Fitch Ratings agentligi O‘zbekiston bank sektori iqtisodiy o‘sish fonida barqarorlikni saqlab qolishini prognoz qilmoqda, garchi muammoli kreditlarning o‘sishi rentabellikka bosim o‘tkazishi mumkin bo‘lsa-da, davlat ko‘magi sektor mustahkamligini ta’minlaydi.
Fitch Ratings agentligi o‘zining navbatdagi tahliliy hisobotida 2026-yilda O‘zbekiston bank sektorining moliyaviy ko‘rsatkichlari davom etayotgan iqtisodiy o‘sish fonida barqaror bo‘lishini kutmoqda. Agentlikning bazaviy ssenariysiga ko‘ra, mamlakat bank tizimida muammoli kreditlarning o‘sish tendensiyasi saqlanib qoladi, bu esa rentabellikka ma’lum darajada bosim o‘tkazadi. Biroq davlat tomonidan, ayniqsa davlat ishtirokidagi banklarga ko‘rsatiladigan kutilayotgan yordam kapitalning mustahkamlanishi va sektorning umumiy barqarorligini ta’minlashi kerak.
Agentlikda ta’kidlanishicha, amalga oshirilayotgan islohotlar ham moliyaviy tashkilotlar faoliyati samaradorligini bosqichma-bosqich oshirib boradi. Hisobotda xususiylashtirish masalasiga alohida e’tibor qaratilgan. Fitch baholashicha, 2026-yilda O‘zbekiston hukumati bir qator banklar, jumladan eng yirik «O‘zsanoatqurilishbank»dagi davlat aksiyalar paketini sotish bo‘yicha maqsadli strategiyani taqdim etadi. Boshqa davlat banklarini xususiylashtirish istiqbollari uzoqroq muddatli jarayon sifatida tavsiflanmoqda.
Fitch, shuningdek, depozit bozorining sezilarli o‘sishini prognoz qilmoqda: 2026-yilda omonatlar hajmi 20–25 foizga oshishi mumkin. Tahlilchilar fikriga ko‘ra, ushbu jarayonga aholi real daromadlarining o‘sishi, iqtisodiyotdagi yashirin sektorning qisqarishi va bank xizmatlarining yanada raqamlashtirilishi ta’sir ko‘rsatadi.
Shu bilan birga, milliy valyutadagi uzoq muddatli resurslar taklifining cheklanganligi sababli banklar tashqi qarzlarni faol jalb qilishda davom etadilar. Agentlik qulay kon’yunktura tufayli davlat va yirik xususiy banklar tomonidan yevroobligatsiyalar chiqarilishi kengayishini kutmoqda.
Kengroq mintaqaviy kontekstda Fitch MDH+ bank sektori bo‘yicha 2026-yilgacha neytral prognozni saqlab qolmoqda. Barqarorlikka mustahkam operatsion sharoitlar, yuqori ichki talab, eksportga yo‘naltirilgan iqtisodiyotlarda xomashyo tovarlari narxining qulayligi va chakana kreditlashning ikki xonali o‘sishi yordam beradi. Qozog‘iston va O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan tartibga solish choralari kredit bozorining qizib ketishini oldini olishga xizmat qiladi.
Manba: UzDaily.uz