O‘zbekiston Islom taraqqiyot banki ko‘magida qishloq joylarini modernizatsiya qilish loyihasining ikkinchi bosqichini amalga oshirishga kirishmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 28.03.2024 yildagi PQ-141-son «Islom taraqqiyot banki ishtirokida “Qishloq joylarni kompleks rivojlantirish” (2-bosqich) loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Qaroriga binoan qishloq aholi punktlarining ijtimoiy-iqtisodiy holatini yaxshilash, hududlarni kompleks rivojlantirish, yo‘l-transport infratuzilmasi, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari va ijtimoiy soha obyektlarini barpo etish orqali aholining yashash sharoitlarini yaxshilash, ularning turmush darajasini oshirish maqsadlariga 293,5 million AQSh dollari miqdorida mablag‘ yo‘naltirish rejalashtirilgan.
Loyihaning umumiy qiymati 293,5 million AQSh dollariga teng ekanligi, shundan O‘zbekiston Respublikasining ulushi — 33,5 million AQSh dollarini tashkil etadi.
Loyiha Qashqadaryo, Samarqand va Surxondaryo viloyatlarining 21 ta tumanidagi 157 ta mahalla fuqarolar yig‘inlarida amalga oshirilishi, Loyihani amalga oshirish davri 5 yilni (2024 — 2028-yillar) tashkil etishi Qaror bilan belgilangan.
Qishloq infratuzilmasini rivojlantirishga 260 million dollar, maslahat xizmatlariga 15,9 million dollar, loyihalarni qo‘llab-quvvatlashga 2,5 million dollar ajratiladi, 15 million dollarga yaqin mablag‘ zaxirada bo‘ladi.
Eslatib oʻtamiz, Islom taraqqiyot banki va Oʻzbekiston Respublikasi oʻrtasida 2023-yil aprel oyida qishloq hududlarini rivojlantirish boʻyicha shartnoma imzolangan edi. Shuningdek, Islom taraqqiyot banki M39 yo‘lining bir qismini modernizatsiya qilish va respublikada maktabgacha ta’limni rivojlantirish uchun 136,7 million AQSh dollari ajratadi.