VASHINGTON, 2024–yil, 24-may — Jahon banki ijrochi direktorlar kengashi 100 million dollar miqdorida imtiyozli kreditni tasdiqladi. Ushbu mablagʻlar Oʻzbekistonga “Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini ijtimoiylashuvini ta’minlash uchun innovatsion ijtimoiy himoya tizimi” (INSON) loyihasini amalga oshirish uchun taqdim etiladi. Loyihaning maqsadi aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga mansub odamlar uchun ijtimoiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatini va ularning sifatini yaxshilashdir.
Loyiha qoʻshimcha ravishda Jahon banki qoshidagi “Erta yoshdagi ta’lim uchun hamkorlik” koʻp tomonlama donorlik trast jamgʻarmasi tomonidan taqdim etilgan 2 million dollarlik grant vositasida moliyalashtiriladi. Jamgʻarma faoliyati dunyoning turli mamlakatlaridagi ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarning rivojlanishi va ta’limini qamrab oladi. Ushbu mablagʻlar mahalliy jamoalar (mahallalar) darajasida koʻrsatilayotgan ijtimoiy xizmatlarning Oʻzbekistondagi ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalar farovonligiga ta’sirini baholash va ularning sifatini oshirish uchun yoʻnaltiriladi.
“Biz Oʻzbekiston hukumatining ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini har tomonlama va samarali qoʻllab – quvvatlash maqsadida milliy ijtimoiy himoya tizimi salohiyatini rivojlantirishga qaratilgan sa’y-harakatlarini olqishlaymiz”, – dedi Jahon bankining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari Marko Mantovanelli. “Loyiha Oʻzbekistonda “gʻamxoʻrlik iqtisodiyoti” sektorining huquqiy va institutsional asoslarini rivojlantirishga koʻmaklashadi. Shuningdek, u minglab odamlar, jumladan, keksa fuqarolar, nogironligi bor shaxslar, oiladagi zoʻravonlik qurbonlari va ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalar uchun haligacha mavjud boʻlmagan zarur ijtimoiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini yaxshilashni qoʻllab-quvvatlaydi”.
Loyiha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi (IHMA) tomonidan mamlakatning turli davlat organlari, nodavlat tashkilotlari va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish masalalari boʻyicha xalqaro hamkorlar bilan hamkorlikda amalga oshiriladi.
Loyihadan kutilayotgan natijalar quyidagi koʻrsatkichlarni oʻz ichiga oladi:
- Mamlakat boʻylab mahallalar darajasida faoliyat yuritadigan 50 dan ortiq ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish markazlarini tashkil etish. Ularning xizmatlari aholining ijtimoiy himoyaga eng muhtoj qatlamlariga qaratilgan boʻladi.
- 50 mingdan ortiq aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari, shu jumladan keksalar, nogironligi boʻlgan shaxslar va ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarning yuqorida aytib oʻtilgan ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish markazlari negizida sifatli ijtimoiy va reabilitatsiya xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini yaxshilash.
- Uyda, ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish markazlarida, shuningdek mahallalar darajasida koʻrsatiladigan ijtimoiy xizmatlar sifati standartlarini yaxshilash uchun me’yoriy-huquqiy bazani ishlab chiqishda Ijtimoiy himoya milliy agentligini qoʻllab-quvvatlash.
- Xususiy sektor tomonidan ijtimoiy xizmatlar koʻrsatishning tartibga solinadigan bozorini rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish. Mahalla darajasida ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish markazlarini tashkil etish ijtimoiy himoya organlari tomonidan koʻrsatiladigan xizmatlarga boʻlgan talabni kamaytirishi va xususiy ijtimoiy xizmat koʻrsatuvchilar bozorini rivojlantirishga turtki boʻlishi kutilmoqda.
- Loyiha koʻmagida aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga mansub fuqarolarga individuallashgan ijtimoiy yordam koʻrsatish tizimi ishlab chiqiladi.
- 1200 nafar nogironligi boʻlgan shaxslarni kasbiy mahoratini oshirish va ish bilan ta’minlash, ulardan kamida yarmini 15-24 yoshli yoshlar tashkil qilishi belgilangan.
- 29 ta Zoʻravonlikdan jabrlangan shaxslarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazlariga murojaat qilgan barcha ayollarga sifatli huquqiy, tibbiy, psixologik va boshqa yordamlar koʻrsatish. Shuningdek, ular kompyuter va moliyaviy savodxonlik, hamda muayyan kasbiy koʻnikmalarni rivojlantirish boʻyicha qisqa muddatli kurslar doirasida oʻqitilishi mumkin.
- Loyiha turli xil favqulodda vaziyatlarga javob berish uchun tayyorlangan moslashuvchan ijtimoiy himoya tizimini rivojlantirishga koʻmaklashadi. Xususan, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini iqlim oʻzgarishiga moslashtirish boʻyicha davlat siyosati choralari, tegishli mexanizmlar va pilot dastur ishlab chiqiladi. Iqlim oʻzgarishi bilan bogʻliq xatarlar toʻgʻrisida xabardorlikni oshirish va ular bilan bogʻliq oqibatlarga javob choralari koʻrish uchun zarur boʻlgan koʻnikmalarni rivojlantirishga yoʻnaltirilgan ushbu dastur qishloq joylaridagi 100 mingta ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarni qamrab oladi. Shu tariqa, ularga iqlimga chidamli ekinlarning urugʻlari, qishloq xoʻjaligi qurollari taqdim etiladi, shuningdek, iqlimga mos qishloq xoʻjaligi masalalari boʻyicha oʻquv dasturlaridan oʻtish imkoniyati beriladi.
Loyiha tadbirlarini amalga oshirish mamlakat rasmiylariga ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi guruhlari uchun ijtimoiy-iqtisodiy imkoniyatlarni kengaytirish, ularning jamiyatga integratsiyalashuvini ta’minlash, shuningdek, ularning farovonligini oshirish imkonini beradi.
Jahon bankining Oʻzbekistondagi faoliyati haqida batafsil maʻlumot.