So‘nggi yillarda mamlakatimizda ochiq, raqobatbardosh iqtisodiyotni shakllantirish, investitsiyalar va sanoatni rivojlantirish, tashqi savdo aloqalarini kengaytirish, mahalliy va xorijiy investorlar uchun jozibador ishbilarmonlik muhitini yaratishga qaratilgan qator izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.
Mutaxassislar ta’kidlaganidek, amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligi rivojlangan mamlakatlarning ilg‘or tajribasi, milliy iqtisodiyot imkoniyatlari va mamlakat rahbariyatining yangilanish aholi turmush darajasini yaxshilash borasidagi siyosiy irodasi bilan uyg‘unligi orqali ta’minlanmoqda.
Ishlab chiqarish va eksport salohiyatini jadal rivojlantirish, investitsiyalarni jalb etishning ilg‘or jahon tajribasidan biri bu maxsus iqtisodiy va sanoat zonalarini tashkil etishdir.
2024-yil 1-yanvar holatiga ko‘ra, mamlakatimizda 766 ta sanoat zonasi, jumladan, 24 ta maxsus iqtisodiy zona, 532 ta kichik sanoat zonasi, 210 ta yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari tashkil etildi.
Mazkur obyektlarning bosh rejalariga muvofiq investitsiya loyihalari uchun umumiy maydoni 11 952,1 gektar yer ajratilgan. ISSV muvofiqlashtiruvida amalga oshirilayotgan ishlar tufayli bugungi kunda investitsiya loyihalari sanoat zonalarining 6 382,3 gektar maydonida joylashgan. Auksion orqali 4 123,5 gektar yer maydoni, jumladan, maxsus iqtisodiy zonalarda 3 304,8 gektar, kichik sanoat zonalarida 666 gektar, yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalarida 152,7 gektar yer maydonlari sotuvga qo‘yilgan. Birgina joriy yilning yanvar oyida 100 gektardan ortiq yer auksionga qo‘yildi.
Sanoat zonalarida amalga oshirilayotgan ishlar ko‘lami yildan-yilga kengaymoqda. 2024-yilda sanoat zonalarida 841 ta loyihani ishga tushirish rejalashtirilgan. Bu 2023-yildagi ko‘rsatkichdan (965 ta loyiha) 124 taga kam bo‘lsada, bu o’zgarish yangi tashkil etilgan ishlab chiqarish quvvatlarining yiriklashishi va ish o‘rinlari sonining ancha ko‘payishi bilan bog‘liq. Masalan, sanoat zonalarida 2023-yilda amalga oshirilgan loyihalarning umumiy qiymati 9,7 trillion so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, 2024-yilda ushbu maqsadlar uchun 13,3 trillion so‘m jalb etiladi. Ish o’rinlari bo‘yicha ham vaziyat xuddi shunday – 2023-yilda – 20,7 ming, joriy yilda esa 27,7 ming ish o‘rinlari yaratish rejalashtirilgan.
Joriy yilning birinchi kunlaridan boshlab sanoat zonalarida qizg‘in ish boshlab yuborildi. Sovuq kunlarda kuzatilayotgan sekinlashishga qaramay, 2024-yil yanvar oyida umumiy qiymati 56,6 milliard so‘mlik 14 ta loyiha foydalanishga topshirilib, 300 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Shundan kichik sanoat zonalarida 54,1 milliard so‘mlik 12 ta, yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalarida esa 2,5 milliard so‘mlik 2 ta loyiha ishga tushirildi.
Eng muhimi – bu natijalar, albatta. Sanoat zonalarida ishga tushirilgan loyihalar hisobiga yaqin aholi punktlari aholisini ish bilan ta’minlash bilan bir qatorda ishlab chiqarish va eksport hajmida o‘sish qayd etilmoqda. 2023-yilda sanoat zonalarida joylashgan korxonalar tomonidan 53,4 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilib, 972 million dollarlik eksport amalga oshirildi. Birgina joriy yilning yanvar oyida 4,4 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilib, shundan 61,3 million dollarlik mahsulot eksport qilindi.
O‘zbekiston sanoat zonalarini qat’iyat bilan izchil rivojlantirmoqda. Mazkur trend saqlanishiga va bu ish natijalari kutilganidan ham oshib, davlat rahbari tomonidan belgilab berilgan mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirish bo‘yicha strategik maqsadlarga erishishga munosib hissa qo‘shishiga shubha yo‘q.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi