Jahon banki press-reliziga ko’ra, Jahon banki guruhi Ijrochi direktorlar Kengashi joriy yilning 24 may kuni Oʻzbekiston bilan 2022-2026 yillarga moʻljallangan “Mamlakat bilan hamkorlik doirasidagi dasturini” (MHD) muhokama qilib tasdiqladi. MHD Milliy taraqqiyot strategiyasida belgilangan Oʻzbekiston hukumatining 2022-2026 yillarga mo’ljallangan strategik ustuvor yoʻnalishlarini qoʻllab-quvvatlagan holda Jahon banki guruhining kelgusi besh yildagi faoliyatini yo’naltiradi.
O‘zbekiston Jahon banki guruhi institutlariga 1992-1993* yillarda qo‘shilgan bo’lib, yangi MHD Jahon banki guruhi va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlikning 30 yilligini nishonlaydi. 2017-yildan buyon ushbu hamkorlik yaqin hamkorlikka aylandi, bu Jahon banki guruhining axborot mahsulotlari va texnik yordam uchun mablag‘ ajratishning misli ko‘rilmagan darajasi, xilma-xilligi va dinamikligidan dalolat beradi.
Jahon banki va Xalqaro Moliya Korporatsiyasi (XMK) O‘zbekiston iqtisodiyoti, jamiyati va xususiy sektorini o‘zgartirish va modernizatsiya qilish bo‘yicha O‘zbekistonning ulkan islohotlarini qo‘llab-quvvatlab, mamlakat uchun ko‘plab muhim marralarni qo‘lga kiritishga yordam bermoqda. Qishloq xo‘jaligini isloh qilish orqali paxta yig‘im-terimida majburiy mehnatga barham berish, mamlakatimizda qayta tiklanadigan energiya inshooti, birinchi yirik xususiy loyiha – Navoiy viloyatida quyosh fotoelektr stansiyasining ishga tushirilishi diqqatga sazovor misollardir.
Yangi doiraviy dastur (MHD) O‘zbekistonning inklyuziv va barqaror bozor iqtisodiyotiga o‘tish jarayonini jadallashtirish bo‘yicha uchta strategik maqsadni qo‘llab-quvvatlaydi: 1) xususiy sektorda inklyuziv bandlikni oshirish; 2) inson kapitalini yaxshilash; va 3) ekologik (yashil) o’sish orqali turmush darajasi va barqarorligini oshirish.
Shuningdek, MHD muvaffaqiyatli o’tish va O’zbekistonning 2030 yilgacha bo’lgan davrga mo’ljallangan o’z maqsadlariga erishish uchun muhim bo’lgan o’zaro maqsadlarni ko’zlaydi: 1) gender nomutanosibligini bartaraf etish; va 2) fuqarolarning ishtiroki va davlat xizmatlari uchun hisobdorligini kuchaytirish.
“O‘zbekiston hukumati Jahon banki, Xalqaro moliya korporatsiyasi va Koʻp tomonlama sarmoyalarni kafolatlash Agentligi bilan amalga oshiradigan yangi Mamlakat bilan hamkorlik doiraviy dasuri qabul qilinishini olqishlaydi, – dedi O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish Vazirli Jamshid Qo‘chqorov. “Bu 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Milliy rivojlanish strategiyasini muvaffaqiyatli amalga oshirishga hissa qo‘shadi va mamlakatga 2026 yilgacha kambag‘allikni ikki baravarga kamaytirishga va 2030 yilgacha o‘rtachadan yuqori daromadga ega mamlakat maqomiga erishishga yordam beradi”.
MHD tizimli mamlakat diagnostikasi orqali O‘zbekistonning hozirgi rivojlanish muammolari va salohiyatli imkoniyatlarini har tomonlama tahlil qilish, shuningdek avvalgi MHDni amalga oshirishdan olingan saboqlar, markaziy va mahalliy hokimiyat organlari, fuqarolik jamiyati, xususiy sektor, ilmiy doiralar va xalqaro rivojlanish bo’yicha hamkorlari bilan keng ko‘lamli maslahatlashuvlar asosida ishlab chiqilgan.
“Oʻtgan besh yildagi muvaffaqiyatli hamkorlikka asoslanib, MHD Jahon banki guruhining yordamini boshqa oʻtish davridagi mamlakatlarda olingan bilimlarni Oʻzbekistonga olib kelish orqali Oʻzbekistonda yangi avlod islohotlarini amalga oshirishda yordam berishni maqsad qilgan”, dedi Jahon bankining Markaziy Osiyo bo’yicha mintaqaviy direktori Tatyana Proskuryakova. “Bu yil Oʻzbekiston bilan hamkorligimizning 30 yilligini nishonlar ekanmiz, biz barcha fuqarolar farovonligini oshirishga qaratilgan inklyuziv va barqaror bozor iqtisodiyotini barpo etishda mamlakatning koʻmagiga ishonamiz”.
Bugungi kunda Jahon bankining O‘zbekistondagi dasturi turli iqtisodiy va ijtimoiy islohotlarni hamda turli tarmoqlarni modernizatsiya qilishni qo‘llab-quvvatlovchi 28 ta loyihadan iborat bo‘lib, ularning umumiy hajmi 5,26 milliard AQSh dollarini tashkil etdi. Bularga Xalqaro Taraqqiyot Uyushmasining (XTU) taxminan 3,23 milliard dollar miqdoridagi imtiyozli kreditlari (nol yoki juda past foiz stavkalari bilan 30 yil muddatga, 5 yillik imtiyozli davr bilan beriladi) va Xalqaro Tiklanish va Taraqqiyot Bankining (XTTB) 2,03 milliard dollarga kreditlari kiradi. Ushbu umumiy majburiyatlarning taxminan 2,66 milliard AQSh dollari hali endi amalga oshirilishi kerak va yangi MHDni amalga oshirishga hissa qo’shadi.
“O‘zbekiston xususiy sektorining o‘sishiga turtki bo‘lgan tarixiy islohotlar tufayli misli ko‘rilmagan iqtisodiy o‘zgarishlarni boshdan kechirmoqda, – dedi XMKning Markaziy Osiyo va Turkiya bo‘yicha direktori Vibke Shloemer. “Biz ushbu yo‘lda mamlakatni qo‘llab-quvvatlashni davom etamiz, xizmatlar ko‘rsatish sifatini oshirish va barqaror iqtisodiy o’sishni ta’minlash uchun asosiy tarmoql`arga sarmoya kiritish va qo‘shimcha mablag‘larni jalb etishdan tortib, moliyaviy infratuzilmasini mustahkamlashga, innovatsion yangi DXSh dasturlarini ishga tushirishgacha yordam berish”.
XMK Oʻzbekistonga xususiy sektor oʻsishi va rivojlanishini ragʻbatlantirish maqsadida turli sohalardagi 18 ta loyihani qoʻllab-quvvatlab, 230 million AQSh dollari miqdorida sarmoya kiritdi. XMK sarmoyalari maslahat ishlari, jumladan, davlat banklarini xususiylashtirishga tayyorlash, paxta sektorini oʻzgartirish, kimyo sanoatini rivojlantirish, sogʻliqni saqlash va energetika sohalarida davlat-xususiy sherikchilik sohasidagi tajriba loyihalarini qoʻllab-quvvatlash bilan toʻldirildi.
2021-yilda Investitsiyalarni kafolatlash bo‘yicha ko‘p tomonlama Agentlik tomonidan mamlakatimizning Sirdaryo viloyatida quvvati 1500 MVt bo‘lgan yangi bug’-gaz elektr stansiyasini qurish va foydalanish uchun kafolatlarini taqdim etdi.
* Jahon banki (Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki (XTTB) va Xalqaro taraqqiyot Uyushmasi (XTU)) 1992 yilda, Xalqaro moliya korporatsiyasi (XMK) va Koʻp tomonlama sarmoyalarni kafolatlash Agentligi (KSKA) 1993 yilda.