14 Sen, 2023

Markaziy bank asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida saqlab qoldi

2023 yil 14 sentyabrda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bank boshqaruvi asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida saqlab qolish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Ushbu stavka joriy yilning 17 martidan buyon o‘zgarmasdan kelmoqda.

Iqtisodiyotdagi inflyatsion jarayonlar biroz sekinlashishiga qaramasdan, ayrim mahsulot guruhlari narxlariga oshiruvchi bosimlar saqlanib qolmoqda. Joriy yilning avgust oyida inflyatsion kutilmalarning ham o‘sishi kuzatildi.

Elektr va gaz tariflarini aholi uchun o‘zgarishsiz qoldirilayotganligi hisobiga inflyatsiyaga ushbu guruhdan birlamchi ta’sirlar mavjud bo‘lmaydi. Biznes subyektlari uchun tariflar oshirilishining ikkilamchi ta’sirlari inflyatsiyaning prognoz ko‘rsatkichlarida inobatga olingan doirada bo‘lishi kutilmoqda.

Amaldagi nisbatan qat’iy pul-kredit sharoitlarining davom ettirilishi daromadlarning o‘sishi ta’sirida yuzaga kelgan yalpi talab bosimini va inflyatsiyani oshiruvchi omillarni pasaytirish orqali inflyatsiyaning prognoz ko‘rsatkichlariga erishishga xizmat qiladi.

Yoz oylari boshidagi ma’lum pasayishdan so‘ng avgust oyida yillik inflyatsiya 9 foizga teng bo‘ldi. Oziq-ovqat va nooziq-ovqat tovarlari guruhlarida inflyatsiyaning deyarli o‘zgarmaganligi sharoitida xizmatlar sohasida narxlar o‘sishining 8,2 foizdan 8,5 foizgacha tezlashishi inflyatsiya oshishining omillaridan bo‘ldi.

Bazaviy inflyatsiya kutilganidan ko‘ra sekinroq sur’atda pasayib, yillik 10,7 foizni tashkil etdi. Ayni paytda, bazaviy inflyatsiyaning pasayuvchi tendensiyasi barqaror tus olmoqda.

Aholining kelgusi 12 oy uchun inflyatsion kutilmalari trend yo‘nalishini o‘zgartirib, 14,2 foizgacha ortdi. Tadbirkorlik subyektlarining kutilmalarida ham o‘xshash tendensiya kuzatilib, 14,4 foizga teng bo‘ldi. Respondentlar tomonidan kutilmalar o‘sishining asosiy omillari sifatida valyuta kursi o‘zgarishi, yoqilg‘i va energiya narxlarining oshishi kabi omillar ta’kidlangan.

Global inflyatsiya, asosan, energiya resurslari va xomashyolar narxlarining barqarorlashuvi ta’sirida sekinlashmoqda. Shu bilan birga, ko‘plab mamlakatlarda bazaviy inflyatsiya sezilarli darajada yuqori va barqaror bo‘lib qolmoqda. Mehnat bozoridagi qat’iylik ish haqlari oshishiga sabab bo‘lib, xizmatlar sohasida doimiy inflyatsion bosimni yuzaga keltirmoqda.

Savdo hamkorlardagi iqtisodiy vaziyat valyuta kurslaridagi devalvatsion jarayonlar va xomashyolar narxlari dinamikasi ta’sirida shakllanmoqda.

So‘m almashuv kursining avgust oyidagi to‘g‘rilanishi real samarali almashuv kursida ham aks etib, uzoq muddatli trendiga qarab og‘a boshladi. Yil oxirigacha ushbu dinamikani keskin o‘zgartiruvchi omillar kutilmayapti.

Joriy yilning yanvar-iyul oylaridagi so‘nggi statistik ma’lumotlarga ko‘ra, ko‘rsatilayotgan xizmatlar, sanoat ishlab chiqarish va chakana savdo hajmida barqaror o‘sish kuzatildi.

