TOSHKENT, 2024-yil 4-mart — Jahon banki oʻzining “Ayollar, biznes va qonun” yillik hisobotini e’lon qildi. Unda huquqiy sohada gender tenglikka erishish yoʻlidagi jahon taraqqiyoti baholanadi. Hujjat 190 ta davlatda, jumladan, Oʻzbekistonda ayollarning ahvolini 10 ta koʻrsatkich: “xavfsizlik”, “harakatlanish erkinligi”, “bandlik”, “mehnatga haq toʻlash”, “nikoh”, “ota-onalik”, “bolalarni parvarishlash”, “tadbirkorlik”, “mulkni boshqarish” va “pensiya taʻminoti” boʻyicha baholovchi indeksni oʻz ichiga oladi.
“Ayollar, biznes va qonun” hisobotining oxirgi nashri 2022-yil 1-oktabrdan 2023-yil 1-oktabrgacha boʻlgan davrda mamlakatlar qonunchiligidagi tegishli oʻzgarishlarni baholaydi. Bu davrda dunyodagi atigi 18 ta davlat yoki indeksda baholangan davlatlarning 10 foizidan kamrogʻi yuqoridagi koʻrsatkichlar doirasida ayollarning mavqeini yaxshilagan huquqiy islohotlarni amalga oshirdi.
Umuman olganda, ushbu 18 ta mamlakat gender tengligiga erishishga qaratilgan 47 ta islohotlarni amalga oshirdi. Xususan, Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasidagi beshta mamlakat, jumladan Oʻzbekiston, Armaniston, Ozarbayjon, Kipr va Moldovada toʻqqizta shunday islohot amalga oshirildi.
Oʻzbekiston Iordaniya, Malayziya, Syerra-Leone va Togo bilan birgalikda eng katta muvaffaqiyatga erishgan besh davlat qatoridan joy oldi. 2022-yil oktabr oyidan buyon mamlakatda xotin-qizlarning mavqeini oshirishga qaratilgan toʻrtta muhim huquqiy islohotlar amalga oshirildi.
Ushbu islohotlar, xususan ikkita asosiy koʻrsatkich – “mehnatga haq toʻlash” va “nikoh” doirasida mamlakatning reytingdagi oʻrnini yaxshilashga ijobiy taʻsir koʻrsatdi. Bu Oʻzbekiston reytingining 11,9 punktga koʻtarilishiga olib keldi va mamlakat “Ayollar, biznes va qonun 2024” indeksida maksimal 100 balldan 82,5 ball toʻplagan. Oʻzbekiston Singapur, Turkiya va Birlashgan Arab Amirliklari bilan bir xil ball toʻpladi, shuningdek Markaziy Osiyoda eng yaxshi natijalarni koʻrsatdi.
Xususan, Oʻzbekistonda ayollarga erkaklar bilan bir xil qiymatdagi mehnat uchun teng haq toʻlashni kafolatlovchi me’yoriy hujjatlar qabul qilindi. Shuningdek, ayrim sohalarda ayollar mehnatidan foydalanishga qoʻyilgan cheklovlar bekor qilindi. 2022-yil oktabr oyida mehnat huquqlarini himoya qilish sohasidagi xalqaro standartlar va konvensiyalarga mos keladigan ushbu qoidalarni oʻz ichiga olgan yangi Mehnat kodeksi qabul qilindi.
Bundan tashqari, Oʻzbekistonda ayollarni oiladagi zoʻravonlikdan himoya qiluvchi me’yoriy hujjatlar qabul qilindi. 2023-yil aprel oyida Jinoyat kodeksi va Ma’muriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga oiladagi zoʻravonlikka, jumladan, oilaviy munosabatlardagi jismoniy, ruhiy va iqtisodiy zoʻravonlikka qarshi kurashish boʻyicha oʻzgartirishlar kiritildi. Shuningdek ushbu turdagi jinoyatlar uchun jinoiy javobgarlik belgilangan.
“Jahon banki “Ayollar, biznes va qonun” hisobotining oxirgi nashrida ta’kidlangan Oʻzbekistonning gender tenglikni ta’minlash borasida erishgan yutuqlarini olqishlaydi. Yaqinda amalga oshirilgan huquqiy islohotlar ayollarning fuqarolik, mehnat va iqtisodiy huquqlarini sezilarli darajada kengaytirdi”, – dedi Jahon bankining Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy direktori Tatyana Proskuryakova. “Biz hukumatga zarur moliyaviy va tahliliy koʻmak koʻrsatish orqali ushbu islohotlarni amalga oshirishga mamnuniyat bilan oʻz hissamizni qoʻshdik. Oʻzbekistonda xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish borasidagi keyingi sa’y-harakatlar, jinsidan qat’iy nazar barcha fuqarolar uchun bir xil imkoniyatlar yaratadigan yanada adolatli va farovon jamiyat barpo etishga xizmat qiladi”.
Jahon banki hukumatga zarur tahliliy va moliyaviy koʻmak koʻrsatish orqali “Ayollar, biznes va qonun 2024” hisobotida ta’kidlangan Oʻzbekistondagi islohotlarni qoʻllab-quvvatladi. Bu Bank tomonidan turli ijtimoiy-iqtisodiy sohalardagi muhim islohotlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida 2021– va 2023-yillarda amalga oshirilgan mamlakatda rivojlanish siyosatini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha operatsiyalarni oʻz ichiga oladi.
Batafsil Jahon bankining Oʻzbekistondagi faoliyati haqida.