05 May, 2024

Uchinchi Toshkent Xalqaro Investitsiya Forumi yakunlari: muvaffaqiyatli yakun va istiqbolli natijalari

O‘zbekistonda III Xalqaro investitsiya forumi o‘z ishini yakunladi. 93 mamlakatdan 2,5 mingdan ortiq delegatni jamlagan forum global muloqot va investitsiyaviy sohadagi ilg‘or tajriba almashish maydoniga aylandi.

Tadbirning eng muhim voqealaridan biri O‘zbekiston Respublikasi va Qirg‘iziston Respublikasining Bosh vazirlari ishtirokida mintaqaviy energetika loyihalarining (Qambarota GES-1 va Yovon GESini qurish) xorijiy investorlarga taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Forumni 30 ta mamlakatdan 110 dan ortiq xorijiy ommaviy axborot vositalari, jumladan dunyoning yetakchi nashrlari “CNN”, “Euronews”, “London Post”, va “Associated Press” tomonidan yoritildi.

Forum yakuniga ko‘ra jami qiymati $26,6 mlrd.ga teng kelishuvlar imzolandi. Ma’lumot uchun: 2023 y. TXIFda $11 mlrd. 167 ta hujjat imzolangandi.

Xususan quyidagi yirik investisiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi:

– “Data Volt” kompaniyasi (Saudiya Arabistoni) bilan hamkorlikda “Yangi Toshkent”da shahar infratuzilmasini qurish ($1 mlrd.) va yashil texnologiyalarga asoslangan “ma’lumotlar markazlarini” qurish ($3 mlrd.);

– “Acwa Power” kompaniyasi (Saudiya Arabistoni) bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasida quvvati 5 GVt shamol elektr stansiyasini hamda quvvati 2 GVt bo‘lgan elektr energiyasini saqlash qurilmalarini qurish ($6,2 mlrd.);

– “Amea Power” kompaniyasi (BAA) bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasida quvvati 1000 MVt bo‘lgan shamol elektr stansiyasini qurish ($1,1 mlrd.);

– “Saudi Tabrid” kompaniyasi bilan Nukus, Farg‘ona va Quvasoy shaharlarida issiqlik tizimini modernizatsiya qilish ($750 mln.);

– “Nil Shugar” kompaniyasi (Misr) bilan Jizzax viloyatida qand lavlagi yetishtirish va shakar ishlab chiqarish ($500 mln.);

– “Shaynxay Knud Interneshnl” kompaniyasi (Xitoy) bilan Namangan viloyatida tekstil va to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish ($205 mln.);

– “Vilmar Interneshnl” kompaniyasi (Singapur) bilan Toshkent viloyatida oziq-ovqat mahsulotlari va chorva uchun ozuqa ishlab chiqarish ($200 mln.).

Bundan tashqari, forumda dunyoning bir qator yirik kompaniyalari hisoblangan “Oraskom Investment” (Misr), “Bonafarm Grup” (Vengriya), “Sayar” (AQSH), “Goldvind”, “Sinoma” (Xitoy), “Sam Yapi” (Turkiya), “Pasha Development” (Ozarbayjon) “Laselsberger” (Avstriya), “Petrosat Chexelsoton” (Eron) kabi kompaniyalar bilan qiymati $6,6 mlrd. teng yangi investisiya loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Tadbirda iqtisodiy rivojlanishning eng muhim jihatlari muhokama qilingan panel sessiyalar, muhokamalar, biznes nonushta va davra suhbatlari kabi boy dasturdan iborat bo‘ldi. Kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlashda davlat, investorlar va tadbirkorlarning roli markaziy mavzulardan biriga aylandi.

Sessiyada korrupsiyaga qarshi kurash siyosati bo‘yicha yetakchi ekspertlar so‘zga chiqdi. “Iqtisodiyotda korrupsiya va jinoyatchilikka qarshi samarali kurashish sarmoyaviy muhitni yaxshilash uchun zarur, – deya xavfsiz va shaffof ishbilarmonlik muhitini yaratish muhimligini ta’kidladilar so‘zga chiqqanlar.

– Korrupsiyaga qarshi samarali kurash kompleks yondashuvni, jumladan, qonunchilikni mustahkamlash va davlat harakatlarining shaffofligini oshirishni talab qiladi, – dedi O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxonov.

Riteyl bo‘yicha sessiyada savdoning asosiy muammolari va imkoniyatlari, jumladan, soliq qonunchiligini takomillashtirish va import tartib-qoidalarini soddalashtirish belgilab berildi. “Yangi brendlarni bozorga muvaffaqiyatli moslashtirish uchun shart-sharoit yaratish zarur”, – deya ma’qullashdi ishtirokchilar.

— Bojxona to‘lovlarini pasaytirish to‘g‘risidagi rezolyutsiya tufayli biz Buyuk Britaniya va Qozog‘istondagi kabi adolatli narxlarni o‘rnatishga muvaffaq bo‘ldik, – deydi «Tashkent City Mall» savdo va marketing direktori Ilya Lyapustin.

Ayollar tadbirkorligiga bag‘ishlangan biznes nonushta tadbirkor ayollarning jamiyatga ta’siri katta ekanligini ta’kidladi. Ma’ruzachilar daromadlilik va ijtimoiy mas’uliyat o‘rtasidagi muvozanatga erishish uchun ilhomlantiruvchi misollar va strategiyalarni taqdim etdilar.

