16-18-may kunlari Samarqandda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining 32-yillik yigʻilishi oʻtkazildi.
Sammit ishida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti, Yevropa Komissiyasi vitse-prezidenti, YETTB Boshqaruvchilar kengashi raisi, xorijiy hukumatlar, yetakchi transmilliy korporatsiyalar va sanoat xoldinglari, xalqaro moliya institutlari va banklar rahbarlari, shuningdek, dunyoning 70 mamlakatidan iqtisodiyot, investitsiya, moliya, innovatsiya sohasi ekspertlari va tahlilchilari, fuqarolik jamiyati faollari, ommaviy axborot vositalari xodimlari – jami 2,5 mingdan ziyod ishtirokchi qatnashdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 17-may kuni Boshqaruvchilar kengashining yigʻilishida ishtirok etdi va nutq soʻzladi.
Davlatimiz rahbari olti yil muqaddam boshlagan qatʼiy islohotlarimiz natijasida mamlakatimizning qiyofasi butunlay oʻzgarib, dunyoga keng ochilayotgani, bugun Yangi Oʻzbekiston barcha sohalarda xalqaro hamkorlik uchun tayyorligini taʼkidladi.
Xalqaro anjumanning uchinchi kuni ham tomonlar uchun birdek manfaatli jihatlarni nazarda tutgan qator tadbirlar oʻtkazildi.
Ayniqsa, Markaziy Osiyo mintaqasi, xususan, respublikamiz iqtisodiyotini yanada yuksaltirishga xizmat qiluvchi “Oʻzbekiston kapital bozorining rivojlanishi”, “Oʻzbekiston banklari transformatsiyasi va banklarimizni xususiylashtirish jarayoni” sessiyalari mutaxassislarda katta qiziqish uygʻotdi.
“Amerika – Oʻzbekiston savdo palatasi. Amerika hikoyasi: AQSH biznesi nima sababdan Markaziy Osiyoda?” nomli sessiyani Oʻzbekiston – Amerika savdo palatasi ijrochi direktori Yelena Son boshqarib bordi.
Qarorgohi Amerika Qoʻshma Shtatlari poytaxti Vashington shahrida joylashgan mazkur tuzilma AQSH kompaniyalarining Oʻzbekiston, Qirgʻiziston va Tojikistondagi manfaatlarini himoya qilish maqsadida faoliyat olib boradi.
Amerika – Oʻzbekiston savdo palatasi masʼullariga ushbu nufuzli anjuman dasturida alohida yigʻilish uchun imkoniyat berilishi bejiz emas. Zero, bugungi kunda mintaqamizni iqtisodiy rivojlantirish jarayonida AQSH bilan hamkorlik muhim oʻrin tutadi.
Ushbu tadbirda ham Markaziy Osiyo, xususan, Oʻzbekiston bozorida faoliyat olib borayotgan yirik kompaniyalar vakillari, sarmoyadorlar, biznesmenlar faol ishtirok etdi. Bevosita muloqot qilish, turli dolzarb mavzularda muzokara olib borish, muammoli masalalarni birgalikda hal etish imkonini taqdim etgan uchrashuv davomida ular bir-birlariga oʻzlarining yangi mahsulot va xizmatlarini taklif etishdi.
– Biz YETTB va Oʻzbekistonning hamkorlikdagi saʼy-harakatlarini yuksak qadrlaymiz va eʼtirof etamiz, – deydi Yelena Son. – Umuman, bunday ajoyib faollik boshqa xalqaro tuzilmalarni ham mamlakatingiz bilan aloqani mustahkamlashga undayapti. Oʻzbekiston – Amerika savdo palatasi respublikaga 30 yil oldin kirib kelgan. YETTB bilan ham biz doimiy ravishda, aytish mumkinki, har kungi tartibda birga ishlaymiz. Aloqalarimiz izchillik kasb etgan, muntazam ravishda koʻplab muhim soha va tarmoqlarni rivojlantirishga qaratilgan vebinarlar, turli shakldagi uchrashuvlar, samarali muloqotlar oʻtkazamiz. Shu maʼnoda mintaqaviy sheriklikni mustahkamlashga yoʻnaltirilgan bugungi tadbir ham tez orada oʻz natijalarini berishiga ishonamiz.
Boshqaruvchilar kengashi majlisi yakunlari boʻyicha oʻtkazilgan matbuot anjumanida YETTB prezidenti Odil Reno-Basso xonim Samarqand anjumani yuqori saviyada tashkil etilganini yuksak baholab, buning uchun Oʻzbekiston rahbariyatiga minnatdorlik bildirdi.
– Oʻtgan yilgi faoliyatimiz sarhisobida dunyo boʻylab mamlakatlarga rekord darajada investitsiya kiritganimiz koʻrindi, – dedi Odil Reno-Basso. – Ayniqsa, energetika, “yashil” iqtisodiyot, oziq-ovqat xavfsizligi yoʻnalishlariga ajratgan sarmoyamiz salmoqli boʻldi. Kelgusida ham ushbu yoʻnalishlar ustuvorligi saqlab qolinadi. Iqtisodiyot barqarorligini taʼminlash uchun investitsiyaning 50 foizi “yashil” iqtisodiyotga yoʻnaltiriladi.
Samarqand mezbonlik qilgan Boshqaruvchilar kengashi yigʻilishi doirasidagi barcha uchrashuv, sessiya va munozaralar muvaffaqiyatli oʻtdi. Boshqaruvchilar kengashi bankimiz tarixidagi eng salmoqli kelishuvlar jamlanmasini imzoladi. Bu hujjatlar biz bilan ishlayotgan va tashqi hamkorlarimiz hisoblangan davlatlarga tegishli uch asosiy yoʻnalishni qamrab oldi.
Umuman, uch kun davomida Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining 32-yillik yigʻilishi doirasida oʻtkazilgan ellikdan ziyod tadbirda YETTB ishtirokida amalga oshirilayotgan loyihalar hamda kelgusi vazifalar, boshqa xalqaro tashkilot va tuzilmalar bilan hamkorlik, dunyodagi geosiyosiy vaziyatdan kelib chiqib, mamlakatlar iqtisodiyotini rivojlantirish, fuqarolik jamiyati institutlari rolini oshirish kabi muhim masalalar muhokama etildi. Oʻzbekistonda biznesni yoʻlga qoʻyish va rivojlantirish uchun yaratilayotgan qulay imkoniyatlar, jozibador investitsiya muhitiga oid maʼlumot berildi, taqdimotlar oʻtkazildi. Koʻplab vazirlik, idoralar, moliya muassasalari tomonidan har tomonlama manfaatli kelishuvlarga erishildi.