O’zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo’mitasining dastlabki ma’lumotlariga ko’ra 2022 yilning yanvar – dekabr oylari yakuni bilan respublikaning tashqi savdo aylanmasi (matnda TSA) 50.008,4 mln. AQSh dollarini tashkil etib, 2021 yilga nisbatan 7.837,9 mln. AQSh dollariga yoki 18,6% ga koʻpaydi.
Tashqi savdo aylanmasida eksport hajmi 19.309,1 mln. AQSh dollariga (15,9% ga ko‘paydi) va import hajmi 30.699,3 mln. AQSh dollariga (20,4% ga koʻpaydi) yetdi.
Hisobot davrida -11.390,2 mln. AQSh dollari qiymatida passiv tashqi savdo balansi qayd etildi.
Oʻzbekiston Respublikasi jahonning 204 mamlakati bilan savdo aloqalarini amalga oshirib kelmoqda. TSAning nisbatan salmoqli hissasi Rossiya Federatsiyasida (18,6%), XXRda (17,8%), Qozogʻistonda (9,2%), Turkiyada (6,4%), Koreya Respublikasida (4,7%), Qirgʻiz Respublikasi (2,5%) va Germaniyada (2,3%) qayd etilgan.
Tashqi iqtisodiy faoliyat boʻyicha 20 ta yirik hamkor davlatlar orasidan uchta davlatda faol tashqi savdo balansi kuzatilgan. Xususan, Afgʻoniston, Qirgʻiz Respublikasi va Tojikiston shular jumlasidandir. Qolgan 17 ta davlatlar bilan passiv tashqi savdo balansi saqlanib qolmoqda.