Xorijiy investitsiyalarni yashash uchun ruxsat olish dasturlari orqali jalb etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. – So‘nggi bir necha yil ichida O‘zbekiston hamkorlikka ochiqligi va ko‘chmas mulk istiqbollari tufayli o‘zini jahon investorlari uchun jozibador yo‘nalish sifatida ko‘rsatdi, – deydi Henley&Partners kompaniyasi vakili Akram Muxamatqulov.

“Ta’minot zanjirlari va barqarorlik: noaniqlik davrida muvozanatni topish” mavzusidagi davra suhbatida ishtirokchilar global ta’minot zanjirlarining barqarorligi uchun muammolar va strategiyalarni muhokama qildilar. “Turkiya va O‘zbekiston strategik hamkorlikka ega va birgalikda hamkorlikni sezilarli darajada mustahkamlashimiz mumkin, – dedi Turkiya savdo vaziri o‘rinbosari Sezay Ucharmak.

Shuningdek, forum davomida raqamli texnologiyalarni investitsiya strategiyalariga integratsiya qilish muhimligi ta’kidlandi. «Raqamlashtirish kelajak emas, bu hozirgi zamon va u investitsiya jarayonlarini tezlashtirish va ularning shaffofligini oshirishda asosiy rol o‘ynaydi», deb ta’kidladi fintex ekspertlari.

«IT-PARK Uzbekistan: yangi rivojlanish istiqbollari» mavzusidagi pitch-sessiyada O‘zbekistonni 2030 yilgacha mintaqaviy axborot texnologiyalari markaziga aylantirish rejalari taqdim etildi.

O‘zbekiston raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov so‘nggi investitsiyalarning ahamiyati bilan o‘rtoqlashdi: “Kecha biz muhim voqea – yirik to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya loyihasi bo‘lgan Data Volt’dan 5 milliard dollarlik yashil ma’lumotlar markazi qurilishi boshlanganiga guvoh bo‘ldik. Biz IT-kompaniyalar uchun qulay muhit yaratmoqdamiz va O‘zbekistonda ofislarni ochish va boshqarish bilan bog‘liq barcha xavflarni qoplash uchun “Nol risk” dasturini ishga tushirmoqdamiz”.

“Aloqalar: Buyuk Ipak yo‘lining tiklanishi” mavzusidagi davra suhbatida xalqaro ekspertlar va davlat idoralari vakillari Ipak yo‘lining qadimiy yo‘nalishlari bo‘ylab aloqalarni, iqtisodiy hamkorlikni va madaniy almashinuvni kengaytirish imkoniyatlarini o‘rgandilar.

“Integratsiyalashgan shaharsozlik: sifatli investitsiyalar, atrof-muhit va odamlar uchun qulaylik” mavzusidagi davra suhbatida yetakchi urbanistlar, me’morlar va ishbilarmon doiralar vakillari Toshkent shahrini rivojlantirishga yondashuvlarni muhokama qildi. Xususan, BCG boshqaruvchi direktori va katta hamkori Vladislav Butenko barqaror shahar rivojlanishiga erishish uchun innovatsion yechimlarni shaharsozlikga integratsiya qilish muhimligini ta’kidladi. U kompleks rejalashtirishda ham iqtisodiy, ham ijtimoiy jihatlarni hisobga olish, ular o‘rtasidagi muvozanatni ta’minlash zarurligini ta’kidladi.

Forum turli vazirliklar va viloyatlar uchun investitsiyalarni jalb etishda muhim ahamiyat kasb etdi. Imzolangan kelishuvlar sanoat, energetika, farmasevtika va avtomobilsozlik kabi muhim tarmoqlarni rivojlantirishdan darak beradi.

Raqamli texnologiyalar vazirligi, Energetika vazirligi va Data Volt axborot texnologiyalari kompaniyasi o‘rtasida «yashil» texnologiyalarga asoslangan data-markazni qurish bo‘yicha kelishuv forumning asosiy yutuqlaridan biri bo‘ldi. Mutaxassislar bunday loyihalarning O‘zbekiston uchun muhimligini ta’kidladilar. Imzolash marosimida investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov va Data Volt direktori Rajit Nanda ishtirok etdi.

Shuningdek, Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi va «Al Bawani Capital» kompaniyasi o‘rtasida Sirdaryo-Baxt halqa avtomobil yo‘lini qurish va Toshkent-Samarqand yo‘lini rekonstruksiya qilish bo‘yicha kelishuv imzolandi. Imzolangan kelishuvlar kelgusidagi investitsiya tashabbuslari uchun asos bo‘lishi kutilmoqda.

Toshkentdagi III Xalqaro investitsiya forumi yakunlandi, biroq rejalashtirilgan tashabbuslar va imzolangan kelishuvlar barqaror rivojlanish va investitsiyalarni jalb etish yo‘lida faol ish olib borishni va’da qilmoqda. O‘zbekiston xalqaro maydondagi strategik hamkor sifatidagi rolini yana bir bor tasdiqlab, jahon sarmoyadorlari e’tiborini o‘ziga qaratib, mintaqa iqtisodiy o‘sishiga hissa qo‘shmoqda.

 

Manba: O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi  

#

Uchinchi Toshkent Xalqaro Investitsiya Forumi yakunlari: muvaffaqiyatli yakun va istiqbolli natijalari

Bizga yozing

Iltimos, ariza shaklini to’ldiring va biz tez orada siz bilan bog’lanamiz.