.p.).
2024-yilning yanvar-sentabr oylari yakunlariga ko‘ra, YAIM tarkibida kata bo‘lmagan o‘zgarishlar kuzatildi. YAIM (YAQQ) tarkibida xizmatlar sohasining ulushi 46,5 % dan 47,2 % ga, sanoatning ulushi 24,7 % dan 26,2 % ga oshdi.
Shu bilan birga, qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaligining ulushi 21,2 % dan 19,4 % ga hamda qurilish tarmog‘ining ulushi 7,6 % dan 7,2 % ga kamaydi.
2024-yilning yanvar-sentabrida aholi jon boshiga hisoblangan YAIM hajmi joriy narxlarda 27.384,0 ming so‘mni (yoki 2.174,2 AQSh dollari ekvivalentida) tashkil etdi. 2024-yilning yanvar-sentabrida aholi jon boshiga YAIM hajmining real o‘sishi 2023-yilning yanvar-sentabriga nisbatan 4,4 % ni, 2020-yilning yanvar-sentabriga nisbatan esa 19,7 % ni tashkil etdi.