Iqtisodiy faollikning muqobil ko‘rsatkichlari iqtisodiyotda yalpi talabning yuqori sur’atlarda shakllanganligini tasdiqlamoqda. Joriy yilning yanvar-avgust oylarida ko‘chmas mulk oldi-sotdi bitimlari soni 7,7 foizga oshdi. Iqtisodiyotga kredit qo‘yilmalarining yillik

1,3 barobarga o‘sishi ham iqtisodiy faollikni qo‘llab-quvvatlovchi omillardan bo‘lib qolmoqda.

Naqd pul tushumlarining umumiy hajmi yanvar-avgust oylarida 30,4 foizga, savdo va pullik xizmatlardan tushumlar 27,7 foizga ko‘paydi. Shu bilan birga, transchegaraviy pul o‘tkazmalari hajmi, 2021 yil ko‘rsatkichlariga nisbatan sezilarli o‘sishni saqlagan holda, yuqori baza effekti hisobiga teskari tendensiyani namoyon etib, o‘tgan yilga nisbatan 32,4 foizga pasaydi.

Markaziy bank asosiy stavkasining o‘zgarishsiz qolishi va uning pul bozoriga transmissiyasi, qisqa muddatli likvidlik narxining real hisobda 3-4 foizlik ijobiy darajada shakllanishiga va shu orqali “nisbatan qat’iy” pul-kredit sharoitlarini ta’minlashga xizmat qilmoqda.

Ijobiy real foiz stavkalari depozitlar bozorida faollikni qo‘llab-quvvatlashda davom etmoqda. Avgust oyida aholining milliy valyutadagi muddatli depozitlari bo‘yicha o‘rtacha tortilgan foiz stavkalari 21,7 foizni, yuridik shaxslarniki esa 17,1 foizni tashkil etdi.

Natijada, 1 sentyabr holatiga milliy valyutadagi muddatli depozitlarning yillik o‘sishi 48,3 foizga, shu jumladan, aholi omonatlari bo‘yicha 53,5 foizga teng bo‘ldi.

Joriy ichki va tashqi iqtisodiy sharoitlarni hisobga olgan holda yil yakuniga qadar inflyatsiya darajasi 8,5-9,5 foizlik prognoz koridori doirasida bo‘lishi kutilmoqda.

Ayni paytda, fiskal rag‘batlantirishlar, daromadlar va chakana kreditlarning o‘sishi ta’sirida yalpi talabning yanada oshishi prognoz davrida narxlarga oshiruvchi omil sifatida qaralmoqda.

Avgust oyi inflyatsion kutilmalari va sezilgan inflyatsiyaning yuqori bo‘lganligi ham narxlarni shakllanish jarayonlari ko‘p jihatdan joriy tendensiyalardan kelib chiqayotganligi va prognoz ko‘rsatkich bilan to‘liq jilovlanmaganligini ko‘rsatmoqda.

Shuningdek, chakana kreditlash yo‘nalishlarida aholiga ajratilayotgan kreditlar o‘sish ko‘rsatkichlarining yuqori bo‘layotganligi ushbu segmentda qarz yuki va ichki talabga ta’siri nuqtai nazaridan xavotirlarni kuchaytirmoqda.

Asosiy stavkaning joriy darajada o‘zgarishsiz qoldirilishi, inflyatsiyaning yil yakuniga qadar prognoz doirasida shakllanishi uchun zarur bo‘lgan sharoitlarni yaratib boradi va narxlarga monetar omillarning ta’sirini oldini olish uchun zaruriy chora hisoblanadi. 

Markaziy bank pul-kredit sharoitlarining yalpi talab, narxlar va inflyatsion kutilmalarga ta’sirini baholashda davom etadi. Ko‘rilayotgan chora-tadbirlar inflyatsiyaning prognoz koridori doirasida shakllanishini ta’minlashga qaratiladi.

Markaziy bank Boshqaruvining asosiy stavkani ko‘rib chiqish bo‘yicha navbatdagi yig‘ilishi 2023 yil 26 oktyabrga belgilangan.

 

Manba: O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bank press-relizi

Bizga yozing

Iltimos, ariza shaklini to’ldiring va biz tez orada siz bilan bog’lanamiz.