28 Fev, 2025

Oʻzbekistonda iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashish uchun davlat mablagʻlarini “yashillashtirish”

Jahon bankining yangi «O‘zbekiston davlat mablag‘larini iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashda ‘yashillash’» hisobotida davlat mablag‘lari hukumatning atrof-muhitni muhofaza qilish, iqlim o‘zgarishiga moslashuvchanlikni oshirish va tegishli iqtisodiy tarmoqlarga qo‘shimcha xususiy investitsiyalarni jalb qilish maqsadlariga muvofiq loyihalar va tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash uchun qanday ishlatilishi mumkinligi tahlil qilinadi.

O‘zbekiston yashil iqtisodiyotga o‘tish bo‘yicha qadamlar tashlamoqda. Ushbu yo‘nalishda yanada yuksalishga erishish uchun hukumat, davlat moliyaviy institutlari, davlat korxonalari va xususiy sektor o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash talab etiladi.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston hukumati yashil iqtisodiyotga o‘tish jarayonini jadallashtirish bo‘yicha qator majburiyatlarni zimmasiga oldi. Xususan, issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirish, qayta tiklanuvchi energiya ishlab chiqarish hajmini kengaytirish, shuningdek, energiya va suv samaradorligini oshirish bo‘yicha maqsadlar va chora-tadbirlar belgilab berildi. Ushbu tashabbuslar atrof-muhitni yaxshilash va iqlim o‘zgarishining oqibatlariga moslashish harakatlaridan tashqari, mamlakatning bozor tamoyillariga o‘tish jarayonini tezlashtirish va iqtisodiy o‘sishni ekologik va iqlim jihatidan barqaror model asosida qurish bo‘yicha strategik qadamlar hamdir.

Davlat moliyaviy institutlari va davlat korxonalarining ushbu jarayonlardagi ishtiroki yashil iqtisodiyotga o‘tish uchun muhim ahamiyat kasb etadi.

Bugungi kunda davlat moliyaviy institutlari mamlakatdagi barcha kreditlarning taxminan 70 foizini taqdim etib, iqtisodiy faoliyatni qo‘llab-quvvatlamoqda. Shu bilan birga, 2024 yilda davlat investitsiya fondlari, xususan, O‘zbekiston Tiklanish va Taraqqiyot Jamg‘armasi turli sohalardagi loyihalarni amalga oshirish uchun YaIMning taxminan 10 foiziga teng mablag‘ni yo‘naltirgan. Bundan tashqari, davlat korxonalari energetika, sanoat, qishloq xo‘jaligi va transport sohalarida yetakchi mavqega ega. Ushbu institutlar birgalikda yashil iqtisodiyotga investitsiyalar kiritish uchun hali to‘liq foydalanilmagan manba hisoblanadi.

Yashil investitsiyalar sohasidagi yetakchilar

Jahon banki hisobotida ayrim davlat moliyaviy institutlari va davlat korxonalarini yashil investitsiyalar bo‘yicha yetakchilarga aylantirish bo‘yicha choralar ko‘rish tavsiya etiladi. Ushbu institutlar ekologik toza texnologiyalar va biznes modellarni joriy etishda zaruriy yordam ko‘rsatib, xususiy sektor uchun o‘rnak bo‘lishi mumkin. Toza energiya, energiya va suv samarador qishloq xo‘jaligi, iqlim o‘zgarishiga moslashgan infratuzilma, ekologik va energiya tejamkor uy-joy fondiga yo‘naltirilgan investitsiyalar orqali ushbu tashkilotlar O‘zbekistonda yashil iqtisodiyotga o‘tish jarayonini tezlashtiruvchi kuchga aylanishi mumkin.

Jahon banki hisobotida yashil moliyalashtirishni ilgari surish bo‘yicha yetakchilarga aylanish imkoniyatiga ega bo‘lgan bir qator tashkilotlar ta’kidlangan. Ular qatoriga Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi AJ, Biznes rivojlanish banki ATB va O‘zbekiston Ipoteka qayta moliyalash kompaniyasi AJ kiradi.

Xususan, Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi AJ allaqachon xususiy sektorni quyosh energetikasi va boshqa yashil tashabbuslarni rivojlantirish loyihalarida moliyaviy qo‘llab-quvvatlamoqda. 2026 yilga kelib, ushbu tashkilot tomonidan ajratiladigan mablag‘larning 35 foizini ekologik barqaror loyihalarni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirish rejalashtirilgan.

Biznes rivojlanish banki ATB o‘z operatsion faoliyatiga ekologik va iqlim barqarorligi mezonlarini integratsiya qilmoqda. Bank mijozlariga iqlim o‘zgarishining oqibatlariga moslashish uchun moliyaviy resurslar taqdim etish bo‘yicha aniq maqsadli ko‘rsatkichlarni belgilagan.

O‘zbekiston Ipoteka qayta moliyalash kompaniyasi AJ esa yashil obligatsiyalarni chiqarib kelmoqda. Ushbu qarz qimmatli qog‘ozlarining sotilishidan tushgan mablag‘lar energiya samarador qurilish materiallari yordamida binolarni modernizatsiya qilish uchun ishlatiladi.

Shu bilan birga, O‘zkimyosanoat AJ (kimyo sanoati sohasi) va Issiqlik Elektr Stansiyalari AJ (elektroenergetika sohasi) kabi davlat korxonalari atmosferaga issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirish va operatsion faoliyatida ekologik texnologiyalarni joriy etish imkoniyatlarini o‘rganmoqda. Ularning ushbu yo‘nalishdagi sa’y-harakatlari ijobiy ta’sir ko‘rsatib, xususiy sektor korxonalari tomonidan shunga o‘xshash choralarni amalga oshirish uchun namunaga aylanishi mumkin.

O‘zbekiston To‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasi va Davlat qishloq xo‘jaligini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi ham mamlakatning yashil iqtisodiyotga o‘tishini rag‘batlantirishda muhim rol o‘ynashi mumkin. Xususan, To‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasi turli sohalarda ekologik va iqlim barqaror loyihalarni amalga oshirishga qiziqish bildirgan xorijiy investorlarni jalb etishi mumkin. Shu bilan birga, Davlat qishloq xo‘jaligini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi o‘z moliyalashtirish dasturlariga ekologik talablarni kiritish orqali ushbu sektorning iqlim o‘zgarishiga moslashuvchanligini oshirishga hissa qo‘shishi mumkin.

Siyosiy yetakchilik, aniq strategiyalar va belgilangan natijaviy ko‘rsatkichlar mavjud bo‘lgan taqdirda, davlat mablag‘lari mamlakatning yashil iqtisodiyotga o‘tishini tezlashtirish uchun yanada samarali tarzda yo‘naltirilishi mumkin. Bu esa uning kelajakda ekologik va iqlim barqaror rivojlanishiga yo‘l ochib, ustuvor sohalarga xususiy kapitalni jalb qilish imkoniyatlarini oshiradi.

Ushbu hisobot Jahon banki tomonidan boshqariladigan Iqlimni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasining moliyaviy ko‘magi bilan tayyorlangan.

To‘liq hisobotni quyidagi havolalar orqali yuklab olishingiz mumkin:

[O‘zbek tilida] / [Ingliz tilida]

Bizga yozing

Iltimos, ariza shaklini to’ldiring va biz tez orada siz bilan bog’lanamiz.